O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-dekabrdagi 970-sonli “O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Zamonaviy xalqaro standartlar va talablarni hisobga olgan holda pasport tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro o‘tkazib yuborish chegara punktlarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport nazoratidan o‘tishi tartib-qoidasini soddalashtirish, ularning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 2014-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi faqat biometrik pasportlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi (N. Turaxodjayev), O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (A. Axmedbayev), Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov) chet elga chiquvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining biometrik pasportlari o‘z vaqtida hujjatlashtirilishini ta’minlasinlar.
3. Belgilab qo‘yilsinki, 2014-yil 1-iyuldan boshlab havo va temir yo‘l transportida chet elga chiquvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining avia va temir yo‘l chiptalarini rasmiylashtirish va sotish biometrik pasportlar asosida amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi (R. Eminjonov) 2014-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ushbu qaror talablariga muvofiq chet elga chiqishining belgilangan tartibda nazorat qilinishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov) xorijiy davlatlarda doimiy yashovchi va O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalarida yoxud konsullik muassasalarida doimiy konsullik hisobida turuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ushbu qaror qoidalari to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilinishi bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirsin.
6. Milliy teleradiokompaniya (A. Xadjayev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (M. Hazratqulov) ushbu qaror qoidalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 6-fevral,
24-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 6-son, 68-modda)