Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Umumxalq bayrami 9-may — Xotira va Qadrlash kuni oʻtkazilishi, shuningdek 1941—1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 55 yilligi munosabati bilan va urush qatnashchilarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilariga 5000 (besh ming) soʻm miqdorida bir yoʻla beriladigan pul mukofoti belgilansin.
2. Ushbu qarorni roʻyobga chiqarish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati mazkur pul mukofotlarining tantanali va bayramona vaziyatda toʻlanishini taʼminlasinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Madaniyat ishlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi, “Nuroniy”, “Mahalla” “Kamolot” jamgʻarmalari hamda boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Vatanimiz erkinligi va shaʼni himoyachilarini sharaflashga bagʻishlangan maxsus uchrashuvlar, maʼrifiy-badiiy kechalar oʻtkazishni tashkil etish topshirilsin.