Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2004-yil hosili paxta xomashyosi yigʻim-terimini oʻz vaqtida va uyushqoqlik bilan oʻtkazish, tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishini taʼminlash, yetishtirilgan paxta xomashyosi yigʻim-terimini qisqa muddatlarda oʻtkazganlik uchun qishloq xoʻjaligi korxonalarini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta narxini shakllantirish mexanizmi toʻgʻrisida” 2002-yil 20-avgustdagi PF-3114-son
Farmonini bajarish yuzasidan paxta tolasi uchun jahon bozorida vujudga kelgan narxlar konyunkturasini hisobga olgan holda bir hafta muddatda 2004-yil hosili paxta xomashyosi uchun xarid narxlarini belgilasinlar hamda xarid narxlari preyskurantini va hisob-kitob qilish tartibini paxtachilik xoʻjaliklariga yetkazsinlar.
2. Paxta yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalarining paxta xomashyosi yetishtirishni koʻpaytirishdan manfaatdorligini ragʻbatlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Paxta xomashyosi yetishtirishda bozor prinsiplarini amalga oshirish va uni yetishtirishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 19-fevraldagi 93-son
qarori bilan prognozda belgilangan hajmlardan ortiqcha yetishtirilgan paxta xomashyosi uchun joriy hisob-kitoblar shartnomaviy narxlar boʻyicha, yagona xarid narxlaridan 20 foiz ortiq boʻlgan narxlarda amalga oshiriladigan tartib tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2004-yil hosilining ham qoʻlda, ham mashinada terilgan paxta xomashyosi uchun toʻlov miqdori oʻtgan yilgi hosil terimi uchun toʻlov darajasidan kamida 15 foiz yuqori boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi paxta xomashyosi terimi uchun tariflarni belgilashda mashina terimini koʻpaytirishni ragʻbatlantirishni nazarda tutsinlar.
Paxta yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalari texnologiya kartalariga muvofiq paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini hisobga olgan holda, shuningdek paxta hosildorligiga hamda moliyaviy imkoniyatlarga qarab terimchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan eng kam narxlardan kelib chiqib, tabaqalashtirilgan holda haq toʻlanishini taʼminlasinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzpaxtasanoat” va “Oʻzagromashservis” uyushmalari, “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi bilan birgalikda 2004-yil paxta hosili yigʻim-terimining oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishiga qaratilgan kompleks tashkiliy-iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasinlar. Shu yilning 15-avgustiga qadar buning uchun zarur boʻlgan barcha moddiy-texnik baza tayyorlanishini tugallasinlar.
5. “Oʻzkimyosanoat” kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda gʻoʻzani defolatsiya qilishni oʻz vaqtida oʻtkazish uchun defoliantlar bilan taʼminlashda, texnik vositalarni tayyorlashda va zarur miqdordagi samolyotlar ajratishda paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarga amaliy yordam koʻrsatsinlar.
6. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi yonilgʻi-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsinlar va ularning qishloq xoʻjaligi korxonalari, mashina-traktor parklari hamda paxta terimida, paxta xomashyosini transportda tashish va unga ishlov berishda band boʻlgan boshqa tashkilotlarga koʻrsatib oʻtilgan ishlarni bajarish uchun zarur hajmlarda uzluksiz yetkazib berilishini belgilangan tartibda tashkil etsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.