Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Toshkent shahar Sobir Rahimov tumanida amalga oshirilayotgan obodonchilik ishlari dasturi doirasida Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyini boshqa joyga koʻchirish munosabati bilan muzeyning kelgusida faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Fanlar akademiyasining Toshkent shahri, A. Niyozov koʻchasi, 1-uyda joylashgan Fiziologiya va biofizika instituti binosini Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi balansiga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Toshkent shahri, A. Niyozov koʻchasi, 1-uyda joylashgan Fiziologiya va biofizika instituti binosini Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi balansiga bepul oʻtkazib bersin.
3. Mazkur binoni balansdan balansga oʻtkazish jarayonida ushbu binoning qiymati daromad (foyda) soligʻini va qoʻshimcha qiymat soligʻini hisoblab chiqishda soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
4. Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyini Fanlar akademiyasining Fiziologiya va biofizika instituti binosiga koʻchirish va ajratilgan binoni taʼmirlash ishlari amalda bajarilgan haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan qoplansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fiziologiya va biofizika institutini boshqa binoga koʻchirish va tegishli taʼmirlash ishlarini bajarish uchun mablagʻlar ajratishni 2004-yil uchun tasdiqlangan budjet mablagʻlari doirasida hal etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 7-sentabrdagi 420-son qarori 1-ilovasidagi roʻyxatning
5-bandi (Fiziologiya va biofizika instituti) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. Qosimov zimmasiga yuklansin.