Angren shahridagi davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektrlashtirilgan Angren — Pop temir yoʻl liniyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 18-iyundagi PQ–1985-son qaroriga muvofiq hamda davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.15.00.00 Mahalliy davlat hokimiyati organlari / 01.15.03.00 Mahalliy ijroiya organlari (Hokimliklar) (shuningdek, 02.04.00.00ga qarang);
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.03.00 Temir yoʻl transporti / 09.15.03.01 Umumiy qoidalar]
1. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat aksiyadorlik temir yoʻl kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda “Kompaniya” deb ataladi) hamda Toshkent viloyati hokimligining Angren shahar hokimligi balansidagi davlat mulki boʻlgan Angren shahrida joylashgan foydalanilmayotgan 6-son bolalar maktabgacha taʼlim muassasasining bino va inshootlari elektrlashtirilgan Angren — Pop temir yoʻl liniyasi qurilishida ishtirok etadigan mutaxassis va ishchilarni joylashtirish uchun Kompaniyaga bepul foydalanish huquqi bilan berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.15.00.00 Mahalliy davlat hokimiyati organlari / 01.15.03.00 Mahalliy ijroiya organlari (Hokimliklar) (shuningdek, 02.04.00.00ga qarang)]
2. Toshkent viloyati hokimligi ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan bino va inshootlarning belgilangan tartibda topshirilishini, Kompaniya ularning qabul qilib olinishini hamda ulardan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlasin.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.01.00 Umumiy masalalar]
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obyektlaridan kelgusida samarali foydalanish va ularni tasarruf etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31-maydagi 154-son qarori 2-ilovasining 362-pozitsiyasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 7-oktabr,
273-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 41-son, 548-modda)