1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00 Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar;
2.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.03.00.00 Kommunal xoʻjalik / 08.03.01.00 Umumiy masalalar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
KOMMUNAL XIZMATNI BOShQARISh TIZIMINI YaNADA ISLOH QILISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Kommunal xizmat tizimida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, aholini ichimlik suv, tabiiy gaz va kommunal xizmatlar bilan barqaror taʼminlash, aholiga kommunal xizmat koʻrsatish masalalarida mahalliy davlat boshqaruvi hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ahamiyati va masʼuliyatini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligini qayta tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 2-noyabrdagi 429-son qarori bilan tuzilgan Maxsus komissiyaning quyidagi takliflari maʼqullansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligini tugatish va uning negizida Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” Agentligini tashkil qilish;
hududiy kommunal-foydalanish birlashmasini bevosita Toshkent shahar hokimligi qaramogʻiga topshirish;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-apreldagi PF-3601-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 17-18-son, 126-modda)
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-apreldagi PF-3601-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2005-y., 17-18-son, 126-modda)
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 17-oktabrdagi PF-3811-sonli Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2006-y., 43-44-son, 424-modda)
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahar hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi zimmasiga quyidagi kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxona va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalari yuklansin:
aholiga kompleks uy-joy kommunal xizmatlar koʻrsatish, uni ichimlik suvi, markaziy isitish, kanalizatsiya bilan taʼminlash;
uy-joy kommunal xoʻjaligi obyektlarini mavsumiy foydalanishga tayyorlash borasidagi ishlarni oʻtkazish;
koʻp xonadonli uylarni kapital taʼmirlash boʻyicha ishlarni belgilangan tartibda tashkil etish;
uy-joy egalari shirkatlari hamda yagona buyurtmachi xizmatlarini, uy-joy fondiga xizmat qilish va kommunal xizmatlar koʻrsatish boʻyicha muqobil pudrat tashkilotlarini tuzish uchun zarur tashkiliy-iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish;
shaharlar va aholi punktlarini obodonlashtirish hamda sanitariya jihatidan tozalash borasidagi ishlarni tashkil etish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-apreldagi PF-3601-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 17-18-son, 126-modda)
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining aholiga kommunal xizmatni tashkil qilish sohasidagi asosiy vazifalari quyidagilardan iborat etib belgilansin:
kommunal xizmatlar bozorida raqobatchilik muhitini shakllantirish, uy-joy fondi va boshqa kommunal obyektlarni boshqarish hamda ularga xizmat koʻrsatish vazifalarini ajratish maqsadida mintaqadagi kommunal xizmat tizimida islohotlarni amalga oshirish;
aholini toza ichimlik suvi va gaz bilan taʼminlash uchun suv quvurlari va gaz tarmoqlarini rivojlantirish borasidagi maqsadli davlat dasturlarini oʻz qaramogʻidagi hududda roʻyobga chiqarish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda oʻz qaramogʻidagi hududda kommunal xizmatlarga boʻlgan tarif siyosatini shakllantirish;
suv, gaz, issiqlik hamda boshqa energiya manbalarni sarfini yakka tartibda hisobga olish va tartibga solish asbob-uskunalarini joriy etish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
oʻz qaramogʻidagi hududda texnikaviy inventarizatsiya byurosining faoliyatini tashkil qilish.
5. “Oʻzbekiston Respublikasida kommunal xizmat koʻrsatishni boshqarishni takomillashtirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 15-iyuldagi PF-617-son Farmonining 1-3-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda ushbu Farmonni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 19-dekabr,
PF-2791-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2000-y., 12-son, 181-modda; 2005-y., 17-18-son, 126-modda; 2006-y., 43-44-son, 424-modda; 2017-y., 16-son, 267-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)