1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.28.00.00 Investitsiyalar va xorijdan mablagʻ jalb qilish (shuningdek, 07.05.04.00, 09.12.03.00, 10.01.05.00larga qarang) / 07.28.04.00 Chet el investitsiyalari (shuningdek qaralsin 10.01.05.00);
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.28.00.00 Investitsiyalar va xorijdan mablagʻ jalb qilish (shuningdek, 07.05.04.00, 09.12.03.00, 10.01.05.00larga qarang) / 07.28.06.00 Investitsiya dasturlari va loyihalar / 07.28.06.01 Investitsiya dasturlari]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Chet el investitsiyalari. Konsessiya shartnomalari. Xorijdan mablagʻ jalb qilish. Erkin iqtisodiy zonalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XORIJIY INVESTITSIYaLAR IShTIROKIDAGI LOYIHALARNI AMALGA OShIRISh MEXANIZMINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli “Tender, loyiha, loyiha oldi hujjatlar va kontraktlarni ekspertizadan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xorijiy sarmoya ishtirokidagi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishga rasmiyatchilik bilan yondashishni va sansalorlikni bartaraf etish, ularni tanlab olish va amalga oshirish mexanizmini tartibga solish, shuningdek, kelishib olish va tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar berish tartiblarini soddalashtirish maqsadida:
1. Belgilansinki, xorijiy investitsiyalar jalb qilingan holda amalga oshirilayotgan loyihalarni roʻyobga chiqarish davlat investitsiya siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi va uning monitoringi davlat tomonidan olib boriladi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti davlat investitsiya siyosati amalga oshirilishini tashkil etuvchi yagona vakolatli va masʼul organ hisoblanadi, uning qarorlari investitsiya jarayonining barcha qatnashchilari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 15-yanvardagi PF-3194-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 1-2-son, 3-modda)
3. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamentiga xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar amalga oshirilishi ustidan davlat monitoringini tashkil etish yuklansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 15-yanvardagi PF-3194-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 1-2-son, 3-modda)
4. Quyidagilar Investitsiya loyihalari amalga oshirilishi ustidan davlat monitoringining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
investitsiya loyihalarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida ularga toʻsqinlik qiluvchi omillarni aniqlash va oʻrganish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tezkor chora-tadbirlar koʻrish;
investitsiya faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash;
mavjud rasmiyatchilik toʻsiqlarini, shu jumladan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq turli masalalarni koʻrib chiqish muddatlarini tartibga solish yoʻli bilan bartaraf etish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolati ostida kreditlarni jalb qilgan holda xorijiy sarmoya ishtirokidagi investitsiya loyihalarini hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab ikki hafta muddatda:
qoʻllaniladigan texnologiyaning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi, texnik darajasi va narxiga koʻra raqobatbardoshliligini umumiy baholash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligida hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 20-sentabrdagi PF-3661-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 37-38-son, 282-modda)
iqtisodiy samaradorligi va oʻzini oʻzi qoplashini, mablagʻ bilan taʼminlash sxemasini baholash boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida va vakolatli banklarda bir yoʻla ekspertizadan oʻtkazish tartibi belgilab qoʻyilsin.
6. Alohida yirik va strategik jihatdan muhim obyektlar boʻyicha xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar bevosita Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamentida ekspertizaning vakolatli organlari hamda yuqorida koʻrsatilgan vazirliklar va idoralar jalb qilingan holda koʻrib chiqiladi va kelishib olinadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 15-yanvardagi PF-3194-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 1-2-son, 3-modda)
7. Belgilansinki, xorijiy sarmoya ishtirokidagi investitsiya loyihalarini koʻrib chiqish va tasdiqlashning belgilangan tartibi va muddatlari buzilishi uchun vazirliklar, idoralar va respublikaning tegishli tuzilmalari rahbarlari shaxsan javob beradilar.
8. Korxonalarning oʻz mablagʻlarini toʻgʻridan toʻgʻrixorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari yuqorida koʻrsatilgan ekspertizadan oʻtkazilmaydi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni ekspertizadan oʻtkazish va kelishib olish boʻyicha idoraviy normativ hujjatlarni tekshirib chiqsin va ular mazkur Farmon talablariga muvofiqlashtirilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
10. Mazkur Farmonning soʻzsiz bajarilishi ustidan javobgarlik Bosh vazir Oʻ. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 9-fevral,
PF-1924-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 40-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 3-modda; 2005-y., 37-38-son, 282-modda)