toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 12.08.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va toʻlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-avgustdagi PF-6277-sonli “Kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatish hamda kambagʻallik bilan kurashish koʻlamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2021-yil 1-sentabrda oʻz kuchini yoʻqotadi.
Voyaga yetmagan bolalari boʻlgan oilalarga va kam taʼminlangan oilalarga aniq tarzda ijtimoiy yordam berishni kuchaytirish, respublika aholisining real daromadlari va farovonligi barqaror oʻsishi sharoitlarida aholini ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining roli va masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:
ijtimoiy nafaqalarni toʻlashning aniq tarzdaligini oshirgan holda onalarga bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa toʻlashning va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordamning amaldagi miqdorlari va muddatlarini saqlab qolishni;
voyaga yetmagan bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa tayinlashda hisobga olinadigan bolalarning eng katta yoshini 14 yoshgacha pasaytirishni nazarda tutuvchi ijtimoiy nafaqalar va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-sentabrdagi 731-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.09.2018-y., 09/18/731/1876-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ijtimoiy nafaqalar va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordamni tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi tegishli qarori loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda quyidagilarni nazarda tutsin:
2013-yil 1-yanvardan boshlab nafaqalar va moddiy yordamning barcha turlari uchun oila muhtojligini aniqlashning yagona mezonini joriy etish hamda ijtimoiy nafaqalar va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordamni tayinlashda jami daromadni hisoblab chiqish tartibini soddalashtirish;
ijtimoiy nafaqalar va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash tartibini birxillashtirish;
ijtimoiy nafaqalar va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish uchun fuqarolar yigʻinlari tomonidan vakolat berilgan komissiyalarning (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) hamda ajratiladigan budjet mablagʻlaridan aniq tarzda va maqsadli foydalanishni taʼminlash boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga birkitilgan bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarining tuman (shahar) organlari xodimlarining masʼuliyatini kuchaytirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bandlikni taʼminlash va ish oʻrinlari tashkil etishning hududiy dasturlarini amalga oshirish doirasida, eng avvalo, qishloq joylarning yosh oilalaridagi shaxslarni ishga joylashtirishga alohida eʼtibor qaratsin;
Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2013-yilning birinchi choragi mobaynida joylarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ushbu qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan oilalarni aniqlash masalalari boʻyicha oʻqitish kurslari oʻtkazilishini tashkil etsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari hamda Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan elektron ommaviy axborot vositalari orqali aholi oʻrtasida kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar hamda moddiy yordamni tayinlash va toʻlash tartibini takomillashtirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning mohiyati va mazmuni toʻgʻrisida keng tushuntirish ishlari muntazam asosda oʻtkazilishini taʼminlashga doir chora-tadbirlar kompleksini ikki hafta muddatda tasdiqlasinlar;
tumanlar (shaharlar) hokimliklarining Komissiyalar faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha ular tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha mavjud muammolar va takliflar toʻgʻrisidagi axborotini muntazam ravishda eshitib borsinlar.
6. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti uy xoʻjaliklarini tanlab oʻrganishlarni muntazam ravishda amalga oshirsinlar va har yili 1-oktabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
respublikaning har bir mintaqasi boʻyicha uy xoʻjaliklari daromadlarining tarkibiga, kam taʼminlangan oilalar sonining oʻzgarishi dinamikasiga va ularning ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olinishiga doir tahliliy hisobotlarni;
ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam toʻlashga budjet mablagʻlarini mintaqalar boʻyicha qayta taqsimlashga doir takliflarni kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga ajratiladigan budjet mablagʻlarining maqsadli va aniq tarzda sarflanishini fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi Komissiyalar faoliyatini har chorakda tekshirishlar oʻtkazish yoʻli bilan nazorat qilishni kuchaytirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bir oy muddatda:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 12-dekabr,
350-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 50-son, 562-modda; 2013-y., 52-son, 690-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.09.2018-y., 09/18/731/1876-son)