1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00 Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
OʻzbekIston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT NAZORATI KOMITETINI TAʼSIS ETISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 6-maydagi 1086-XII-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat nazorati komiteti taʼsis etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat nazorati komiteti respublika boshqaruv — ijroiya hokimiyatining oliy nazorat idorasi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti rahbarligida ish olib boradi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga hisob beradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat nazorati komitetining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan besh yil muddatga tayinlanadi va Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Ayni bir shaxsning oʻzi ushbu lavozimga qatorasiga ikki muddatdan koʻpga tayinlanishi mumkin emas.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat nazorati idoralari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qabul qilgan qonunlar va qarorlarning, Prezidentning farmonlari va farmoyishlarining, xoʻjalik qonunlarining, ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarning bajarilishi, davlat va ijroiya intizomiga rioya etilishi yuzasidan mansabdor shaxslarning masʼuliyatini tekshiradilar.
Davlat nazorati idoralarining faoliyatini tashkil etish va bu faoliyatni amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlaydigan Nizomda belgilab beriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq nazorati komiteti tugatilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1991-yil 18-noyabrda qabul qilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Nazorat palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-yanvar,
504-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 3-son, 151-modda)