1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.07.00.00 Referendum. Saylov. Saylov tizimi / 01.07.03.00 Saylovlar. Saylov tizimi;
2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.16.00.00 Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (shuningdek, 02.05.00.00ga qarang);
3.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.05.00.00 Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (shuningdek, 01.16.00.00ga qarang) / 02.05.01.00 Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (yig‘in)]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari]
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
FUQAROLAR YIG‘INI RAISI (OQSOQOLI) VA UNING MASLAHATChILARI SAYLOVI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 2013-yil 22-apreldagi O‘RQ-351-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
I. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi shaharcha, qishloq va ovul hamda shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi va ovuldagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli), shuningdek uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga doir munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga doir munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
3-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovining asosiy prinsiplari
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi demokratizm, oshkoralik va teng saylov huquqi asosida o‘tkaziladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylashda tegishli hududda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi), jinsi, irqiy hamda milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy hamda ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadirlar.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylashda fuqarolar yig‘inining har bir ishtirokchisi bir ovozga ega.
4-modda. Fuqarolarning fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida ishtirok etish huquqi
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida fuqarolarning ishtirok etishi ixtiyoriy hamda erkindir. Fuqarolarga ularni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida, shuningdek ularning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylash huquqiga saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolar egadirlar.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarning fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida ishtirok etishi mumkin emas.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biron bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.
5-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishda oshkoralik
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish ochiq va oshkora amalga oshiriladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi tashkil etilayotganda hamda o‘tkazilayotganda fuqarolar yig‘ini o‘tkaziladigan kun, vaqt va joy to‘g‘risida fuqarolar xabardor etiladi, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari vazifasiga ko‘rsatilgan nomzodlardan, ovoz berish yakunlaridan voqif qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik jarayonini hamda saylov qanday o‘tayotganligini yoritib boradi.
6-modda. Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) va uning maslahatchilarini saylash
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari fuqarolar yig‘ini tomonidan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa fuqarolar vakillari yig‘ilishi tomonidan ikki yarim yil muddatga saylanadi.
7-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlari fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlariga ko‘maklashishlari, zarur hollarda ularni binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlashlari shart.
II. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish
8-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini o‘tkazish muddatlari
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini o‘tkazish muddatlari qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
9-modda. Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalarni tuzish
Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar hamda shaharlar hududida tegishincha fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar komissiyalari (bundan buyon matnda komissiyalar deb yuritiladi) tuziladi.
Komissiyalar tegishli davlat hokimiyati vakillik organining qarori bilan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish davri uchun tuziladi.
Komissiyalar tarkibiga, qoida tariqasida, fuqarolar yig‘inlarining, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari kiritiladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari vazifasiga nomzodlar komissiyaga a’zo shaxslar orasidan ko‘rsatilgan bo‘lsa, ular komissiya tarkibidan chiqariladi.
10-modda. Komissiyalarning vakolatlari
Komissiyalar:
ushbu Qonun ijro etilishini ta’minlaydi hamda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish masalalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi;
fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha tegishli ishchi guruhlarining faoliyatini yo‘naltirib boradi;
fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini o‘tkazish masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil qiladi;
fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlaridan keyinchalik tegishli tumanlar, shaharlar hokimlari bilan kelishish uchun raislar (oqsoqollar) vazifasiga ko‘rsatilgan nomzodlarga doir hujjatlarni qabul qilib oladi;
fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga doir hujjatlarning namunalarini tasdiqlaydi;
fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlarining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga doir axborotlarini tinglaydi;
tegishli hududda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlarini chiqaradi;
fuqarolarning fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish masalalariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi;
fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlarning arxivga topshirilishini ta’minlaydi.
Komissiyalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhini tuzish
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘ini yoki uning kengashi qarori bilan saylov davri uchun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhi (bundan buyon matnda ishchi guruhi deb yuritiladi) tuziladi.
Ishchi guruhi tarkibiga, qoida tariqasida, fuqarolar yig‘inining, tegishli hududda joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning vakillari kiritiladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari ishchi guruhi tarkibiga kiritilishi mumkin emas.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari vazifasiga nomzodlar ishchi guruhiga a’zo shaxslar orasidan ko‘rsatilgan bo‘lsa, ular ishchi guruhi tarkibidan chiqariladi.
12-modda. Ishchi guruhining vakolatlari
Ishchi guruhi:
fuqarolar yig‘ini o‘tkaziladigan kun, vaqt va joyni belgilaydi hamda yig‘in o‘tkazilishidan kamida besh kun oldin bu haqda tegishli hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qiladi;
fuqarolar yig‘ini ishtirokchilarini ro‘yxatga oladi;
tegishli hududda yashovchi aholining fikrini hisobga olgan holda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini o‘tkazish masalalari yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi;
fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarining takroriy saylovi o‘tkazilishini tashkil etadi;
fuqarolarning fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish masalalariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi.
Ishchi guruhi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘inini (vakillar yig‘ilishini) chaqirish
Fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chaqiriladi va o‘tkaziladi.
Fuqarolar vakillarining yig‘ilishiga hovlilar, uylar, ko‘chalar, mahallalar, mavzelar va dahalardan ularda yashovchilarning umumiy yig‘ilishi qarori bilan saylanadigan namoyandalar vakil qilinadilar. Vakillik normasini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish ishlari bo‘yicha tegishli tuman yoki shahar muvofiqlashtirish kengashi belgilaydi.
III. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari vazifasiga nomzodlar ko‘rsatish
14-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar ko‘rsatish
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar ko‘rsatish tegishli hududda yashovchi aholining fikrini hisobga olgan holda ishchi guruhi tomonidan amalga oshiriladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga ko‘rsatilgan nomzodlarga doir hujjatlar tuman yoki shahar hokimi bilan kelishish uchun tegishli tuman yoki shahar komissiyasiga saylovdan kamida o‘n kun oldin topshiriladi.
15-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar, qoida tariqasida, oliy ma’lumotli bo‘lishi va saylov kuni tegishli hududda doimiy yashab turgan bo‘lishi, shuningdek tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar, shuningdek sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga saylanish uchun nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas.
16-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) maslahatchilarining miqdoriy tarkibini belgilash
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) maslahatchilarining miqdoriy tarkibi hovlilar, uylar, ko‘chalar, mahallalar, mavzelar va dahalardan vakillikni hisobga olgan holda fuqarolar yig‘ini tomonidan belgilanadi.
17-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) maslahatchilari vazifasiga nomzodlar taqdim etish
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) maslahatchilari vazifasiga nomzodlar fuqarolar yig‘ini ko‘rib chiqishi uchun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tomonidan taqdim etiladi.
IV. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida ovoz berish hamda natijalarni aniqlash
18-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylashda ovoz berish shakllari
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylash ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
Ovoz berish shakli to‘g‘risidagi qaror fuqarolar yig‘ini tomonidan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
19-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi bo‘yicha sanoq komissiyasi
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi bo‘yicha ovoz berish natijalarini aniqlash uchun fuqarolar yig‘ini tomonidan kamida uch kishidan iborat tarkibda sanoq komissiyasi saylanadi.
20-modda. Ochiq ovoz berishni o‘tkazish tartibi
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari saylovi ochiq ovoz berish orqali o‘tkazilayotganida ovoz berish har bir nomzod bo‘yicha takliflarning kelib tushish tartibiga qarab, qo‘l ko‘tarish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
21-modda. Yashirin ovoz berishni o‘tkazish tartibi
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari saylovi yashirin ovoz berish orqali o‘tkazilayotganida fuqarolar yig‘ini ishtirokchilariga sanoq komissiyasi tomonidan ovoz berish byulletenlari beriladi.
Yashirin ovoz berish byulleteniga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari vazifasiga nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi alifbo tartibida kiritiladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilarini saylashda yashirin ovoz berish byulletenlarini berish bevosita ovoz berishdan oldin boshlanadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilarini saylash byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoxud xonasida to‘ldiriladi. Ovoz beruvchi o‘zi qarshi ovoz berayotgan nomzodlarning byulletendagi familiyasini o‘chiradi.
Ovoz beruvchi to‘ldirilgan ovoz berish byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.
Saylov qutilari ovoz berish tugaganidan keyin sanoq komissiyasi tomonidan ochiladi.
22-modda. Ovozlarni sanab chiqish
Ovozlar sanoq komissiyasi tomonidan, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari vazifasiga har bir nomzod bo‘yicha sanab chiqiladi.
23-modda. Sanoq komissiyasining bayonnomasi
Ovozlarni sanash natijalari bo‘yicha sanoq komissiyasi tomonidan bayonnoma tuziladi.
fuqarolar yig‘ini ishtirokchilarining umumiy soni;
ovoz berishda qatnashgan fuqarolar yig‘ini ishtirokchilarining soni;
yashirin ovoz berish o‘tkazilganida byulleten olgan fuqarolar yig‘ini ishtirokchilarining soni;
fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari vazifasiga har bir nomzodni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar soni;
yashirin ovoz berish o‘tkazilganida haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar soni.
Bayonnoma sanoq komissiyasining raisi va a’zolari tomonidan imzolanadi.
Bayonnoma sanoq komissiyasining raisi tomonidan o‘qib eshittiriladi va fuqarolar yig‘ini tomonidan tasdiqlanadi.
24-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi yakunlarini chiqarish
Fuqarolar yig‘inida hozir bo‘lgan fuqarolarning yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vazifasiga saylangan hisoblanadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi yakunlari bo‘yicha fuqarolar yig‘ini qaror qabul qiladi hamda mazkur qaror fuqarolar yig‘inida raislik qiluvchi tomonidan o‘qib eshittiriladi.
Fuqarolar yig‘ini bayonnomasi ikki nusxada tuzilib, bitta nusxasi saylov yakunlarini umumlashtirish uchun tegishli tuman yoki shahar komissiyasiga taqdim etiladi.
Tuman va shahar komissiyalari fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlariga doir umumlashtirilgan ma’lumotlarni tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat yoki Toshkent shahar komissiyasiga topshiradi.
25-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topish
Agar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida fuqarolar yig‘inida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kami ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida o‘tkazilgan taqdirda, agar yig‘ilishda fuqarolar vakillarining uchdan ikki qismidan kami ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari saylovi chog‘ida yo‘l qo‘yilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarlik tufayli saylov sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
26-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchisi saylovida takroriy ovoz berish
Agar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vazifasiga ikki nafardan ortiq nomzod ko‘rsatilgan va ulardan birontasi ham saylanmagan bo‘lsa, fuqarolar yig‘ini eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod bo‘yicha takroriy ovoz berishni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Takroriy ovoz berish ushbu Qonunning talablariga rioya etilgan holda o‘tkaziladi.
Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan nomzod, basharti uni yoqlab berilgan ovozlar soni unga qarshi berilgan ovozlar sonidan ko‘p bo‘lsa, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vazifasiga saylangan hisoblanadi.
27-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchisi takroriy saylovi
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchisi takroriy saylovi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
avvalgi saylov o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;
takroriy ovoz berish fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi saylanganligini aniqlash imkonini bermasa;
fuqarolar yig‘inida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vazifasiga ko‘pi bilan ikki nafar nomzod ko‘rsatilgan hamda ulardan birontasi ham saylanmagan bo‘lsa.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchisi takroriy saylovi ushbu Qonunning talablariga rioya etilgan holda ko‘pi bilan bir oylik muddat ichida o‘tkaziladi.
28-modda. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchisi saylovi
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan bo‘lsa, tegishli fuqarolar yig‘inlarida ushbu Qonunning talablariga rioya etilgan holda yangi saylov o‘tkaziladi.
V. Yakuniy qoidalar
29-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi natijalari asosida fuqarolar yig‘ini organlarini shakllantirish
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi natijalari asosida fuqarolar yig‘ini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolar yig‘ini kengashini shakllantiradi, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarni va fuqarolar yig‘ini taftish komissiyasini, shuningdek ma’muriy komissiyani saylaydi.
30-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi natijalari ustidan shikoyat qilish
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi natijalari yuzasidan fuqarolar yig‘ini qabul qilgan qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
31-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 29-aprel,
609-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 25-son, 285-modda)