1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.05.00 Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish (shuningdek, 08.01.06.00ga qarang) / 03.08.05.01 Umumiy qoidalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.02.00.00 Raqobat toʻgʻrisida qonunchilik. Tabiiy monopoliyalar / 09.02.03.00 Monopoliya faoliyati yuzasidan davlat nazorati. Monopoliyaga qarshi davlat organi]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish;
2.Iqtisodiyot / Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5016-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mustaqillik yillarida davlat mulkini xususiylashtirish, uni asosan xususiy mulkka sotish boʻyicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilishi natijasida 31 mingdan ziyod davlat korxonalari va obyektlari mulkchilik shaklini oʻzgartirdi.
Hozirgi vaqtda ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulotning 82,5 foizdan koʻprogʻi, sanoat mahsulotining va pudrat ishlari hajmlarining 90 foizdan ortigʻi, qishloq xoʻjaligi va savdo sohasining deyarli barcha mahsuloti iqtisodiyotning nodavlat sektori ulushiga toʻgʻri kelmoqda.
Xususiylashtirish jarayonlarining chuqurlashuvi, iqtisodiyotda davlat ishtirokining kamaytirilishi hamda xususiy mulkchilikning roli va ahamiyati oshirilishi istiqboldagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning gʻoyat muhim ustuvor yoʻnalishi boʻlib qolmoqda.
Shu bilan birga, tabiiy monopoliyalarning ustunligi hamda monopoliyaga qarshi samarali tartibotlarni amalga oshirish, haqiqiy raqobat muhitini shakllantirish, korxonalarning va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotning, umuman mamlakat iqtisodiyotining raqobatdoshligini oshirishni ragʻbatlantirish borasidagi tashkiliy va amaliy chora-tadbirlarni shakllantirish bilan bogʻliq koʻpgina masalalar hamon hal etilmay qolmoqda.
Shu jihatdan olganda Oʻzbekiston Respublikasining yaqinda qabul qilingan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan meʼyor va talablarni amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrilishi katta ahamiyat kasb etadi. Bunda tovar va moliya bozorlarida raqobatni cheklashga hamda ustunlik mavqeyini suiisteʼmol qilishga olib keladigan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslikka, shuningdek nohalol raqobatni, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning narxlarini sunʼiy ravishda oshirish yoki tushirib yuborishni taqiqlashga alohida eʼtibor qaratilishi lozim.
Bu ishlarni faollashtirish uchun qilinayotgan saʼy-harakatlarni jamlash, xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish boʻyicha ishlarning bajarilishini taʼminlaydigan davlat institutlarini yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bozor iqtisodiyotining asosi boʻlmish davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va xususiy mulkchilik koʻlamini kengaytirish, monopoliyaga qarshi samarali tartibotlarni amalga oshirish hamda real raqobatchilik muhitini shakllantirish, fond bozori, xususan, ikkilamchi fond bozorini jadal rivojlantirish, korporativ boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida:
1. Tugatilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashkil qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav jamgʻarmalaridagi davlatga tegishli aktivlarni hamda aksiyalar paketlari (ulushlari)ni xususiy mulkka sotish, davlat mulkining xususiy mulk egalariga sotilishida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlovchi davlat tasarrufidan chiqarishning yangi shakl va usullarini joriy etish, investorlar tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlari bajarilishi ustidan monitoring olib borish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
eng avvalo, aksiyadorlik jamiyatlarining kapitallashuvi va rentabelligi oʻsishini ragʻbatlantirish hisobiga fond bozori, ayniqsa ikkilamchi fond bozorini rivojlantirish, tadbirkorlar va aholining xabardorligini kengaytirish, ularning birja operatsiyalarida faol qatnashuvini taʼminlash, bozor infratuzilmasini yanada takomillashtirish, savdolarni elektron shaklda oʻtkazishga toʻliq oʻtish chora-tadbirlarini tizimli asosda amalga oshirish;
aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda aksiyadorlarning va kuzatuvchi kengashlarning rolini tubdan oshirishga, minoritar aksiyadorlarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlashga, korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyati natijalari uchun ijro etuvchi organlarning aksiyadorlar oldidagi masʼuliyatini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan korporativ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish;
monopoliyaga qarshi samarali tartibotlar oʻrnatish hamda tovar va moliya bozorlarida raqobat cheklanishiga yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlarini amalga oshirish, monopolistik faoliyatni cheklash va tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilib borish;
raqobat muhitini rivojlantirish uchun qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish va zarur shart-sharoitlarni shakllantirish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorlarida, birinchi navbatda ichki isteʼmol bozorida va reklama sohasida nohalol raqobatchilikka chek qoʻyish chora-tadbirlarini amalga oshirish, jamoat tuzilmalari bilan yaqindan muvofiqlashtirilgan holda isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlari va huquqlari himoya qilinishini taʼminlash;
past rentabelli va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holatini chuqur tahlil qilish, ularni birinchi navbatda yangi investorlarni jalb etish, modernizatsiyalash va texnologik qayta jihozlash, mahsulot tannarxini arzonlashtirish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, yangi raqobatbardosh mahsulotni oʻzlashtirish hisobiga moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy qayta qurish va bankrot qilish borasidagi funksiyalarni bajarish, sudgacha va sud sanatsiyasini oʻtkazish, bankrot korxonalarning tashqi boshqaruvi boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3. Belgilansinki,
Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi organlar, xoʻjalik subyektlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar ijrosi uchun majburiy hisoblanadi.
4. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy organlari etib belgilanadi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasida — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi negizida tashkil etilayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi;
viloyatlarda va Toshkent shahrida – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining hududiy boshqarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari negizida tashkil etilayotgan Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasining raisini, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlarini lavozimga tayinlash Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Hayʼatining qarori bilan, tegishli ravishda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning hududiy organlari qoʻmitaga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan daʼvolar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod etilsin.
6. Ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 13-noyabr,
PF-4483-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 46-47-son, 521-modda)