1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.01.00 Umumiy masalalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.08.00 Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining faoliyati kafolatlari]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 25-maydagi 70-II-sonli “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari
Ushbu Qonunning maqsadi tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish, shuningdek tadbirkorlarga kafolatlar berishdan iborat.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va manfaatdorligi uchun shart-sharoit yaratish, ularning ishchanlik faolligini oshirishdan, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.
2-modda. Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Tadbirkorlarning tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasiga a’zoligi bilan bog‘liq munosabatlarning o‘ziga xos jihatlari “Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan ham tartibga solinadi.
Asosiy vazifasi tadbirkorlik faoliyati bo‘lmagan davlat muassasalari, tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, diniy tashkilotlar va boshqa tashkilotlarga nisbatan ushbu Qonun ular faoliyatining o‘z xususiyatiga ko‘ra tadbirkorlik hisoblanadigan qismiga nisbatan qo‘llaniladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari bilan bog‘liq munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Tadbirkorlik tushunchasi
Tadbirkorlik (tadbirkorlik faoliyati) — qonun hujjatlariga muvofiq daromad (foyda) olishga qaratilgan, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan mahsulot ishlab chiqarish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) yo‘li bilan tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida amalga oshiriladigan tashabbuskor faoliyat.
Tadbirkor — yuridik shaxs tashkil etgan holda ham, tashkil etmasdan ham tadbirkorlik faoliyati bilan doimiy asosda shug‘ullanuvchi jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor).
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.03.00 Yakka tartibdagi tadbirkorlik]
4-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlari
Qonun hujjatlariga muvofiq yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, shu jumladan chet el fuqarolari yoki yuridik shaxslari, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tadbirkorlik faoliyati subyektlaridir.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonunlarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyatining subyektlari bo‘lishlari mumkin emas.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.10.00 Tadbirkorlar birlashmalari (uyushmalar, assotsiatsiyalar va b.) / 09.01.10.02 Tadbirkorlarning boshqa birlashmalari (uyushmalar, assotsiatsiyalar, jamg‘armalar va b.)]
5-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining birlashmalari
Tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek huquqlarini hamda umumiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish maqsadida uyushmalar (ittifoqlar) shaklida birlashmalar tuzishlari mumkin.
Tadbirkorlik subyektlari tadbirkorlik faoliyatini birgalikda yuritish maqsadida xo‘jalik birlashmalari, xo‘jalik shirkatlari yoki jamiyatlari tuzishlari mumkin.
Agar qatnashchilarning qaroriga binoan uyushma (ittifoq) zimmasiga tadbirkorlik faoliyatini yuritish yuklatilsa, bunday uyushma (ittifoq) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda konsernga, korporatsiyaga va boshqa shakldagi xo‘jalik birlashmalariga yoxud xo‘jalik shirkatiga yoki jamiyatiga aylantirilishi lozim.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining birlashmasini tuzish, uning faoliyat yuritishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi bilan bog‘liq munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.02.00 Tadbirkorlik subyektlari. Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish]
6-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xususiyatlari ushbu Qonunning 17 va 18-moddalarida nazarda tutilgan.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ma’lumotlari hamma tanishishi uchun ochiq bo‘lgan yagona davlat reyestriga kiritiladi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektini tashkil etishning qonunda belgilangan tartibi buzilishi yoki ta’sis hujjatlarining konunga nomuvofiq bo‘lishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga sabab bo‘ladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etish maqsadga muvofiq emas, degan vaj bilan ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qo‘shimcha talablarni belgilashga haqli emas.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etganlik, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlarini buzganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mansabdor shaxslarining harakatlari (qarorlari) sud tomonidan konunga xilof deb topilgan taqdirda, ular ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish yoki ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini buzish tufayli tadbirkorlik faoliyati subyektlariga yetkazilgan zararni to‘laydilar, shuningdek ma’naviy zararni qoplaydilar.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti — yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti — yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olgan paytdan boshlab o‘z faoliyatini amalga oshiradi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.06.00 Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash. Ruxsat berish (shuningdek, 02.08.06.00ga qarang) / 09.01.06.01 Umumiy qoidalar. Litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyat turlari]
7-modda. Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlarini litsenziyalash
Litsenziyalanishi lozim bo‘lgan tadbirkorlik faoliyatining turlari qonunlar bilan belgilanadi.
Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish uchun litsenziyalar berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
8-modda. Tadbirkorlik faoliyatining mulkiy asosi
Tadbirkorlik faoliyati tadbirkorning (tadbirkorlarning) o‘z mol-mulki asosida ham, jalb etilgan mol-mulk asosida ham amalga oshirilishi mumkin.
Tadbirkor (tadbirkorlar) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishiga asos va vosita bo‘lgan mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda huquqlarning belgilanishi, o‘zgarishi va bekor bo‘lishi bilan bogliq oldi-sotdi, garov, ijara va boshqa bitimlar obyekti bo‘lishi mumkin.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.22.00 Sug‘urta / 03.11.22.02 Majburiy sug‘urta;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.22.00.00 Kreditlash / 07.22.01.00 Umumiy masalalar]
9-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlariga kreditlar berish va ularni sug‘urta qilish
Tadbirkorlik faoliyati subyektlariga kreditlar berish va ularni sug‘urta qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik faoliyatining subyektiga kreditlar berishda bank muassasalari, boshqa kredit muassasalari yoki sug‘urta tashkilotlari kafil bo‘lishlari mumkin.
To‘lovga qobiliyatli yuridik va jismoniy shaxslar kafil bo‘lishlari mumkin.
Kredit shartnomalar bo‘yicha majburiyatlar ta’minoti sifatida Tadbirkorlik faoliyatining subyekti o‘z mol-mulkidan, shu jumladan ashyolaridan va mulkiy huquqlaridan foydalanishi mumkin.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.07.00 Hisob. Hisobot. Statistika (shuningdek, 07.29.00.00 ga qarang);
2.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.14.00.00 Soliq to‘lovchilarning hisobi. Soliq hisoboti;
3.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.29.00.00 Buxgalteriya hisobi. Moliyaviy hisobot / 07.29.02.00 Asosiy vositalarning hisobi]
10-modda. Hisob va hisobot
Tadbirkorlik faoliyati subyekti hisob va hisobotni qonun hujjatlariga muvofiq yuritadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti hisobot ma’lumotlarining to‘g‘riligi uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.03.00 Yakka tartibdagi tadbirkorlik]
II. TADBIRKORLIK FAOLIYATI SUBYEKTLARINING HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
11-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari quyidagilarga haqli:
ishlab chiqarish dasturini mustaqil ravishda shakllantirish, mahsulot yetkazib beruvchilarni va o‘z mahsuloti (ishlari, xizmatlari) ning iste’molchilarini tanlash;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish va uni o‘z ixtiyoriga ko‘ra tasarruf etish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida monopol mavqeni egallab turgan Tadbirkorlik faoliyati subyektlari bundan mustasno;
o‘z mahsulotini (ishlari, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib yoki shartnoma asosida mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo‘yicha realizatsiya qilish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
asosiy ishlab chiqarish fondlarining jadallashtirilgan amortizatsiyasini qilingan xarajatlarni ishlab chiqarish chiqimlariga tegishli asosiy fondlar uchun belgilangan normadan ikki baravardan oshib ketmaydigan miqdorda kiritgan holda qo‘llash;
binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa mol-mulkni olish va (yoki) ijaraga olish, shu jumladan ixtisoslashgan lizing korxonalari, tashkilotlari vositachiligida olish;
xayriya faoliyatida ishtirok etish;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
12-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining majburiyatlari
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari:
qonun hujjatlari yoki o‘zlari tuzgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishlari;
yollangan xodimlar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilishlari;
xavfsizlik, ekologiya, sanitariya, gigiyena va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etishlari;
realizatsiya qilinadigan mahsulotlarning qonun hujjatlariga muvofiq sertifikatlariga ega bo‘lishlari;
manzili va boshqa rekvizitlari o‘zgarganligi to‘g‘risida tegishli davlat organlarini o‘z vaqtida xabardor qilishlari;
buxgalteriya hisobini va boshqa hisobni qonun hujjatlari talablariga muvofiq yuritishlari;
o‘z faoliyatlari to‘g‘risidagi hisobotlarni tegishli organlarga belgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etishlari shart.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlari ham bo‘lishi mumkin.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.11.00 Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan davlat nazorati / 09.01.11.02 Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibi]
13-modda. Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish rejali tartibda qonun hujjatlariga muvofiq maxsus vakolatli organning qaroriga binoan yiliga ko‘pi bilan bir marta amalga oshirilishi mumkin.
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘la hajmda to‘lab turadigan, auditor (auditorlik firmasi)ning har yillik tegishli xulosalariga ega bo‘lgan hamda Tadbirkorlik faoliyatining boshqa norma va qoidalariga rioya etadigan Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish nazorat qiluvchi organlar tomonidan, qoida tariqasida, ikki yilda ko‘pi bilan bir marta amalga oshiriladi.
Nazorat qiluvchi organlar o‘tkazadigan Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish o‘ttiz kalendar kundan oshib ketmasligi va Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga xalaqit bermasligi lozim.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari nazorat qiluvchi organlarning vakolat doirasiga kirmaydigan masalalar bo‘yicha talablarini bajarmaslik va tekshirish mavzuiga taalluqli bo‘lmagan materiallar bilan ularni tanishtirmaslik huquqiga egadirlar.
Tekshirish natijalari qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda Tadbirkorlik faoliyati subyektlariga ma’lum qilinadi.
Nazorat qiluvchi organlar va ularning mansabdor shaxslari, auditorlar (auditorlik firmalari) Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish va taftish qilish munosabati bilan o‘zlariga ma’lum bo‘lgan, tijorat siri hisoblanuvchi ma’lumotlarni oshkor etganlik uchun konunga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
III. YAKKA TARTIBDAGI TADBIRKORLIKNING XUSUSIYATLARI
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.03.00 Yakka tartibdagi tadbirkorlik]
14-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorlikning turlari
Yakka tartibdagi Tadbirkorlik shaxsiy Tadbirkorlik (bir shaxsning tadbirkorligi) va birgalikdagi Tadbirkorlik (shaxslar guruhining tadbirkorligi) turlariga bo‘linadi.
15-modda. Shaxsiy tadbirkorlik (bir shaxsning tadbirkorligi)
Shaxsiy tadbirkorlik yakka tartibdagi tadbirkorning o‘zi tomonidan mulk huquqida, shuningdek mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo‘l qo‘yadigan o‘zga ashyoviy huquq tufayli o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk negizida mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Shaxsiy tadbirkorlikni amalga oshirish uchun er-xotindan biri er-xotinning umumiy birgalikdagi mol-mulkidan foydalangan hollarda, agar qonunlarda yoki nikoh shartnomasida yoxud er-xotin o‘rtasidagi o‘zga kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, erning (xotinning) roziligi talab qilinadi.
16-modda. Birgalikdagi tadbirkorlik shakllari
Yuridik shaxs tashkil qilmagan holdagi birgalikdagi tadbirkorlik shakllariga quyidagilar kiradi:
er-xotinning umumiy mol-mulki negizida amalga oshiriladigan oilaviy tadbirkorlik, shu jumladan dehqon xo‘jaligining umumiy birgalikdagi mulki negizida amalga oshiriladigan dehqon xo‘jaligi;
oddiy shirkat.
Er-xotinga umumiy birgalikdagi mulk huquqida tegishli bo‘lgan mol-mulk negizida oilaviy tadbirkorlik amalga oshirilayotganida, ish muomalasida er-xotin nomidan erning yoki xotinning roziligi bilan er-xotindan biri ishtirok etadi, bu rozilik yakka tartibdagi tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida tasdiqlanishi lozim.
Tadbirkorlik faoliyati obyekti sifatida uy-joydan foydalanish bilan bog‘liq oilaviy tadbirkorlik amalga oshirilayotganida, uy-joy mulkdorlaridan birining ish muomalasiga kirishishi boshqa mulkdorlarning notarial tasdiqlangan roziligi bilangina bajariladi.
Dehqon xo‘jaligi va oddiy shirkatni tuzish, uning faoliyat yuritishi va faoliyatini tugatishi bilan bog‘liq munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.02.00 Tadbirkorlik subyektlari. Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish]
17-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xususiyatlari
Yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tegishli davlat xokimiyata organi tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish jismoniy shaxs ariza bergan paytdan boshlab uch kunlik muddatdan kechiktirmay amalga oshirilishi lozim. Jismoniy shaxs ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imini to‘laganligi to‘g‘risidagi hujjatni taqdim etganidan keyin, unga arizasida ko‘rsatilgan muddatga yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, bunday qarorni qabul qilgan organ jismoniy shaxsni uch kun ichida yozma shaklda bu haqda xabardor qilishi shart.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi guvohnoma soliq organlari va qonun hujjatlarida belgilanadigan boshqa organlar mansabdor shaxslarining talabiga binoan ko‘rsatiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tganidan so‘ng soliq organlari hamda pensiya fondi organlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga turishi shart.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.11.00.00 (Кучини йукотган) Mahalliy soliqlar va yig‘imlar / 07.11.06.00 (Кучини йукотган) Yuridik shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik yig‘imi]
18-modda. Ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi
Yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik uchun ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imini to‘laydi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi bank muassasalari yoki aholidan to‘lovlarni qabul qiluvchi boshqa muassasalar orqali to‘lanadi. To‘langan ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi qaytarilmaydi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi stavkasining me’yoriy miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Yig‘imning aniq miqdorlari, uni undirish tartibi va to‘lash bo‘yicha imtiyozlar berish qonun hujjatlarida belgilanadi.
Yig‘im summasi tadbirkor ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi mahalliy budjet hisobiga o‘tkaziladi.
19-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorlikni o‘z nomidan amalga oshirish
Yakka tartibdagi tadbirkor o‘z nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi, huquqlar va majburiyatlarga ega bo‘ladi hamda ularni amalga oshiradi.
Jismoniy shaxs o‘zining tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bitimlarni tuzayotganida, agar buning mohiyati tuzilayotgan bitimning mazmunidan aniq kelib chiqmasa, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida harakat qilayotganini ko‘rsatishi lozim. Bunday ko‘rsatmaning bo‘lmasligi yakka tartibdagi tadbirkorni o‘z majburiyatlari yuzasidan zimmasidagi javobgarlikdan ozod etmaydi.
Yakka tartibdagi tadbirkor o‘z faoliyatini amalga oshirishda shaxsiy ish hujjatlari blankalaridan, muhr, shtamplardan foydalanishga haqli, ularning matnlari mazkur shaxs yakka tartibdagi tadbirkor ekanligidan dalolat berishi lozim.
20-modda. Mahsulot (ishlar, xizmatlar) sifatiga qo‘yiladigan talablar
Yakka tartibdagi tadbirkor ishlab chiqarayotgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) qonun hujjatlarida belgilangan talablarga javob berishi lozim.
21-modda. Savdo-vositachilik faoliyati
Yakka tartibdagi tadbirkor o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotni (ishlarni, xizmatlarni), shuningdek realizatsiya qilish maqsadida olgan tovarlarni qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday usulda va ayni shuning uchun belgilangan joyda realizatsiya qilishga haqli.
Savdo faoliyatini doimiy savdo do‘konlari orqali amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkor nazorat-kassa apparatlaridan foydalanishi va naqd tushumni bank muassasalariga har kuni topshirishi shart.
Bank muassasalari yakka tartibdagi tadbirkorning talabiga binoan uning hisobvarag‘idan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda naqd pul mablag‘larini berishi shart.
22-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat
Yakka tartibdagi tadbirkor qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga haqli.
23-modda. Mehnatga oid munosabatlar
Yakka tartibdagi tadbirkorlik yakka tartibdagi tadbirkorning, yakka tartibdagi tadbirkorlar guruhining, uning (ularning) oila a’zolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi.
Tadbirkorlik faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etuvchi yakka tartibdagi tadbirkor, yakka tartibdagi tadbirkorlar guruhi, uning (ularning) oila a’zolari, agar ular O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy ta’minot vazirligi huzuridagi Pensiya fondiga badallarni to‘lasalar, davlat ijtimoiy sug‘urtasidan o‘tkazilishi lozim.
Yakka tartibdagi tadbirkorning, yakka tartibdagi tadbirkorlar guruhining, uning (ularning) oila a’zolarining ishlagan vaqti davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha badallar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida, mehnat daftarchasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan bo‘lsa mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.03.00 Hisob-kitoblar va kassa operatsiyalari (shuningdek, 03.11.17.00, 07.21.04.00 larga qarang)]
24-modda. Pul hisob-kitoblari
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishlari bilan bog‘liq hisob-kitoblari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.16.00 Bank hisobvarag‘i;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.02.00 Bank hisobvaraqlarini ochish va yuritish tartibi]
25-modda. Bank xizmati ko‘rsatish
Yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank xizmati ko‘rsatish, yakka tartibdagi tadbirkor bilan bank muassasasi o‘rtasida tuziladigan shartnomalar asosida, qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor erkin ayirboshlanadigan valyutada pul oluvchining nomi yozilmaydigan hisobvaraqlar ochishga va ularni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etishga haqli. Bank muassasalari omonatchilarga omonatlarni saqlash va ularning birinchi talabi bilan omonatlarni erkin ayirboshlanadigan valyutada so‘zsiz qaytarish hamda tegishli foizlarni omonat valyutasida to‘lash yuzasidan zarur kafolatlarni berishi shart.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.10.02.00 (Кучини йукотган) Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i / 07.10.02.01 (Кучини йукотган) Daromaddan soliq to‘lovchilar va soliqqa tortish obyektlari / 07.90.00.00 (Кучини йукотган)Umumdavlat soliqlari]
26-modda. Soliq solish
Yakka tartibdagi tadbirkorga soliq solish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.07.00 Hisob. Hisobot. Statistika (shuningdek, 07.29.00.00 ga qarang)]
27-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorlik natijalarini hisobga olish
Yakka tartibdagi tadbirkorlik natijalarini hisobga olish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, yuridik shaxslar uchun belgilangan moliya va statistika hisobotlarini tuzish va taqdim etish to‘g‘risidagi talablar qo‘yilmasligi lozim.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.12.00 Yakka tartibdagi tadbirkorning bankrotligi]
28-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorning bankrotligi
Kreditorlarning talablarini qanoatlantirishga qodir bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkor bankrot deb topilishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish yoxud u o‘zining bankrotligini e’lon qilishi asoslari va tartibi hamda yakka tartibdagi tadbirkor bankrotligining o‘zga xususiyatlari qonun bilan belgilanadi.
29-modda. Tadbirkorlik ishi (biznes). Tadbirkorlik ishini (biznesni) boshqa shaxsga o‘tkazish (sotish)
Tadbirkorlik ishi (biznes) — mulkiy huquqlarni va tadbirkorning o‘ziga xos vositalarini, shuningdek unga tegishli bo‘lgan, yakka tartibdagi tadbirkor o‘z tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun foydalanadigan boshqa mutlaq huquqlarni o‘z ichiga oladigan mol-mulk majmuidir.
Yakka tartibdagi tadbirkor o‘z tadbirkorlik ishini (biznesini) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shaxsga tekinga o‘tkazish yoki sotishga haqli.
Tadbirkorlik ishini (biznesni) o‘tkazish (sotish) to‘la hajmda ham, uning qismlari bo‘yicha ham amalga oshirilishi mumkin.
Tadbirkorlik ishini (biznesni) oluvchi avvalgi yakka tartibdagi tadbirkorning barcha huquqlari va majburiyatlarining huquqiy vorisi hisoblanadi.
Tadbirkorlik ishini (biznesni) yoki uning bir qismini o‘tkazishda (sotishda) oluvchiga o‘tadigan huquqlar va majburiyatlar shartnomada nazarda tutilishi lozim.
[OKOZ:
1.04.00.00.00 Oila qonunchiligi / 04.02.00.00 Nikoh / 04.02.04.00 Er-xotin mol-mulkining shartnomaviy maqomi (nikoh shartnomasi)]
30-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorlikda qarzlar bo‘yicha undiruvni qaratish xususiyatlari
Shaxsiy tadbirkorlikni amalga oshirishda yakka tartibdagi tadbirkor o‘ziga mulk huquqida tegishli bo‘lgan barcha mol-mulk bilan, shu jumladan er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushi bilan javobgar bo‘ladi, konunga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk bundan mustasno.
Er-xotindan biri shaxsiy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun er-xotinning umumiy birgalikdagi mol-mulkidan foydalangan hollarda, uning qarzlari bo‘yicha undiruv qonun hujjatlariga muvofiq er-xotinning umumiy birgalikdagi mol-mulkiga ham qaratilishi mumkin.
Agar tadbirkor bo‘lmagan er-xotindan biri umumiy mol-mulk shaxsiy tadbirkorlik faoliyatida eri (xotini) tomonidan ishlatilishiga rozi bo‘lmasa, u umumiy mol-mulkni bo‘lishni so‘rab sudga murojaat etishga haqlidir.
Tadbirkor bo‘lmagan er-xotindan birining mol-mulki shaxsiy tadbirkorlikni amalga oshirayotgan erining (xotinining) qarzlari bo‘yicha undiruvga qaratilish narsasi bo‘lishi mumkin emas.
Oilaviy tadbirkorlikni amalga oshirishda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan er-xotinning qarzlari bo‘yicha undiruv, ulardan qaysi biri ish muomalasida qatnashayotganligidan qat’i nazar, er-xotinning umumiy birgalikdagi mol-mulkiga qaratilishi mumkin.
Tadbirkorlik faoliyati oddiy shirkat shaklida amalga oshirilganda uning qatnashchilari oddiy shirkatning uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari bo‘yicha hamma umumiy majburiyatlar yuzasidan solidar javobgar bo‘ladilar.
IV. TADBIRKORLIKNI RAG‘BATLANTIRISh
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.09.00 Tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish]
31-modda. Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan rag‘batlantirish
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan rag‘batlantirish:
tadbirkorlik sohasiga investitsiyalarni (shu jumladan chet el investitsiyalarini), zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni jalb etish uchun, shuningdek bozor infratuzilmasi institutlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish orqali;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarining eksport-import operatsiyalarida, xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi dasturlar va loyihalarni ro‘yobga chiqarishda ishtirok etishini kengaytirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish orqali;
tadbirkorlik faoliyati subyektlari samarali faoliyat yuritishi uchun ularni zarur huquqiy, iqtisodiy, statistik, ishlab chiqarish-texnologik, ilmiy-texnikaviy va boshqa axborotlar bilan ta’minlash orqali;
soliqlar, yig‘imlar va tariflar bo‘yicha imtiyozlar belgilash orqali;
boshqa shakllarda amalga oshiriladi.
32-modda. Tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash Tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini ro‘yobga chiqarish yo‘li bilan quyidagilarni o‘z ichiga olgan holda amalga oshiriladi:
tadbirkorlikning normativ-huquqiy asosini takomillashtirish;
ishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirish;
tadbirkorlikni rivojlantirishning iqtisodiy rag‘batlantirish choralari;
huquqiy, axborot, konsalting, lizing va boshqa xizmatlarni rivojlantirish.
33-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlikni rag‘batlantirish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tadbirkorlikni rag‘batlantirish sohasida qonun hujjatlariga muvofiq:
tadbirkorlikni rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqadi va ro‘yobga chiqaradi;
tadbirkorlar faoliyatini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlari va choralarini belgilaydi;
tadbirkorlik faoliyati subyektlari uchun mahalliy soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha imtiyozlar belgilaydi;
boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
34-modda. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash fondlari
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fondlar tuzilishi mumkin.
V. TADBIRKORLIK FAOLIYATI SUBYEKTLARI HUQUQLARINING KAFOLATLARI
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.08.00 Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining faoliyati kafolatlari]
35-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlari huquqlari va manfaatlarining kafolatlari
Davlat tadbirkorlik faoliyati subyektlariga teng huquqlarni kafolatlaydi va moddiy-texnika, moliya, mehnat, axborot, tabiiy va boshqa resurslardan foydalanish uchun teng imkoniyatlar yaratadi, tijorat siri hisoblanuvchi axborot himoya qilinishini kafolatlaydi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlarini kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
36-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlari mulk huquqining va boshqa ashyoviy huquqlarining kafolatlari
Tadbirkorlik faoliyati subyekti mol-mulkining mulkdori o‘ziga qarashli mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga ega.
Mol-mulkning mulkdori o‘z mol-mulkiga nisbatan konunga zid bo‘lmagan har qanday harakatni qilishga haqli.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining mol-mulki qonun bilan muhofaza etiladi.
Mulkdor bo‘lmagan Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining ashyoviy huquqlari buzilishdan qonunlarda nazarda tutilgan tartibda himoya qilinadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektidan mol-mulkni olib qo‘yishga, shuningdek uning vakolatlarini cheklashga faqat qonunlarda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
37-modda. Intellektual faoliyat natijalarini himoya qilish
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining obyektiv ifodalangan intellektual faoliyat natijalariga va uning o‘ziga xos vositalariga (firma nomi, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va hokazolarga) bo‘lgan mutlaq huquqi qonun bilan qo‘riqlanadi va davlat tomonidan himoya qilinadi.
Mutlaq huquq obyektlari bo‘lgan intellektual faoliyat natijalari va o‘ziga xos vositalaridan uchinchi shaxslar huquq egasining roziligi bilangina foydalanishlari mumkin.
38-modda. Oshkor etilmagan axborotni himoya qilish
Tijorat siri bo‘lgan, uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lmagan axborot (oshkor etilmagan axborot) agar u uchinchi shaxslarga ma’lum emasligi, qonuniy asosda undan erkin foydalana olish mumkinmasligi va axborotning egasi uning maxfiyligini muhofaza qilish choralarini ko‘rayotganligi tufayli haqiqiy yoki nisbiy tijorat qiymatiga ega bo‘lsa, u himoya qilinadi.
Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan himoya qilish huquqi bu axborotga nisbatan biron-bir rasmiyatchilikni bajarishdan (uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, guvohnoma olish va hokazodan) qat’i nazar vujudga keladi.
Oshkor etilmagan axborotni himoya qilish qoidalari konunga muvofiq tijorat siri bo‘la olmaydigan ma’lumotlarga (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan yuridik shaxslar to‘g‘risidagi, mol-mulkka bo‘lgan huquqlar va mol-mulk xususida tuzilgan bitimlar haqidagi ma’lumotlarga, davlat statistika hisoboti tariqasida taqdim etiladigan ma’lumotlarga va boshqalarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oshkor etilmagan axborotni qonuniy asoslarsiz olgan yoki tarqatgan yoxud undan foydalanayotgan shaxs bu axborotga haqli ega bo‘lib turgan shaxsga axborotdan noqonuniy foydalanganlik natijasida yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Oshkor etilmagan axborot mazmunini tashkil etuvchi ma’lumotlarni mustaqil tarzda va haqli ravishda olgan shaxs bu ma’lumotlardan, tegishli oshkor etilmagan axborot egasining huquqlaridan qat’i nazar, foydalanishga haqli va bunday foydalanish uchun uning oldida javob bermaydi.
39-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish
Tadbirkorlik faoliyatining subyekti o‘z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlarga raddiya berilishini talab qilishga haqli.
Basharti, Tadbirkorlik faoliyati subyektining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan bo‘lsa, ayni shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Basharti, bunday ma’lumotlar tashkilotdan olingan hujjatda mavjud bo‘lsa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi.
Basharti, sudning qarori bajarilmasa, sud qoidabuzarga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda va tartibda undiriladigan jarima solishga haqlidir. Jarima to‘lash qoidabuzarni sudning hal qiluv qarorida nazarda tutilgan harakatni bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.
O‘zining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan tadbirkorlik faoliyatining subyekti bunday ma’lumotlar rad etilishi bilan bir qatorda, ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zarar to‘lanishini va ma’naviy zarar o‘rnini qoplashni talab qilishga haqlidir.
40-modda. Tadbirkorlik faoliyatiga aralashmaslik kafolatlari
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik subyektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunbuzarliklarni aniqlasalar, ular o‘z vakolatlariga kiruvchi va aniq buzilishni bartaraf etish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan choralarni ko‘rishlari mumkin. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki uni cheklash uchun asos sifatida foydalanishlari mumkin emas.
Davlat organlari yoki ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy qarorlari yoki boshqa harakatlari (harakatsizligi) natijasida tadbirkorlik faoliyati subyektiga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qoplanishi lozim.
41-modda. Daromadlarni tasarruf etish erkinligi kafolatlari
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining barcha ishlab chiqarish xarajatlari qoplanganidan, soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan, shuningdek kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan daromadi (foydasi) o‘zlarining ixtiyoriga binoan ishlatiladi.
42-modda. Axborotdan foydalana olish kafolatlari
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari o‘z manfaatlariga daxldor qonun hujjatlaridan erkin foydalana olishlari lozim.
Davlat organlari tadbirkorlik faoliyati subyektlarining so‘rovlariga binoan ularni qiziqtirgan axborotni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda taqdim etishlari shart.
43-modda. Qo‘shimcha kafolatlar
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini himoya qilishning ushbu qonunda nazarda tutilgan kafolatlari va choralari bilan bir qatorda, qonun hujjatlari bilan qo‘shimcha kafolatlar va himoya choralari, shu jumladan sheriklar tomonidan tadbirkorlik faoliyati subyektlari oldidagi o‘z majburiyatlari aniq bajarilishini ta’minlovchi kafolatlar va himoya choralari berilishi mumkin.
VI. YAKUNLOVChI QOIDALAR
44-modda. Tadbirkorlik subyektini tugatish (faoliyatini to‘xtatish)
Tadbirkorlik subyektini tugatish (faoliyatini to‘xtatish) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
45-modda. Nizolarni hal etish
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyati bilan bog‘liq nizolar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda hal qilinadi.
46-modda. Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 14-aprel,
754-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 5-con, 106-modda)