1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.11.00 Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan davlat nazorati / 09.01.11.02 Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibi;
2.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.06.00.00 Iqtisodiy protsessual qonunchilik / 17.06.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish;
2.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Fuqarolik va xoʻjalik sud ish yurituvi]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI PLENUMI VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY XOʻJALIK SUDI PLENUMINING
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, ular faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini sudlar tomonidan toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17 va 47-moddalariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
1. Sudlarga tadbirkorlik faoliyati subyektlari, yaʼni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan yuzaga keladigan nizolarga doir ishlar taalluqlidir.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qaroriga asosan birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Sudlarning eʼtibori tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi ishlarni koʻrish jarayonida qonun hujjatlari talablariga toʻliq va ogʻishmay amal qilish zarurligiga qaratilsin.
2. Tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi nizolarni hal etishda sudlar mazkur subyektlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqqa oid va boshqa imtiyozlar, preferensiyalarni qoʻllamaslik, ular faoliyatini cheklash sabablarini sinchkovlik bilan oʻrganishlari lozim.
3. “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (keyingi matnlarda — Qonun) 13-moddasiga koʻra tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tegishli davlat organi tomonidan “bir darcha” prinsipi boʻyicha va qoida tariqasida, xabardor qilish asosida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar ariza beruvchini tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni uni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan rad etishga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qoʻshimcha talablarni belgilashga haqli emas.
Sudlarga tushuntirilsinki, tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etganlik, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzganlik ustidan berilgan shikoyat maʼmuriy sudlarga taalluqlidir.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etganlik yoki roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarini buzganlik sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda, sud aybdor mansabdor shaxsning harakati (harakatsizligi)ga huquqiy baho berishi lozim.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi (bundan buyon matnda MSIYUtK deb yuritiladi) 67-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishning qonuniyligini isbotlash majburiyati roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ zimmasiga yuklatiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 26-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 25-moddasi mazmunidan kelib chiqib sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega boʻlmagan fuqaro ishtirokidagi nizolar, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga taalluqli. Qonun boʻyicha bunday nizolarni hal etish maʼmuriy sudlar vakolatiga oʻtkazilgan hollar bundan mustasno.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
7. Sudlar shuni inobatga olishlari kerakki, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarni oʻtkazish tartibi qonun hujjatlari bilan qatʼiy belgilangan. Xususan, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida boshqa masalalar bilan bir qatorda tekshirishlarni oʻtkazish asoslari, davriyligi va muddatlari tartibga solingan.
Tekshirish oʻtkazishga asos boʻlgan hujjat bekor qilinganida yoki haqiqiy emas deb topilganida yohud tekshirish qonunda belgilangan asoslar mavjud boʻlmasdan oʻtkazilgan holda, u noqonuniy hisoblanadi va FPK 71-moddasining ikkinchi qismi, IPK 66-moddasining ikkinchi qismi va MSIYUtK 65-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tekshirish natijasida olingan maʼlumotlar dalil sifatida qabul qilinmaydi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-sonli Farmonining 3-bandiga koʻra, yuridik shaxslarning tugatilayotganida, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari boʻyicha bergan murojaatlari asosida oʻtkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlardan tashqari tadbirkorlik subyektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilingan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 15-fevraldagi PQ-2777-sonli Qarorining 2-bandi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi zimmasiga tadbirkorlik subyektlarini naqd pul mablagʻlari yoki plastik kartochkalar boʻyicha toʻlov shakliga qarab narxlarni sunʼiy ravishda oshirish yoki pasaytirish, nazorat-kassa mashinalarini, hisob-kitob terminallarini ishlatish, shuningdek oʻrnatilgan tartibda talon va cheklar berish, naqd tushumni inkassatsiya qilish (banklarga topshirish) masalalari yuzasidan, belgilangan tartibga muvofiq, birinchi navbatda savdo komplekslarida, chakana savdo va xizmatlar koʻrsatish tashkilotlarida doimiy asosda tekshiruvlarni oʻtkazib turish yuklatilgan.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Sudlar inobatga olishlari kerakki, davlat soliq xizmati organlari bunday tekshirish natijasi boʻyicha aniqlangan qonun buzilishlar yuzasidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan huquqiy taʼsir choralari qoʻllash haqidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
10. Qonun 39-moddasining oʻn birinchi qismiga koʻra, tadbirkorlik faoliyati subyektlari birlashmalarining aʼzosi boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlar tadbirkorlik faoliyati subyektlari soʻroviga koʻra mazkur birlashmalar vakillarining ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
Tadbirkorlik subyekti tomonidan tekshirishda birlashma vakilining ishtirok etishi istagi bildirilgan taqdirda, unga birlashma vakilini taklif etish uchun imkoniyat berilishi shart. Sudlarga tushuntirilsinki, bunday imkoniyatning berilmaganligi tekshirishni noqonuniy deb topish uchun asos boʻlmaydi. Shu bilan birga, sudlar bunday holatga yoʻl qoʻygan aybdor shaxslarning harakatlariga tegishli huquqiy baho berishlari zarur.
11. Sudlar inobatga olishlari lozimki, Qonunning 11-moddasiga muvofiq, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek banklar bilan oʻzaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilib, unga muvofiq qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati subyektining foydasiga talqin etiladi.
12. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash bilan bogʻliq nizolarni hal etishda, agar qonunda moliyaviy sanksiya miqdori belgilanmagan boʻlsa, sudlar sanksiyaning miqdorini javobgarning mulkiy ahvoli, aybini ogʻirlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olgan holda belgilashlari lozim.
13. “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra, tadbirkorlik subyektlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, maʼmuriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat (ariza) bilan murojaat qilganda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi. Ushbu qoida mazkur toifadagi ishlar boʻyicha sud hujjatlari ustidan shikoyat qilinganda ham tatbiq etiladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Sudlarga tushuntirilsinki, bunday toifadagi ishlar boʻyicha arizalar berilganda arizachidan davlat bojidan ozod qilish haqidagi iltimosnoma yoki moliyaviy ahvoli toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma talab qilinmaydi.
15. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, tadbirkorlik subyektlariga qonuniy faoliyatni amalga oshirishda, jumladan, soliq, moliya va statistika organlariga hisobotlar topshirishda, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarga oid qonuniy imtiyozlar, preferensiyalar qoʻllashda, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (energiya, gaz, suv, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti va boshqa)ga ulanishga ruxsat olinishida, pul mablagʻlari yoki moddiy boyliklardan erkin foydalanishida davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan noqonuniy aralashuvlar, cheklovlar, sansalorliklar va boshqa shu kabi toʻsqinliklarga yoʻl qoʻyilganligi holatlari aniqlansa, sud ularga nisbatan tegishli choralar qoʻllash haqida xususiy ajrim chiqarishi yoki shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qilishi lozim.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
16. Sudlarning eʼtibori tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini muntazam ravishda oʻrganib va umumlashtirib, aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrishlari, mazkur sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar berib borishlari lozimligiga qaratilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi A. USMANOV
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining raisi D. MIRZAKARIMOV
Plenum kotibi, Oliy xoʻjalik sudining sudyasi M. IZRAILBEKOVA