ISLOM TARAQQIYOT BANKINING BEG‘ARAZ TEXNIKAVIY KO‘MAGI — GRANTIDAN FOYDALANGAN HOLDA “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TAShQI IQTISODIY ALOQALAR, INVESTITSIYaLAR VA SAVDO VAZIRLIGI HUZURIDAGI “O‘ZINFOINVEST” AGENTLIGI SALOHIYATINI OShIRISh” LOYIHASINI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 11-iyuldagi 210-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi “O‘zinfoinvest” axborotlar bilan ta’minlash va xorijiy investitsiyalarga ko‘maklashish agentligini (keyingi o‘rinlarda “O‘zinfoinvest” agentligi deb ataladi) institutsional rivojlantirishga ko‘maklashish va uning faoliyatini moddiy-texnikaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Islom taraqqiyot banki tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi “O‘zinfoinvest” agentligi salohiyatini oshirish” loyihasini (keyingi o‘rinlarda loyiha deb ataladi) amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga 195 ming islom dinori miqdorida beg‘araz texnikaviy ko‘mak-grant berish ma’qullanganligi;
loyihani amalga oshirishga O‘zbekiston tomonining ulushi Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobiga sotib olinadigan tovarlar, ishlar va xizmatlarni soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan ozod qilish, “O‘zinfoinvest” agentligi tomonidan loyihaning amalga oshirilishini tashkiliy-texnikaviy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash hamda loyihani boshqarish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek zarurat bo‘lganda, xalqaro va xorijiy hukumat tashkilotlarining qo‘shimcha grant mablag‘larini jalb etish orqali xizmatlar ko‘rsatish hisobiga ta’minlanishi;
Islom taraqqiyot banki shartlariga muvofiq Islom taraqqiyot bankining beg‘araz texnikaviy ko‘magi — granti mablag‘larining O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Islom taraqqiyot banki o‘rtasidagi grant bitimi kuchga kirgan vaqtdan boshlab 2 yil mobaynida to‘liq o‘zlashtirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining o‘rinbosari Sh.O. To‘laganovga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Islom taraqqiyot banki bilan grant bitimini imzolash vakolati berilsin.
3. Quyidagilarga:
“O‘zinfoinvest” agentligiga — Islom taraqqiyot bankining beg‘araz texnikaviy ko‘magi — grantidan samarali va maqsadli foydalanilishi, loyiha tadbirlarining o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan mas’uliyat;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga — Islom taraqqiyot bankining beg‘araz texnikaviy ko‘magi — grantiga hisob-kitob xizmati ko‘rsatilishini ta’minlash yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining Islom taraqqiyot bankining beg‘araz texnikaviy ko‘magi — granti mablag‘lari hisobiga “O‘zinfoinvest” agentligi uchun yuqori texnologiyali bosma va kompyuter uskunalari sotib olish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. “O‘zinfoinvest” agentligiga, zarurat bo‘lganda, loyihani amalga oshirishga xalqaro va xorijiy hukumat tashkilotlarining qo‘shimcha grant mablag‘larini O‘zbekiston tomonining ulushi sifatida belgilangan tartibda jalb etishiga ruxsat berilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi Islom taraqqiyot bankining beg‘araz texnikaviy ko‘magi — grantidan maqsadli foydalanilishi yuzasidan nazoratni ta’minlasinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq quyidagilarning:
Islom taraqqiyot banki granti hisobiga yuridik shaxslar tomonidan import bo‘yicha keltiriladigan tovarlarning bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari);
Islom taraqqiyot banki granti hisobiga yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi loyiha doirasida import kontraktlarining o‘z vaqtida hisobga qo‘yilishini va ular bo‘yicha bojxona tartibotlarining tezkorlik bilan o‘tkazilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki loyiha doirasida import kontraktlarining hisobga qo‘yilishini va ular bo‘yicha pul mablag‘larining o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlasin.
10. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi Islom taraqqiyot bankining beg‘araz texnikaviy ko‘magi — granti hisobiga kelib tushadigan yuklarni O‘zbekiston Respublikasi aeroportlari va temir yo‘l stansiyalarida yuklash-tushirish ishlari hamda saqlanishi yukni tashishga tayyorlash va saqlash uchun to‘lov undirmasdan amalga oshirilishini ta’minlasinlar.
11. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi “O‘zinfoinvest” agentligini matbaa korxonasi sifatida davlat boji undirmasdan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zinfoinvest” agentligi buyurtmanomalariga binoan, loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarining konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zinfoinvest” agentligi buyurtmanomalariga binoan, loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalarning rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek yashash joyi bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini davlat boji to‘lovisiz, belgilangan tartibda ta’minlasin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 7-avgust,
237-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 32-son, 377-modda)