Soliq maslahatchilarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 17-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2343]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 64-sonli ““Soliq maslahatchilarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2343-4, 12.12.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., № 9, 497-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 20-martdagi 55-son “Soliq maslahati sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 12-son, 111-modda) muvofiq buyuraman:
1. Soliq maslahatchilarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-fevral,
23-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2012-yil 29-fevraldagi 23-son buyrugʻiga ILOVA
Soliq maslahatchilarining malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi “Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 9-son, 497-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 20-martdagi 55-son “Soliq maslahati sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 12-son, 111-modda) muvofiq soliq maslahatchilarining malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq soliq maslahatchilari oʻz malakalarini oshirib borishlari shart.
2. Soliq maslahati sohasidagi kasbiy bilimlarni, mahoratni va koʻnikmalarni yangilab borish va chuqurlashtirish soliq maslahatchilarining malakasini oshirish deb eʼtirof etiladi.
3. Soliq maslahatchilarining malakasini oshirish belgilangan tartibda soliq maslahatchilarini tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kursi boʻyicha oʻqitishni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda taʼlim muassasalari deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
4. Soliq maslahatchilarining malakasini oshirish mazkur Nizomga ilova qilingan oʻquv dasturi asosida oʻtkaziladi.
5. Soliq maslahatchilarining malakasini oshirish taʼlim muassasalarida soliq maslahatchilarining malakasini oshirish maxsus oʻquv kurslarida taʼlim olish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
II. Taʼlim muassasalarida soliq maslahatchilarining malakasini oshirish
6. Malaka oshirish taʼlim muassasasi va soliq maslahatchisi yoki soliq maslahatchilari tashkiloti oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
7. Soliq maslahatchilarining malakasini oshirish har yili 1-aprelga qadar, 2012-yilda esa — 2012-yilning 1-iyuniga qadar amalga oshiriladi.
8. Taʼlim muassasasi tomonidan soliq maslahatchisi malaka sertifikatining orqa tomoniga malaka oshirish kursini oʻtaganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi.
9. Soliq maslahatchilari har yil 15-aprelgacha, 2012-yilda esa — 15-iyungacha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga malaka oshirish kurslarni oʻtaganligi toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 12-son, 135-modda; 2014-y., 28-son, 351-modda; 2017-y., 25-son, 565-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2019-y., 10/19/2343-3/2879-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)