toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 30.05.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKADA UY-JOY QURILIShINI RAGʻBATLANTIRISh VA RIVOJLANTIRIShGA OID ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 30-maydagi PF-3613-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi farmonlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash va baʼzilariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Uy-joy muammosini hal qilishda aholining muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni va ularni ijtimoiy jihatdan himoya qilishni taʼminlash, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va aholi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasida:
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar, hokimliklar, uy-joy qurish kooperativlari va fuqarolar uy-joy qurilishining asosiy buyurtmachilari hisoblanadilar;
uy-joy qurilishi eng avvalo mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, birlashmalarning, korxonalar va tashkilotlarning oʻz moliyaviy mablagʻlari, hokimliklarning mablagʻlari, fuqarolarning qoʻlidagi pullari va jamgʻarmalari, banklarning uzoq muddatli kreditlari, davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlarning bir qismi, davlatning yutuqli uy-joy zayomini tarqatishdan olinadigan mablagʻlar, ish bilan taʼminlash jamgʻarmasi mablagʻlarining bir qismi, shuningdek budjet mablagʻlari hisobidan pul bilan taʼminlanadi;
uy-joy qurilishini budjetdan pul bilan taʼminlash aholining muhtoj tabaqalarini, eng avvalo koʻp bolali, kam taʼminlangan oilalarni, pensionerlarni, urush va mehnat faxriylarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda ularni ijtimoiy jihatdan himoya qilish tariqasida amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi 1994-yildan boshlab har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mazkur maqsadlar uchun respublika budjetidan mablagʻ ajratishni koʻzda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzistiqbolstat” qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xususiy va kooperativ qurilishni butun choralar bilan ragʻbatlantirishni nazarda tutgan holda uy-joy qurilishiga kredit va budjet mablagʻlari ajratishni koʻzda tutsinlar.
Koʻp bolali, muhtoj oilalarning uy-joy qurilishini taʼminlash uchun korxonalar, tashkilotlarning, xususiy korxona egalarining, tijorat tuzilmalarining hokimliklarga aniq maqsadni koʻzlab beradigan ixtiyoriy badallari har tomonlama ragʻbatlantirilsin.
2. Xususiy, kooperativ uy-joy quruvchi yoki kimoshdi savdosi orqali uy-joy xarid qiluvchi fuqarolar mablagʻlarining manbalari toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etishdan ozod qilinsinlar.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
uy-joy qurilishini ragʻbatlantirishga oid amaliy chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqib, amalga oshirsinlar;
koʻp qavatli uy-joy binolarini qurish chogʻida zarur tarmoqlar majmui va aholi uchun qulayliklar yaratilishini, 10 foiz maydon savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlariga ajratib berilishini koʻzda tutsinlar;
yakka tartibdagi va kooperativ uy-joy qurilishini muvofiqlashtiruvchi xoʻjalik hisobidagi hududiy boshqarmalar zimmasiga yer maydonlarini ajratib berish, fuqarolarning uzoq muddatli kredit olishiga doir hujjatlarini tayyorlash, undan aniq maqsad yoʻlida foydalanishni nazorat qilish, uy-joy hamda muhandislik infrastrukturasi inshootlari qurilishini texnikaviy nazorat qilish, shuningdek zarur binokorlik materiallarini taqsimlash va ular bilan taʼminlash vazifasini yuklasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Adliya vazirligi bir oy muddat ichida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdavarxitektqurilish”, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va hokimliklar bilan birgalikda quyidagi takliflarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin:
xususiy va kooperativ uy-joy qurilishi uchun huquqiy va jismoniy shaxslarga ajratiladigan yer maydonlaridan foydalanish huquqi berilishi uchun yerning sifatiga, qayerda joylashganligiga va muhandislik kommunikatsiyalari bilan taʼminlanganligiga qarab tabaqalashtirilgan tarzda toʻlanadigan haq miqdorlari toʻgʻrisida;
hujjatlarni rasmiylashtirish qoidalarini mumkin qadar soddalashtirishni nazarda tutgan holda yer maydonlari ajratib berish tartibi toʻgʻrisida.
Uy-joy qurilishi uchun beriladigan yer maydonlariga toʻlanadigan pul mablagʻlari toʻla-toʻkis mahalliy budjetlarning daromadlariga qoʻshiladi hamda uy-joy qurilishini pul bilan va uni magistral, yer osti va mavze ichkarisidagi muhandislik kommunikatsiyalari bilan taʼminlashga teng ulushlarda sarflanadi.
5. Belgilab qoʻyilsinki, uy-joy qurilishiga bank muassasalari kreditlarni kamida 10 yil muddatgacha yillik 20 foiz miqdorida, uchinchi yildan qarzni uza boshlash sharti bilan, quyidagi miqdorlarda beradi:
xususiy imorat soluvchilarga qurilish qiymatining 50 foizi miqdorida;
koʻp bolali, muhtoj oilalardan xususiy imorat soluvchilar uchun kreditlar uy-joy qiymatining 70 foizi miqdorida 15 yil muddatga yillik 15 foizli hisob-kitob sharti bilan;
uy-joy qurish kooperativlariga qurilish qiymatining 80 foizi miqdorida.
Kredit muddatidan ilgari toʻlanganida foiz miqdorlari quyidagicha kamaytiriladi: uch yilgacha — 50 foiz, besh yilgacha — 30 foiz.
6. Ushbu Farmonning 5-bandida koʻrsatilgan kreditlar quyidagi shartlar asosida beriladi:
garov toʻgʻrisidagi shartnomalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi muvaqqat nizomga muvofiq koʻchmas mulk garovga olinib;
uy-joy qurish kooperativining aʼzosi qurilish qiymatining kamida 15 foizini bank muassasasining maxsus hisob raqamiga oʻtkazgan;
yakka tartibda imorat soluvchi qurilish qiymatining kamida 30 foizini bank muassasasining maxsus hisob raqamiga oʻtkazgan yoki qurilish qiymatining kamida 30 foizi bajarilgan taqdirda.
7. Aholi uy-joy qurish va sotib olishga foydali shartlar asosida oʻz mablagʻlarini jamgʻarish uchun maxsus uy-joy ssuda-jamgʻarma hisobvaraqalari tizimi joriy etilsin.
Oʻzbekiston Jamgʻarma banki Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi, Markaziy banki va boshqa banklari bilan birgalikda bir oy muddat ichida maxsus uy-joy ssuda-jamgʻarma hisobvaraqalarini amalga kiritish tartibini ishlab chiqsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi ikki oy muddat ichida davlatning yutuqli uy-joy zayomini chiqarishni tashkil etish haqida takliflar kiritsin.
9. Respublikada ishlab chiqarilgan binokorlik materiallari yakka tartibda imorat soluvchilarga va uy-joy qurish kooperativlariga imtiyozli narxlarda sotilsin. Ayni vaqtda imtiyozli narxlarda binokorlik materiallari sotuvchi korxonalarning daromadlari qoʻshimcha qiymati soligʻidan ozod qilinsin.
“Oʻzbekbirlashuv”, “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi, “Oʻzqurilishmateriallari” davlat konserni hamda binokorlik materiallari ishlab chiqaradigan boshqa korxonalar va tashkilotlar joylarda zarur binokorlik materiallarini birinchi galda xususiy uy-joy qurayotgan fuqarolarga sotishni taʼminlasinlar.
10. Uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish maqsadida korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga oʻz mablagʻlarini jamlashni, shuningdek yakka tartibda uy-joy qurish yoki uy-joy sotib olish uchun maxsus uy-joy ssuda-jamgʻarma hisobvaraqalariga mablagʻ oʻtkazish yoʻli bilan oʻz xodimlariga moliyaviy yordam berishni amalda kengroq qoʻllash tavsiya etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Mehnat vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar haqida takliflar kiritsin:
xususiy imorat soluvchilarga va uy-joy qurish kooperativlariga imtiyozli narxlarda binokorlik materiallari sotuvchi korxonalarning daromadlarini qoʻshimcha qiymat soligʻidan ozod qilish toʻgʻrisida;
ushbu Farmonning 10-bandidagi shartlarga muvofiq uy-joy quruvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarning daromadlaridan imtiyozli soliq olish haqida;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, xususiy va kooperativ qurilish sohasida binokorlik hamda maxsus montaj ishlarini amalga oshiruvchi pudrat, taʼmirlash-qurilish, maxsus montaj tashkilotlarini bajarilgan ishlar hajmi uchun qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlashdan ozod qilish toʻgʻrisida.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi hamda Moliya vazirligi har yili markazlashtirilgan kapital mablagʻlar hajmini belgilash chogʻida xususiy va kooperativ qurilish dahalariga magistral va yer osti muhandislik kommunikatsiyalari qurishga mablagʻ ajratishni koʻzda tutsinlar.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Farmonni bajarishga doir tegishli qarorni 10 kun muddat ichida qabul qilsin;
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan qoʻshimchalar va oʻzgartishlar toʻgʻrisidagi takliflarni bir oy muddat ichida taqdim etsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-mart,
PF-774-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 3-son, 84-modda)