1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.06.00.00 Bojxona ishi / 10.06.03.00 Bojxona rejimlari / 10.06.03.11 Bojsiz savdoni amalga oshiruvchi doʻkon;
2.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.04.00.00 Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Qonunchilik tashabbusi. Norma ijodkorligi faoliyati;
2.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Bojxonaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
QARORI
“BOJ OLINMAYDIGAN SAVDO DOʻKONI” BOJXONA REJIMI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRISh KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 30-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1317-2]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2016-yil 29-fevraldagi 01-02/15-08-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2774, 06.04.2016-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 230-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi 306-sonli “Fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarining qoʻllanishini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 47-son, 488-modda) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2004-yil 20-yanvardagi 01-02/12-4-son qarori (roʻyxat raqami 1317, 2004-yil 27-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 8-son, 102-modda) bilan tasdiqlangan “Boj olinmaydigan savdo doʻkoni” bojxona rejimi toʻgʻrisidagi nizomning 15-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib oʻtadigan jismoniy shaxslar uchun boj olinmaydigan savdo doʻkonlarida tovarlarni sotish faqat xaridorning shaxsini tasdiqlaydigan hujjat taqdim etilgandan keyin amalga oshiriladi. Bunda fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalari Davlat reyestriga kiritilgan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasining tovar sotilganligini tasdiqlaydigan chekida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
kassa cheki raqami;
reysning raqami va xaridorning samolyotdagi joyi raqami;
xarid qilingan vaqt va sana;
sotiladigan tovarning nomi, narxi va miqdori;
sotuvchi tomonidan olingan xorijiy valyuta summasi;
nazorat-kassa mashinasining zavod raqami;
fiskal rejim belgisi;
boj olinmaydigan savdo doʻkonining nomi;
soliq toʻlovchi – boj olinmaydigan savdo doʻkoni egasining identifikatsiya raqami.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan xorijiy jismoniy shaxslar uchun boj olinmaydigan savdo doʻkonida tovarlarni sotish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida belgilangan tartibda berilgan akkreditatsiya kartochkasi taqdim etilganidan keyin amalga oshiriladi. Bunda fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalari Davlat reyestriga kiritilgan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasining tovar sotilganligini tasdiqlaydigan chekida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
kassa cheki raqami;
boj olinmaydigan savdo doʻkoni egasi – nomi va pochta manzili;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida berilgan akkreditatsiya kartochkasining toifasi, raqami, xodimning yoki uning oila aʼzosining familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi, kartochka kim tomonidan berilganligi va uning amal qilish muddati koʻrsatilishi kerak;
xarid qilingan vaqt va sana;
tovarning nomi, miqdori, bittasining qiymati, umumiy qiymati;
nazorat-kassa mashinasining zavod raqami;
fiskal rejim belgisi;
soliq toʻlovchi – boj olinmaydigan savdo doʻkoni egasining identifikatsiya raqami.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Rais Z. DUSANOV
Toshkent sh.,
2012-yil 10-yanvar,
01-05/12-2-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 5-son, 49-modda)