1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.07.00.00 Maʼmuriy-huquqiy tartiblar (rejimlar) / 02.07.07.00 Boshqa ruxsat beruvchi va roʻyxatga olish tartiblari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
TEKShIRIShLARNI ROʻYXATGA OLISh KITOBINING ShAKLI VA UNI TOʻLDIRISh TARTIBINI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 7-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2280]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 21-dekabrdagi 31-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3404, 22.12.2022-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Quyidagilar:
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining shakli 1-ilovaga muvofiq;
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S. Nuriyev) ushbu normativ-huquqiy hujjatni oʻn kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
5. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklansin.
Adliya vaziri N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2011-yil 7-noyabr,
246-mh-son
Kelishilgan:
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
2011-yil 7-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011-yil 7-noyabrdagi 246-mh-son buyrugʻiga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2011-yil 7-noyabrdagi 246-mh-son buyrugʻiga 2-ILOVA
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi — oʻtkazilgan tekshirishlar toʻgʻrisidagi axborot yozib qoʻyiladigan maxsus kitobdir.
2. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining yuritilishidan maqsad:
tekshiruvchi organlar faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralikni taʼminlash;
yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga noqonuniy ravishda aralashuvlarga chek qoʻyish.
3. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi belgilangan namunaga muvofiq boʻlishi, qattiq muqova bilan qoplangan va raqamlangan, tikilgan, varaqlar soni va Kitobni yuritish sanasi koʻrsatilgan holda xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining imzosi va muhri (yakka tartibdagi tadbirkor uchun — agar u mavjud boʻlsa) bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
4. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobida xoʻjalik yurituvchi subyektning toʻliq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili), unga berilgan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlishi lozim.
5. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yuritiladi.
II. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobiga tekshirishlar haqidagi yozuvlarni kiritish
6. Tekshirish boshlanishidan oldin xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) tekshiruvchi mansabdor shaxsga tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish uchun taqdim etadi.
7. Tekshiruvchi mansabdor shaxslar tekshirish boshlanishidan oldin qonun hujjatlariga muvofiq xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbarini (yakka tartibdagi tadbirkorni, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxsni) tekshirish maqsadi va shartlari bilan tanishtirishi, qonunchilikda belgilangan hujjatlarni taqdim etishi, tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining tegishli ustunlariga yozuvlar kiritishi lozim.
8. Tekshiruvchi mansabdor shaxs tekshirish boshlanishiga qadar tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining 2 — 7-ustunlarini toʻldiradi. Bunda, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobiga kiritilgan maʼlumotlarni tekshiruvchi mansabdor shaxs tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlar bilan taqqoslashga haqli.
9. 2-ustunda tekshiruvchi organning toʻliq rasmiy nomi, uning pochta manzili, rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi, u boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatiladi.
10. 3-ustunda tekshiruvchi mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, guvohnoma (shu jumladan maxsus guvohnoma) raqami, guvohnomani bergan tashkilot nomi, guvohnomaning amal qilish muddati koʻrsatiladi.
11. 4-ustunda auditorlik tashkiloti va/yoki ekspert jalb etilgan taqdirda, auditorlik tashkilotining nomi, litsenziya berilgan sana, raqami va amal qilish muddati, auditor va/yoki ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi hujjat raqami koʻrsatiladi.
12. 5-ustunda tekshirish oʻtkazish reja-jadvalini tasdiqlagan organ nomi va uni tasdiqlash sanasi; buyruqni chiqargan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, buyruqni qabul qilish raqami va sanasi; qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi bilan bogʻliq tekshirishni tayinlash toʻgʻrisida qaror chiqargan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, qarorning sanasi, shuningdek jinoyat ishining raqami koʻrsatiladi.
13. 6-ustunda tekshirish turining toʻliq nomi (rejali tekshirish, rejadan tashqari tekshirish, qisqa muddatli tekshirish, muqobil tekshirish, nazorat tartibida tekshirish) va maqsadi koʻrsatiladi. Tekshirish turining nomi tekshirish oʻtkazish reja-jadvali va buyruqda koʻrsatilgan nomga, maqsadi esa — buyruqda koʻrsatilganiga muvofiq boʻlishi lozim.
14. 7-ustunda tekshirish oʻtkazish muddati koʻrsatiladi. U tekshirish oʻtkazish reja-jadvalida koʻrsatilgan muddatdan oshmasligi lozim.
15. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining 8 — 12-ustunlari xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan toʻldiriladi. Bunda, 8 — 10-ustunlarga tekshirish davomida yozuvlar kiritib boriladi.
16. 8-ustunda har kuni tekshirish oʻtkazishni boshlash va tugatish vaqti, sanasi koʻrsatiladi. Ushbu ustunda zarur hollarda tekshiruvchi mansabdor shaxslarning xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki tartibida belgilangan ish vaqti tugaganidan keyingi harakati haqida maxsus belgilar qoʻyiladi.
17. 9-ustunda tekshirishning haqiqatda davom etgan kalendar muddati koʻrsatiladi.
18. 10-ustunda talab qilingan hujjatlarning toʻliq nomi koʻrsatiladi. Ushbu ustunda talab qilingan hujjatlar tavsifi tekshirish oʻtkazish reja-jadvali hamda buyruqda koʻrsatilgan tekshirish turi va maqsadlariga mos kelmagan holda maxsus belgilar qoʻyiladi.
19. 11-ustunda xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan belgilangan tartibda koʻrilgan choralar (ishlab chiqarishni toʻxtatish, omborni muhrlash, pul mablagʻlaridan va/yoki xomashyodan foydalanishni taqiqlash, moliya va boshqa hujjatlarni olib qoʻyish va h. k.) koʻrsatiladi.
20. 12-ustunda oʻtkazilgan tekshirish yakuni boʻyicha xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining (yakka tartibdagi tadbirkorning, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxsning) “Roziman”, “Rozi emasman”, “Eʼtirozlar bilan roziman” shakllaridagi fikri qayd etiladi. “Rozi emasman” shaklidagi fikr koʻrsatilgan holda xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) buning asoslangan sabablarini koʻrsatadi. “Eʼtirozlar bilan roziman” shaklidagi fikr koʻrsatilgan holda asoslangan eʼtirozlar keltiriladi. Tekshirish tugagandan soʻng xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) ushbu ustunga Kitobda qayd qilingan yozuvlarning toʻgʻriligi haqida yozuv kiritadi hamda sana va vaqtni koʻrsatgan holda oʻzining imzosi bilan tasdiqlaydi.
21. Tekshiruvchi mansabdor shaxs tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirishdan bosh tortsa yoki mazkur Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan maʼlumotni taqqoslash natijasida tafovutlar aniqlangan taqdirda, tekshiruvchi mansabdor shaxs tekshirishga qoʻyilmaydi. Bunda, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 19-martdagi 80-son “Adliya organlarida maxsus “ishonch telefoni” tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida (keyingi oʻrinlarda adliya organlari deb yuritiladi) tashkil etilgan maxsus “ishonch telefoni”ga murojaat etishga va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishga haqli.
22. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobida oʻchirib yozish va boʻyash taqiqlanadi. Toʻgʻrilashlar xato yozuvlar oʻchirilib, kerakli maʼlumotlarning ustidan qayta yozish yoki qoʻlda ustidan yozish yoʻli bilan amalga oshirilishi lozim. Har bir bunday toʻgʻrilash tekshiruvchi mansabdor shaxsning va xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxs)ning imzosi bilan tasdiqlanadi.
23. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish maqsadida nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibiga rioya qilinayotganligi boʻyicha monitoring adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
24. Adliya organlari tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining hisobini yuritadi.