“TEMIR YOʻL TRANSPORTI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA TEMIR YOʻLDA TASHISH XAVFSIZLIGINI TAʼMINLASHGA QARATILGAN OʻZGARTISHLAR VA QOʻSHIMCHA KIRITISH HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 27-iyulda qabul qilingan Senat tomonidan 2011-yil 26-avgustda maʼqullangan
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 27-noyabrdagi OʻRQ-1006-sonli “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2025-yil 29-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi 766-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 118-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 157-modda) quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 12-moddaning oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yoʻlovchilarning hamda temir yoʻl transporti xodimlarining hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, temir yoʻlda tashish xavfsizligini taʼminlash maqsadida vakolatli organlar vokzalga kirishda belgilangan tartibda qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechiradi hamda yoʻlovchilar va boshqa shaxslarni shaxsiy koʻzdan kechirishdan oʻtkazadi. Koʻzdan kechirishdan bosh tortilgan taqdirda, vokzalga kirish taqiqlanadi, yoʻlovchilar esa tashishga qoʻyilmaydi. Koʻzdan kechirishni oʻtkazish huquqiga ega boʻlgan vakolatli organlarning roʻyxati va koʻzdan kechirishni oʻtkazish tartibi, shuningdek yoʻlovchilar va boshqa shaxslarning vokzallarda boʻlishi qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
2) quyidagi mazmundagi 201-modda bilan toʻldirilsin:
“201-modda. Temir yoʻlda tashish xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan davlat nazorati va boshqa choralar
Temir yoʻlda tashish xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan davlat nazorati va boshqa choralar ichki ishlar, Milliy xavfsizlik xizmati organlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi”;
3) 26-moddaning birinchi qismidagi “qonun hujjatlarida” degan soʻzlar “ushbu Qonunda yoki boshqa qonun hujjatlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2011-yil 9-sentabrdagi 175 (5342)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 8-sentabr,
OʻRQ-293-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 36-son, 364-modda)