toggle_night_mode
Hujjat 19.04.2018 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
AXBOROT-KUTUBXONA FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 4-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011-yil 25-martda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
axborot-kutubxona resursi — moddiy obyektda matn, ovozli yozuv yoki tasvir tarzida qayd etilgan hamda identifikatsiyalash, saqlash va foydalanishni taʼminlash uchun rekvizitlarga ega boʻlgan axborot;
axborot-kutubxona faoliyati — axborot-kutubxona muassasalarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona fondlarini shakllantirish va axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni tashkil etish boʻyicha faoliyati;
axborot-kutubxona fondi — tizimlashtirilgan axborot-kutubxona resurslarining majmui;
axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish — foydalanuvchilarning axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishini taʼminlash;
yigʻma elektron katalog — axborot-kutubxona muassasalarining elektron kataloglari majmui;
foydalanuvchi — axborot-kutubxona xizmati koʻrsatilishi uchun axborot-kutubxona muassasasida roʻyxatga olingan shaxs;
elektron katalog — tizimlashtirilgan axborot-kutubxona resurslari roʻyxatining elektron shakli;
elektron kutubxona — axborot-kutubxona fondining elektron shakli.
4-modda. Axborot-kutubxona faoliyatining asosiy vazifalari
Axborot-kutubxona faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
foydalanuvchilarning axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishini taʼminlash;
foydalanuvchilarning intellektual, maʼnaviy-axloqiy, madaniy va taʼlim olish ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
Oldingi tahrirga qarang.
milliy madaniyatni tiklashga va yanada rivojlantirishga koʻmaklashish, madaniy meros obyektlarini saqlash;
(4-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanishni taʼminlash.
2-bob. Axborot-kutubxona faoliyati sohasining davlat tomonidan tartibga solinishi
5-modda. Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi
Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va u axborot-kutubxona faoliyati sohasida maxsus vakolat bergan davlat organi (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlaydi;
axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi;
axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Maxsus vakolatli davlat organi
Maxsus vakolatli davlat organi:
axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishida ishtirok etadi;
axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlarni ishlab chiqadi hamda qabul qiladi;
axborot-kutubxona resurslarini noyob va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslari sirasiga kiritish tartibini, shuningdek ularni saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
axborot-kutubxona faoliyati sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
axborot-kutubxona muassasalarining hisobini yuritadi;
yigʻma elektron katalogni shakllantirish va yuritish tartibini tasdiqlaydi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Axborot-kutubxona muassasalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Axborot-kutubxona muassasalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash:
ularning moliyaviy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga investitsiyalar jalb etish;
axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshirishda soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlarni belgilash orqali amalga oshiriladi.
3-bob. Axborot-kutubxona tizimi
9-modda. Axborot-kutubxona tizimi hamda axborot-kutubxona muassasalarining turlari
Axborot-kutubxona tizimi yagona tashkiliy va uslubiy taʼminot asosida faoliyat koʻrsatuvchi axborot-kutubxona muassasalari majmuidir.
Axborot-kutubxona muassasasi mustaqil muassasa boʻlishi yoxud korxona, muassasa yoki tashkilotning tarkibiy boʻlinmasi boʻlishi mumkin.
Axborot-kutubxona muassasalariga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi;
axborot-kutubxona markazlari;
axborot-resurs markazlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari;
boshqa kutubxonalar (fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, tijorat tashkilotlarining kutubxonalari).
Axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarining mazmuni va belgilangan maqsadiga koʻra universal hamda maxsus axborot-kutubxona muassasalariga boʻlinadi.
Universal axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarini bilimning turli sohalari boʻyicha shakllantiradi va turli toifadagi foydalanuvchilarning axborotga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantiradi.
Maxsus axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona fondlarini bilimning bir yoki bir necha turdosh sohalari boʻyicha shakllantiradi va ayrim toifadagi foydalanuvchilarning axborotga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantiradi.
10-modda. Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi milliy va jahon madaniyatini, fani va taʼlimini rivojlantirish manfaatlarini koʻzlagan holda Oʻzbekiston Respublikasida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etuvchi hamda amalga oshiruvchi umumdavlat universal axborot-kutubxona muassasasidir.
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi:
axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
axborot-kutubxona fondini shakllantiradi, uning but saqlanishini taʼminlaydi hamda foydalanuvchilarga milliy va xorijiy nashrlarning eng toʻliq toʻplamini taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasida chiqariladigan nashrlarning majburiy nusxasini, shuningdek dissertatsiyalarning koʻchirma nusxasini oladi;
Oʻzbekiston Respublikasida chiqariladigan nashrlarning davlat bibliografik hisobini yuritadi;
elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;
kutubxonashunoslik, bibliografiyashunoslik va kitobshunoslik sohasida ilmiy-tadqiqot hamda ilmiy-uslubiy faoliyatni amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi;
noyob va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslarini but saqlash, konservatsiyalash va restavratsiya qilish boʻyicha ishlarni amalga oshiradi;
yigʻma elektron katalogni shakllantiradi va yuritadi;
axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Axborot-kutubxona markazlari
Axborot-kutubxona markazlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etuvchi hamda amalga oshiruvchi universal axborot-kutubxona muassasalaridir.
Axborot-kutubxona markazlari:
axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini taʼminlaydi;
elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;
tegishli hududda chiqariladigan nashrlarning majburiy nusxasini oladi;
bibliografik, ilmiy-uslubiy va madaniy-maʼrifiy ishlarni bajaradi;
tegishli hududda axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularni tashkiliy-uslubiy jihatdan taʼminlashni amalga oshiradi;
yigʻma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi;
axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
tegishli hududda axborot-kutubxona muassasalarining depozitar saqlanadigan axborot-kutubxona resurslarini toʻplashni amalga oshiradi va ularning hisobini yuritadi.
Axborot-kutubxona markazlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Axborot-kutubxona markazlarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.
Axborot-kutubxona markazi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi PQ-381-sonli “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan taʼminlashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarori.
12-modda. Axborot-resurs markazlari
Axborot-resurs markazlari davlat taʼlim muassasalari huzurida tashkil etilgan, oʻquvchi yoshlarning, shuningdek aholining axborotga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshiruvchi universal axborot-kutubxona muassasalaridir.
Axborot-resurs markazlari:
taʼlim muassasasining ixtisoslashuviga muvofiq asosan ilmiy-taʼlimga oid mazmundagi axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini taʼminlaydi;
elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻzidagi va oʻzidan uzoqdagi axborot resurslaridan foydalanish asosida maʼnaviy boy va barkamol shaxsni ijodiy rivojlantirish uchun imkoniyat yaratgan holda, foydalanuvchilarni madaniy meros obyektlaridan bahramand etadi;
(12-moddaning ikkinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanishni taʼminlaydi;
boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
yigʻma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi;
madaniy, taʼlim, axborot dasturlari va loyihalarini hamda boshqa dasturlar va loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun taʼlim, ilmiy muassasalar va arxivlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, milliy madaniyat markazlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantiradi.
Axborot-resurs markazlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Axborot-resurs markazlarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.
Axborot-resurs markazi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi PQ-381-sonli “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan taʼminlashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarori.
13-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshiruvchi maxsus axborot-kutubxona muassasalaridir.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari:
axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini taʼminlaydi;
elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;
axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanishni taʼminlaydi;
boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
yigʻma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari kutubxonalarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalari toʻgʻrisidagi nizomlar ushbu organlarning rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi.
14-modda. Boshqa kutubxonalar
Boshqa kutubxonalar oʻz muassislari tomonidan belgilanadigan tartibda axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshiruvchi universal yoki maxsus axborot-kutubxona muassasalaridir.
Boshqa kutubxonalar:
axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini taʼminlaydi;
elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;
axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanishni taʼminlaydi;
boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
yigʻma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi.
Boshqa kutubxonalarning axborot-kutubxona fondi ularning muassislari mulkidir.
Boshqa kutubxonalar toʻgʻrisidagi nizomlar ularning muassislari tomonidan tasdiqlanadi.
15-modda. Axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish
Axborot-kutubxona muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Axborot-kutubxona fondi
16-modda. Axborot-kutubxona fondini shakllantirish
Axborot-kutubxona fondini shakllantirish axborot-kutubxona muassasasining maqsadlari va vazifalariga muvofiq uni jamlash, hisobga olish, ishlovdan oʻtkazish, joylashtirish va saqlash orqali amalga oshiriladi.
17-modda. Axborot-kutubxona fondini jamlash
Axborot-kutubxona fondi nashrlarni va boshqa axborot-kutubxona resurslarini sotib olish, ularga obuna boʻlish, ularni ayirboshlash, tekinga olish, shu jumladan hadyaga olish hisobiga jamlanadi.
18-modda. Axborot-kutubxona fondini hisobga olish, ishlovdan oʻtkazish, joylashtirish, saqlash va undan foydalanish
Axborot-kutubxona fondini hisobga olish, ishlovdan oʻtkazish, joylashtirish, saqlash va undan foydalanish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Axborot-kutubxona fondining nashrlar majburiy nusxasini olish hisobiga jamlanadigan, shuningdek noyob va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslarini oʻz ichiga olgan qismi milliy madaniy boylik boʻlib, moddiy madaniy meros obyekti sifatida saqlanadi.
Axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnika taʼminoti yomonlashuviga, ularni mehnatni muhofaza qilish talablariga, axborot-kutubxona fondlarini saqlash normalari va shart-sharoitlariga mos kelmaydigan binolarga koʻchirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. Foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
19-modda. Foydalanuvchilarning huquqlari
Foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
axborot-kutubxona muassasalariga kirish va axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish;
oʻz ehtiyojlariga mos tarzda axborotni erkin tanlab olish;
koʻrsatiladigan xizmatlarning, shu jumladan pulli xizmatlarning roʻyxati hamda ularni koʻrsatish shartlari haqida axborot olish;
soʻralayotgan axborot-kutubxona resurslarining mavjudligi haqida axborot olish.
Foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Foydalanuvchilarning majburiyatlari
Foydalanuvchilar:
axborot-kutubxona muassasalarida foydalanish qoidalariga rioya etishi;
axborot-kutubxona resurslariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishi, ularning yoʻqolishiga yoki buzilishiga yoʻl qoʻymasligi, zarar yetkazilgan taqdirda esa belgilangan tartibda uning oʻrnini qoplashi;
axborot-kutubxona muassasalari ishining sifatini pasaytirishga qaratilgan xatti-harakatlar qilmasligi shart.
Foydalanuvchilar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
21-modda. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish
Jismoniy imkoniyatlari cheklangan foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish axborot-kutubxona muassasalarida maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda axborot yozilgan maxsus jismlarda axborot-kutubxona resurslarini taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
6-bob. Axborot-kutubxona muassasalarini moliyalashtirish. Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari. Xalqaro hamkorlik
22-modda. Axborot-kutubxona muassasalarini moliyalashtirish
Axborot-kutubxona muassasalarini moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;
muassislarning mablagʻlari;
pulli xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan mablagʻlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
23-modda. Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari
Axborot-kutubxona muassasalari axborot-kutubxona faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda birlashmalar tuzishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari:
axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashadi;
axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
axborot-kutubxona muassasalari kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda ishtirok etadi.
Axborot-kutubxona muassasalarining birlashmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
24-modda. Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlik
Axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
25-modda. Nizolarni hal etish
Axborot-kutubxona faoliyati sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
28-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2011-yil 14-apreldagi 73 (5240)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 13-aprel,
OʻRQ-280-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 15-son, 146-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son; 22.07.2020-y., 03/20/629/1087-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)