toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
JINOIY FAOLIYATDAN OLINGAN DAROMADLARNI LEGALLASHTIRISHGA OID ISHLAR BO‘YICHA SUD AMALIYOTINING AYRIM MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyotida masalalar kelib chiqqanligi munosabati bilan hamda mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (bundan buyon matnda — daromadlarni legallashtirish) jamiyat hayotining turli sohalarida uyushgan jinoyatchilik tug‘ilishi va faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoit yaratishi tufayli milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, JK 243-moddasida nazarda tutilgan daromadlarni legallashtirish tariqasidagi jinoyatning predmeti bu jinoiy faoliyat natijasida topilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk hisoblanadi. Qonun mazmuniga ko‘ra, ushbu pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk ularni legallashtirishdan oldin qasddan sodir etilgan ijtimoiy-xavfli qilmish (bundan buyon matnda asosiy jinoyat deb yuritiladi) orqali topiladi.
Asosiy jinoyatlarga, jumladan, quyidagilar kiradi:
shaxsga qarshi haq evaziga sodir etiladigan jinoyatlar (masalan, g‘araz niyatlarda odam o‘ldirish, fohishaxonalar saqlash, odam savdosi);
iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar (masalan, o‘g‘irlik, bosqinchilik, tovlamachilik, talonchilik, firibgarlik, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash);
hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlari faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar (masalan, pora olish, qonunga xilof ravishda mulkiy manfaatdor bo‘lish);
jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar (masalan, kontrabanda, o‘qotar qurol yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni, giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish va h.k.).
Bunda bir yoki bir necha asosiy jinoyat sodir etilganligi, ular alohida bir shaxs, uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi yoxud boshqa mamlakat hududida sodir etilganligi, legallashtirilayotgan mulk sodir etilgan jinoyat natijasida bevosita yoki bilvosita qo‘lga kiritilganligi ahamiyat kasb etmaydi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10 iyundagi 23-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2.1. “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar” atamasi O‘zbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasiga muvofiq, jumladan, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
jinoiy yo‘l bilan topilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkdan foydalanish natijasida olingan daromad yoki foyda (daromaddan daromad);
jinoiy yo‘l bilan topilgan pul mablag‘lari yoki mol-mulk boshqa mulkka aylantirilgan yoki o‘zgartirilgan (masalan, ko‘chmas mulkni jinoiy yo‘l bilan topilgan qurilish materiallaridan barpo etish);
jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkni qonuniy manbalar hisobidan topilgan mol-mulkka qo‘shish yo‘li bilan olingan mol-mulk. Bunday hollarda mol-mulkning faqat qo‘shilgan pul summasi yoki qo‘shilgan mol-mulk qiymatiga tegishli qismigina jinoiy yo‘l bilan topilgan deb e’tirof etiladi.
Pul mablag‘lariga milliy yoki chet el valyutasi tariqasidagi naqd pullar, shuningdek naqd bo‘lmagan pul mablag‘lari, shu jumladan, elektron pullar kiradi.
Boshqa mol-mulk deganda, ko‘char va ko‘chmas mulk tushunilishi lozim bo‘lib, u mulkiy huquqlar, narsalar, qimmatli qog‘ozlar, xizmatlar, intellektual faoliyat natijalarini, shu jumladan, ularga bo‘lgan mutlaq huquqlarni (intellektual mulk) o‘z ichiga oladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhining (FATF) 15-Tavsiyasiga ko‘ra, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarga kripto-aktivlar (kripto-valyuta) ham kiritilishi mumkin.
(2.1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
3. JK 243-moddasi mazmuniga ko‘ra, daromadlarni legallashtirish deganda, aybdor tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkning kelib chiqishiga ularni o‘tkazish, mulkka aylantirish yoki almashtirish, shuningdek, ularning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, ko‘chirish usulini, pul mablag‘lariga yoki boshqa mulkka nisbatan haqiqiy egalik huquqlarini yoki uning kimga qarashliligini yashirish yoxud sir saqlash yo‘li bilan qonuniy tus berilishi tushunilishi lozim.
Jinoiy faoliyatdan olingan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkning kelib chiqishiga qonuniy tus berilishi, odatda, bunday pul mablag‘lari yoki mulkka nisbatan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish va/yoki bitimlar tuzishda ifodalanadi.
Moliyaviy operatsiyalarga pul mablag‘lari bilan amalga oshiriladigan har qanday operatsiyalar (naqd va naqd pulsiz hisob-kitoblar, kassa operatsiyalari, shu jumladan, pul mablag‘larini hisobvarag‘iga kiritish, ularni turli banklardagi omonatlarga bo‘lib joylashtirish, boshqa valyutaga o‘tkazish, qimmatli qog‘ozlar sotib olish, pul mablag‘larini chegaradan tashqariga o‘tkazish va keyinchalik ularni bankdagi omonatga qayta tushirish va h.k.).
Legallashtirish amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan bitimlarga, fuqarolik huquq va majburiyatlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki tugatishga, shuningdek, fuqarolik huquq va majburiyatlarining paydo bo‘lganligi yoki o‘tganligi tasavvurini shakllantirishga qaratilgan (masalan, oldi-sotdi, qarz, hadya, garov, ijara, ayirboshlash va h.k. shartnomalarni tuzish) harakatlar kiradi.
Qonun mazmuniga ko‘ra, jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan hatto bitta operatsiya yoki bitim amalga oshirilgan hollarda ham daromadlarni legallashtirish uchun javobgarlik kelib chiqadi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
3.1. Moliyaviy operatsiyalar o‘tkazish orqali sodir etilgan daromadlarni legallashtirish shaxs jinoiy yo‘l bilan topilgan pul mablag‘laridan tovarlar uchun hisob-kitob qilishda yoki maydalashda foydalangan yoxud pul mablag‘larini o‘tkazish va h.k. haqida bankka farmoyish taqdim etgan (bergan) vaqtdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Daromadlarni legallashtirish bitim tuzish orqali amalga oshirilgan hollarda, jinoyat aybdor shaxs tomonidan bitim natijasida vujudga kelgan majburiyatlarning hech bo‘lmaganda bir qismi bajarilgan yoki huquqlarning hech bo‘lmaganda bir qismidan foydalangan paytdan (masalan, aybdor tomonidan shartnoma bo‘yicha boshqa tarafga legallashtirilayotgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkni, bitim bo‘yicha majburiyatni boshqa taraf bajarganligidan qat’iy nazar, topshirilgan paytdan) boshlab tugallangan hisoblanadi.
Agar jinoiy yo‘l bilan topilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkning kelib chiqishiga qonuniy tus berish maqsadida, mulk bilan faqat nomigagina bitim tuzilgan bo‘lib, amalda u bo‘yicha mulkni o‘tkazish yoki xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) nazarda tutilmagan bo‘lsa, JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat aybdor va boshqa shaxs o‘rtasida shartnoma rasmiylashtirilgan paytdan (masalan, pul mablag‘lari jinoiy yo‘l bilan topilganligini yashirish uchun tuzilgan xizmatlarga haq to‘lash to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan paytdan) boshlab tugallangan hisoblanadi”;
(3.1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
3.2. Shuni nazarda tutish lozimki, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni legallashtirish faktini isbotlashda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki bunday pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk nomiga rasmiylashtirilgan uchinchi shaxslarda daromadlarning qonuniy manbalari mavjud emasligidan dalolat beruvchi holatlar shaxs tomonidan JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning obyektiv tomonini tashkil etuvchi harakatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi dalillar majmui bilan birga inobatga olinishi lozim.
(3.2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Sudning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk kelib chiqishining jinoiyligi haqidagi xulosasi, jinoyat ishidagi boshqa materiallar bilan bir qatorda, quyidagilarga asoslanishi mumkin:
asosiy jinoyat bo‘yicha chiqarilgan ayblov hukmiga;
JPK 84-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra, ishning asosiy jinoyat bo‘yicha tugatish to‘g‘risidagi dastlabki tergov organi qarori yoki sudning ajrimiga, basharti jinoyat ishi materiallarida asosiy jinoyat hodisasi va jinoyat tarkibi borligi to‘g‘risida dalillar mavjud bo‘lsa.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qarori tahririda)
5. Sudlar daromadlarni legallashtirishni jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkni olish yoki o‘tkazish jinoyatidan farqlashlari lozim. Jumladan, jinoyat (masalan, o‘zganing mulkini talon-toroj qilish) natijasida topilgan mulkni olish yoki o‘tkazish, agar bundan mulkka qonuniy egalik ko‘rinishi berilmayotgan bo‘lsa (masalan, texnik pasport yoki o‘g‘irlangan avtomobilni sotish uchun beriladigan ishonchnoma qalbakilashtirilgan), daromadlarni legallashtirish (JK 243-moddasi) tarkibini tashkil etmaydi.
Ishning muayyan holatlaridan (jumladan, talon-toroj qilingan mulk bilan amalga oshirilgan bitim oldiga qo‘yilgan maqsaddan) kelib chiqqan xolda bunday harakatlar o‘zganing mulkini talon-toroj qilishda ishtirokchilik (yordamchi shaklida) yoki jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkni olish yoki o‘tkazish (JK 171-moddasi) sifatida, bunga asoslar mavjud bo‘lganda esa, hujjatlarni qalbakilashtirish sifatida ham kvalifikatsiya qilinishi mumkin.
6. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, jinoiy faoliyat natijasida orttirilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkka nisbatan mulkiy huquq va majburiyatlarni vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki tugatishga qaratilgan harakatlarni sodir etishda ishtirok etgan shaxsning harakatlarini kvalifikatsiya qilish masalasini hal etishda, har bir holatda bu shaxs mazkur mol-mulk jinoiy faoliyat natijasida orttirilganligini aniq bilgan-bilmaganligi aniqlanishi shart. Masalan, agar shaxs jinoiy faoliyat natijasida topilgan mulkni legallashtirishni xohlab oldi-sotdi shartnomasi tuzgan bo‘lsa va oluvchi sotuvchida mazkur mulkka qonuniy tus berish maqsadi borligini anglagan holda bu mulkni sotib olsa, oluvchining harakatlari daromadlarni legallashtirishga ko‘maklashish sifatida JK 28, 243-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday hukm keyinchalik mulkni oldi-sotdi shartnomasi fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida haqiqiy emas deb topilishi uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Notarius tomonidan mansab vakolatlaridan pul mablag‘lari yoki boshqa mulkni legallashtirishga qaratilgan bitimni o‘zi bila turib tasdiqlash uchun foydalanilishi daromadlarni legallashtirishga ko‘maklashish sifatida (JK 28, 243-moddalari) bilan, bunga asoslar bo‘lganda esa, Jinoyat kodeksining boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi boshqa moddalari bilan ham bilan kvalifikatsiya qilinadi,
Oldingi tahrirga qarang.
7. Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, daromadlarni legallashtirishdan olingan mulk JPK 211-moddasi 5-bandiga ko‘ra, JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat predmeti hisoblanadi va Fuqarolik kodeksi 204-moddasiga asosan jismoniy yoki yuridik shaxsga asosiy jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zarar qoplangandan so‘ng konfiskatsiya qilinishi kerak.
(7-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qarori tahririda)
Agar shaxsni JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblashga doir ishni ko‘rish chog‘ida pul mablag‘lari yoki mulkning muayyan qismi jinoiy yo‘l bilan orttirilmaganligi aniqlansa, ular JPK 211-moddasi 4-bandiga asosan qonuniy egasiga qaytarilishi lozim.
8. Daromadlarni legallashtirish jinoyatini sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan jazo belgilashda, sudlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorida bayon etilgan tushuntirishlarga qat’iy rioya etishlari lozim.
Shu bilan birga, JK 243-moddasi dispozitsiyasida daromadlarni legallashtirish uchun jinoiy javobgarlik kelib chiqadigan miqdor belgilanmaganligini, mazkur moddaning sanksiyasi esa, faqat ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni nazarda tutishini inobatga olib, sudlar, insonparvarlik va odillik prinsiplariga amal qilib jazo mutanosibligini JK sakkizinchi bo‘limida berilgan miqdorlar (ancha, ko‘p, juda ko‘p miqdor)ga doir tushunchalarga tayangan holda belgilashlari lozim.
9. Daromadlarni legallashtirishga ko‘maklashuvchi omillardan biri jinoyatlarning o‘z vaqtida ochilmasligi ekanligini inobatga olgan holda, aybdor jinoyat natijasida qonunga xilof tarzda mulkni qo‘lga kiritgan har bir ishni ko‘rishda sudlar bunday faktlarga nisbatan xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirishlari kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi daromadlarni legallashtirishga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari, bu toifadagi ishlar bo‘yicha sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini chuqur tekshirishlari, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini o‘z vaqtida bartaraf etishlari lozim.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 10-iyundagi 23-sonli qarori tahririda)
Toshkent sh.,
2011-yil 11-fevral,
1-son