Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlarining suv taʼminoti tizimini takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Kommunal xizmat koʻrsatish sohasida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, tarmoqning ishlab chiqarish infratuzilmasini zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash, mintaqalar aholisini sifatli ichimlik suvi taʼminlashni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Direktorlar Kengashi “Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlarining suv taʼminoti tizimini takomillashtirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda “Loyiha” deb ataladi) amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga toʻlov muddati 25 yil, shu jumladan imtiyozli davri besh yil boʻlgan kredit berilishini maʼqullaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.08.00 Davlat qarzi]
2. Belgilansinki:
“Oʻzkommunxizmat” agentligi kredit mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi hamda loyihaning amalga oshirilishi uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
investitsiya davri (2002 — 2006-yillar)da foizlar va vositachilik haqi Osiyo taraqqiyot bankining krediti hisobiga qoplanadi;
2007-yil 1-yanvardan boshlab asosiy qarzni qoplash, kredit boʻyicha vositachilik haqi va foizlar toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari “Suvoqova” ishlab chiqarish boshqarmalari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari va kommunal-foydalanish birlashmalari, Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari hokimliklari “Suvoqova” ishlab chiqarish boshqarmalarining oʻz mablagʻlari, budjetdan tashqari jamgʻarmalar hamda viloyatlar va shaharlar budjetlari zaxira jamgʻarmalari, shuningdek manfaatdor korxonalar va tashkilotlar mablagʻlari hisobiga Loyihani moliyalashtirishda qatnashishni taʼminlasinlar.
4. Loyiha boʻyicha batafsil texnik-iqtisodiy hamda muhandislik-loyiha hujjatlarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda kredit mablagʻlarini jamlash va qaytarish tartibi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi uchun masʼuliyat “Oʻzkommunxizmat” agentligiga yuklansin.
5. Quyidagilar:
Moliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Osiyo taraqqiyot banki bilan Kredit bitimini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan “Oʻzkommunxizmat” agentligi oʻrtasidagi Qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni imzolashga;
“Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktori “Oʻzkommunxizmat” agentligi bilan Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasidagi Loyiha bitimini, shuningdek Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari hokimliklari bilan kelishgan holda koʻrsatib oʻtilgan shaharlarning “Suvoqova” ishlab chiqarish boshqarmalari bilan Qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimlarni imzolashga vakil qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasidagi Kredit bitimi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan “Oʻzkommunxizmat” agentligi oʻrtasidagi Qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha bir hafta muddatda yuridik xulosa bersin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi va Moliya vazirligi 2003 — 2006-yillarga investitsiya dasturini shakllantirishda Loyihani amalga oshirish uchun moliyalashtirishda markazlashtirilgan manbalar hisobiga har yili 0,2 mln.AQSH dollari miqdorida kapital qoʻyilmalar limitini nazarda tutsinlar.
8. “Oʻzkommunxizmat” agentligi bir oy muddatda belgilangan tartibda 7 kishidan iborat Loyihani boshqarish guruhini tashkil etsin, shuningdek Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari hokimliklari bilan kelishgan holda joylarda har biri 5 kishidan iborat Loyihani amalga oshirish guruhlarini tashkil etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida erishilgan kelishuvga, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq Loyiha doirasida investitsiya davri mobaynida bevosita yetkazib beruvchilar va pudratchilardan xarid qilinadigan tovarlar (bajariladigan ishlar, xizmatlar) Hukumatning Loyihani amalga oshirishdagi ulushi sifatida soliq toʻlovlari, davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar va bojxona toʻlovlari (yagona ijtimoiy toʻlov va bojxonada rasmiylashtirish uchun yigʻimlar bundan mustasno) toʻlashdan ozod qilinishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
1.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.07.00.00 Diplomatik va konsullik huquqi / 19.07.07.00 Konsullik vazifalari (pasport-viza ishlari, konsullik legalizatsiyasi) va yigʻimlar]
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzkommunxizmat” agentligining buyurtmanomalariga binoan mazkur Loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga belgilangan tartibda kirish vizalari konsullik yigʻimlari undirmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
[OKOZ:
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.02.00.00 Bojxona tarifini tartibga solish / 10.02.07.00 Tarif imtiyozlari va prefensiyalar;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni taʼminlash kuchlari / 16.02.05.00 Ichki ishlar organlari]
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzkommunxizmat” agentligining buyurtmanomalariga binoan Loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga, ularni davlat bojlari toʻlashdan ozod qilgan holda, koʻp martalik vizalarning berilishini va muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 26-mart,
98-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-martdagi 98-son qaroriga 2-ILOVA
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlarining suv taʼminoti tizimini takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtirish kengashi
TARKIBI
1.
Toʻlaganov K.N.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, Kengash rahbari
2.
Xoʻjayev B.E.
Makroiqtisodiyot va statistika vazirining oʻrinbosari
3.
Abdurahmonov M.S.
Moliya vazirining oʻrinbosari
4.
Isroilov A.X.
Sirdaryo viloyati hokimi
5.
Yamanqulov U.Ya.
Jizzax viloyati hokimi
6.
Hamidov B.S.
Qashqadaryo viloyati hokimi
7.
Vafoyev Sh.A.
Vazirlar Mahkamasi Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamentining guruh rahbari
8.
Isroilov J.I.
Vazirlar Mahkamasi Qurilish va qurilish materiallari sanoati, uy-joy-kommunal xoʻjaligi, transport va aloqa kompleksining yetakchi mutaxassisi
9.
Xolmuhamedov U.O.
“Oʻzkommunxizmat” agentligining bosh direktori, Kengashning masʼul kotibi