toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 26.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TOSHKENT SHAHRIDAGI HAZRATI IMOM (HASTIMOM) ME’MORIY MAJMUASIDA QURILISH-TA’MIRLASH, QAYTA TIKLASH VA OBODONLASHTIRISH ISHLARINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Fanlar Akademiyasi, Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda bir guruh jismoniy va yuridik shaxslarning tashabbusi bilan Toshkent shahar hokimligi qoshida Hazrati Imom (Hastimom) jamoatchilik jamg‘armasi ta’sis etilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin:
2. Hazrati Imom me’moriy majmuasi qurilishini (keyingi o‘rinlarda — majmua) o‘z vaqtida tugallash va foydalanishga topshirish maqsadida quyidagilar:
Hazrati Imom jamoatchilik jamg‘armasi — majmua qurilishining buyurtmachisi etib;
“ToshboshplanLITI” instituti, Madaniyat va sport ishlari vazirligining Tarixiy va arxitektura yodgorliklarni saqlash ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi, “Neftgazsanoatloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati — majmua qurilishining loyihalovchilari etib;
Madaniyat va sport ishlari vazirligining Tarixiy va arxitektura yodgorliklarni saqlash ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi, “Neftgazmontaj” mas’uliyati cheklangan jamiyat — bosh pudratchilar etib belgilansin.
3. Majmua qurilishini loyihalash ishlarini yakunlash muddati etib — 2007-yil 1-aprel;
qurilish-ta’mirlash, qayta tiklash va obodonlashtirish ishlarini yakunlash muddati etib — 2007-yil 1-avgust belgilansin.
4. Obyektlarning qurilishini va pardozlash ishlarini belgilangan muddatda bajarish va foydalanishga topshirish uchun majmua qurilishida loyihalash va qurilish ishlarini bir vaqtda amalga oshirilishiga ruxsat etilsin.
5. Toshkent shahar hokimligi (A.To‘xtayev), Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi bilan birgalikda Hazrati Imom jamoatchilik jamg‘armasi tomonidan majmuada qurilish-ta’mirlash, qayta tiklash va obodonlashtirish ishlari uchun ajratiladigan mablag‘larni maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlansin.
6. Bosh pudratchilar majmua qurilishida zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va qurilish materiallari bo‘yicha tuzilgan import kontraktlar bo‘yicha bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilinsin.
7. “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi (A.Toxtayev) loyiha-smeta hujjatlarini Davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlasin hamda ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq me’moriy majmuada qayta tiklash, qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining sifatli bajarilishini doimiy tarzda nazoratga olsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 23-fevral,
PQ-592-son