1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.03.00.00 Kommunal xoʻjalik / 08.03.09.00 Kommunal xizmatlarni toʻlash tartibi va tariflar hamda kompensatsiyalar (imtiyozlar)]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat]
UY-JOY-KOMMUNAL XIZMATLAR HAQINI TOʻLASH BOʻYICHA KOMPENSATSIYA PUL TOʻLOVLARINING MEXANIZMI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 30-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2175]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 12-yanvardagi 319-sonli ““Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2175-9, 19.01.2026-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
I. Imtiyozli shaxslar toifasi va kompensatsiya pul toʻlovlari miqdorlari
1. Quyidagilar eng kam ish haqining 45 foizi miqdorida oylik kompensatsiya pul toʻlovlari (keyingi oʻrinlarda — kompensatsiya deb yuritiladi) oluvchilari hisoblanadi:
a) oʻzgalar qaramogʻiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz pensionerlar, shu jumladan nogironlar ham;
b) 1941 — 1945-yillardagi ikkinchi jahon urushi nogironlari, qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, 1941 — 1945-yillardagi ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oilalari va vafot etgan nogironlarining xotinlari. Urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar doirasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-maydagi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini roʻyobga chiqarish uchun zarur boʻlgan normativ hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi 249-son qaroriga 2 va 3-son ilovalar bilan belgilangan;
Halok boʻlgan harbiy xizmatchining kompensatsiya pul toʻlovlarini olish huquqiga ega boʻlgan oila aʼzolariga boquvchisini yoʻqotgan taqdirda qonun hujjatlariga muvofiq halok boʻlgan harbiy xizmatchi uchun pensiya olish huquqiga ega boʻlgan oila aʼzolari kiritiladi.
Kompensatsiya pul toʻlovlari halok boʻlgan harbiy xizmatchining oila aʼzolariga ular oladigan pensiya turidan va oila aʼzolari birgalikda yoki alohida yashashlaridan qatʼi nazar, toʻlanadi;
v) birinchi va (yoki) ikkinchi darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar;
g) Sovet Ittifoqi Qahramonlari, Sotsialistik Mehnat Qahramonlari va Shuhrat ordenining uchala darajasi bilan mukofotlangan shaxslar, shaxsiy pensionerlar;
d) fashistlar konslagerlarining sobiq voyaga yetmagan tutqunlari;
e) Leningrad shahri qamali davrida shahar korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida ishlagan fuqarolar;
j) koʻzi ojiz I guruh nogironlari;
z) Chernobil halokati oqibatida ziyon koʻrgan fuqarolar;
i) yadro poligonlarida va boshqa yadroviy radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar.
2. Eng kam ish haqining 18 foizi miqdorida oylik kompensatsiya pul toʻlovlari oluvchilari deb 1941 — 1945-yillar ikkinchi jahon urushi davridagi mehnat fronti qatnashchilari hisoblanadi.
II. Kompensatsiya pul toʻlovlarini toʻlash tartibi va muddatlari
3. Kompensatsiyalar har oyda korxona shtatida turgan har bir xodimga (shu jumladan ishlovchi pensionerlarga) ish joyida, ishlamaydigan pensionerlarga va nafaqa oladigan bolalikdan nogironlarga hamda nafaqa oladigan pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega boʻlmagan, mehnatga qobiliyatsiz keksa fuqarolarga — pensiya (nafaqa) olish joyida toʻlanadi.
4. Ish haqi tuman koeffitsiyentlarini hisobga olib shakllantiriladigan tumanlar va joylarda ishlovchilar uchun kompensatsiya ushbu koeffitsiyentlarni hisobga olmasdan toʻlanadi.
5. Ishlamaydigan pensionerlarga kompensatsiya pensiya hujjatlarida mavjud hujjatlar asosida, yaʼni qoʻshimcha arizalarsiz toʻlanadi.
Zarurat tugʻilganda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimi pensionerning kompensatsiya olish huquqini tasdiqlaydigan qoʻshimcha hujjatlar talab qilishga haqlidir.
7. Bir necha asosga koʻra kompensatsiya olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga ularning tanlashi boʻyicha eng koʻp miqdordagi bitta kompensatsiya toʻlanadi.
8. Mehnat taʼtilida, taʼlim olish munosabati bilan taʼtilda, homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtilda boʻlish vaqti uchun, shuningdek vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri, bola ikki yoshga yetishiga qadar uni parvarish qilish boʻyicha xodimlar taʼtilda boʻlgan davr uchun ham kompensatsiyalar toʻlanadi.
9. Oluvchiga tegishli boʻlgan va uning vafot etishi munosabati bilan toʻliq olinmay qolgan kompensatsiya summasi u vafot etgan kunda birga yashagan oila aʼzolariga toʻlanadi. Mazkur holda kompensatsiya vafot etgan kuniga qadar toʻlanadi.
10. Ishdan boʻshash holatida xodim boʻshayotgan oy uchun kompensatsiya ish joyida toʻlanadi.
11. Kompensatsiya olish huquqiga ega boʻlgan, pensiya tayinlanishi uchun birinchi marta murojaat qilgan shaxslarga kompensatsiya pensiya tayinlash toʻgʻrisida ariza topshirilgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan tayinlanadi.
12. Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 12-songa 1-ilova) muvofiq uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha qonun hujjatlari bilan taqdim etiladigan imtiyozlar oʻrniga beriladigan kompensatsiyalar jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliq solinmaydi va soliq solinadigan obyektiga kiritilmaydi.
13. Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha qonun hujjatlariga koʻra alohida toifadagi fuqarolarga beriladigan imtiyozlar oʻrniga oylik kompensatsiya pul toʻlovlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda koʻrsatilgan toʻlovlar boʻyicha xarajatlarni moliyalash Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari orqali amalga oshiriladi.
14. Kompensatsiyalarni tayinlash va toʻlash ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiradi.