toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 27.09.2004
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT VAZIRLIGINING TAShKILIY TUZILMASINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh VA UNING FAOLIYATINI YaXShILASh TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 27-sentabrdagi PF-3491-sonli O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
 LexUZ sharhi
Ushbu Farmonning O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasiga taalluqli qismi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 29-apreldagi “O‘zbekkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-1427-son Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Jamoatchilikning respublika madaniyati va san’atini rivojlantirish muammolarini har tomonlama hal qilish, jamiyatning ma’naviy-axloqiy taraqqiyotida ularning mavqeini oshirish, aholining madaniy estetik talab-ehtiyojlarini to‘la-to‘kis qondirish zarurligi to‘g‘risidagi takliflarni inobatga olib, shuningdek madaniyat va kinematografiya tarmoqlarini boshqarishni takomillashtirish, bozor munosabatlari sharoitida mazkur soha muassasalariga rahbarlikning zamonaviy iqtisodiy usullarini keng joriy etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tuzilmasi qayta ko‘rib chiqilib, uning markaziy apparati hamda unga qarashli muassasalar negizida:
O‘zbekiston Respublikasining Madaniyat ishlari vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi tashkil qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Madaniyat ishlari vazirligining asosiy vazifalari quyidagilardan iboratdir:
milliy madaniyat sohasida davlat siyosati amalda ro‘yobga chiqarish, xalqning boy an’analarini tiklash va yanada rivojlantirish, respublikaning ijodiy uyushmalari bilan uzviy hamkorlikni mustahkamlash, davlatlararo va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish borasidagi chora -tadbirlar majmuini amalga oshirish:
respublika aholisining barcha tabaqalari o‘rtasida madaniy-ma’rifiy ishlarni avj oldirish va ularni aniq ravshan mazmun bilan boyitish, kishilarning madaniy va estetik ehtiyojlarini yana ham to‘liqroq qondirish, professional va xalq ijodiyotini, shuningdek ijtimoiy o‘zgarishlar va ilm-fan sohasidagi yutuqlarni keng targ‘ib qilish:
teatr, muzika, xoreografiya, estrada, tasviriy va xalq amaliy san’atini yangi bosqichga ko‘tarish, ularning g‘oyaviy-badiiy va ma’naviy saviyasini oshirish, O‘zbekistonning tarixi va madaniyat obidalarini muhofaza qilish ishini tubdan yaxshilash:
madaniyat sohasi xodimlari va ijodkor ziyolilarning ijtimoiy muhofazasini ta’minlash, umuminsoniy qadriyatlarini, insonparvarlik va axloqiylikni qaror topshirish lozim bo‘lgan kadrlar tayyorlash jarayonini yaxshilash, odamlarni o‘zining umumta’lim va madaniy saviyasini oshirishga, milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand bo‘lishga intilish ruhida tarbiyalash:
mazkur idoralarga qarashli madaniyat muassasalarni boshqarish tuzilmasini takomillashtirish va ularga rahbarlik qilishni yaxshilash, ularning tashabbuskorligini, mustaqilligi hamda iqtisodiy rag‘batlantirishni avj oldirish, bozor munosabatlari sharoitida madaniyat va san’atning tijorat sohasiga aylanib qolishiga barham berish yuzasidan amaliy choralarni ko‘rish, teatrlar, klublar, muzeylar, kutubxonalar, studiyalar va istirohat bog‘larining moddiy-texnika negizini mustahkamlash.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasining zimmasiga quyidagi vazifalarni hal qilish yuklatilsin:
qaysi tasarrufda bo‘lishidan qat’i nazar, respublika hududida faoliyat ko‘rsatayotgan kino va videofilmlar ishlab chiqaruvchi, namoyish etuvchi va tarqatuvchi tashkilotlarga rahbarlik qilish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, repertuarning g‘oyaviy-badiiy saviyasini nazorat qilish;
kino san’atining millatlararo aloqalarni rivojlantirish, uzoq muddatli qo‘shma xalqaro ijodiy dasturlarni tuzish, xalqaro va mintaqa kinofestivallarni, kino va video bozorlarini tashkil qilish, filmlarni birgalikda yaratishlarini muvofiqlashtirish;
respublika kino tarmog‘i korxonalari, tashkilotlar va muassasalarning tashkiliy tuzilmasi xamda moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini yanada takomillashtirishga doir me’yoriy hujjatlarni qabul qilish uchun takliflar tayyorlash.
Shu narsa belgilab qo‘yilsinki:
respublika hududida ish olib boradigan kino hamda videofilmlar ijodiy-ishlab chiqarish studiyalari, kino va videofilmlarni namoyish qiluvchi, tarqatuvchi birlashmalar va punktlar qaysi tasarrufda ekanligidan, shuningdek mulkchilik shaklidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining Davlat kinokompaniyasida shartnoma asosida ro‘yxatdan o‘tishga majburdirlar;
belgilangan tartibda ro‘yxatga olinmagan tashkilotlar va fuqarolarning respublika hududida kino va videomahsulot ishlab chiqarishlari hamda tarqatishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
4. Vazirlar Mahkamasi 10 kun ichida:
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining tuzilmasi va faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida;
Davlat kinokompaniyasini tashkil qilish to‘g‘risida qarorlar tayyorlab, mazkur kinokompaniyaning tuzilmasi va Nizomini tasdiqlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-mart,
PF-360-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 5-son, 220-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 4-son, 44-modda)