1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.10.04.00 (Кучини йукотган) Aksiz soligʻi / 07.10.04.03 (Кучини йукотган) Aksiz soligʻini toʻlash tartibi, muddatlari va imtiyozlari / 07.90.00.00 (Кучини йукотган)Umumdavlat soliqlari]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
Qarori
IChKI BOZORDA SOTILAYOTGAN “JENERAL MOTORS OʻZBEKISTON” YoAJ TOMONIDAN IShLAB ChIQARILGAN AVTOMOBILLARGA AKSIZ SOLIGʻINI HISOBLASh VA TOʻLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 2-dekabrdagi 21-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3340, 03.12.2021-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, 12-songa 1-ilova), Oʻzbekiston Respublikasini “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, 9-son, 232-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi PQ-1245-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 52-son, 560-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Ichki bozorda sotilayotgan “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillarga aksiz soligʻini hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 14-iyul,
59-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 14-iyul,
2010-29-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2010-yil 14-iyuldagi 59, 2010-29-sonli qaroriga ILOVA
Ichki bozorda sotilayotgan “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillarga aksiz soligʻini hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, 12-songa 1-ilova), Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, 9-son, 232-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi PQ-1245-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 52-son, 560-modda) muvofiq ichki bozorda sotilayotgan “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillarga aksiz soligʻini hisoblash va toʻlash tartibini belgilaydi.
1. Aksiz soligʻini toʻlovchilar “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ tomonidan ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ bilan tuzilgan savdo-dilerlik kelishuvlari (matnda — “dilerlar”) asosida sotuvchi yuridik shaxslardir.
II. Soliq solish obyekti va soliq solinadigan baza
2. Aksiz soligʻi boʻyicha soliqqa tortish obyekti boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq soliqqa tortiladigan “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillarni sotish hisoblanadi.
3. Aksiz soligʻini hisoblashda soliq solinadigan baza boʻlib, “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillarni dilerlar tomonidan respublika ichida sotiladigan, dilerning komission mukofotini chegirib tashlagan holdagi qiymati hisoblanadi.
III. Aksiz soligʻi mablagʻlarini hisoblash va jamlash tartibi
4. Sotilgan avtomobilga aksiz soligʻi summasi quyidagi formula orqali hisoblanadi:
S — aksiz soligʻi summasi;
N — soliq solish bazasi;
A — aksiz soligʻi stavkasi.
Misol: Diler tomonidan “MX B0” modifikatsiyali “Matiz BEST” rusumli avtomobil 11 363,38 ming soʻm chakana narxga sotilgan boʻlib, ushbu summa 222,81 ming soʻmga teng boʻlgan dilerning komission mukofot pulini ham oʻz ichiga olgan. Aksiz soligʻining stavkasi 29% ga teng. Soliq solish bazasi 11 140,57 ming soʻmni (11 363,38 - 222,81) tashkil etadi. Shunda aksiz soligʻi summasi 2 504,47 ming soʻmni (11 140,57*29/129) tashkil etadi.
5. Dilerlar, ushbu Nizomning 4-bandiga muvofiq hisoblangan aksiz soligʻi summasini, avtomobillarni sotishdan olinadigan tushum bilan birgalikda, savdo-dilerlik kelishuvida koʻrsatilgan muddatlarda “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ ning maxsus bank hisob raqamiga bir vaqtda oʻtkazadilar.
6. Xorijiy valyutadagi xalqaro plastik kartochkalardan foydalangan holda avtomobillar sotilganda, avtomobil uchun toʻlov xaridorlar tomonidan “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ ning tranzit valyuta hisob raqamiga oʻtkaziladi. Toʻlov summasi toʻlov oʻtkazilgan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha ichki bozorda amalda boʻlgan chakana narxiga ekvivalent miqdorda boʻladi.
Shu bilan birga, “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ milliy valyutadagi oʻz pul mablagʻlari hisobidan:
aksiz soligʻi summasini — “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ ning maxsus bank hisob raqamiga;
dilerning komission mukofot summasini — dilerning talab qilib olinguncha boʻlgan depozit hisob raqamiga oʻtkazadi.
7. “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ bilan dilerlar orasidagi oʻzaro hisob-kitoblarning holati savdo-dilerlik kelishuvlari shartlariga muvofiq har oylik solishtirma dalolatnomalar tuzish orqali nazorat qilib boriladi.
8. Aksiz soligʻi mablagʻlari “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ ning maxsus bank hisob raqamidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qarorlariga muvofiq belgilangan tartibda quyidagi muddatlarda koʻchiriladi:
oyning birinchi oʻn kunligi uchun — shu oyning 13-kunidan kechiktirmay;
oyning ikkinchi oʻn kunligi uchun — shu oyning 23-kunidan kechiktirmay;
oyning oxirgi oʻn kunligi uchun — keyingi oyning 3 kunidan kechiktirmay.
9. Aksiz soligʻining hisob-kitobi dilerlar tomonidan soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga, ushbu Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda:
mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan — yilning har choragida soliq davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay;
mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga kirmaydigan soliq toʻlovchilar tomonidan — har oyda soliq davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay taqdim etiladi.
10. Aksiz soligʻini toʻgʻri hisoblash va toʻlash hamda davlat soliq xizmati organlariga oʻz vaqtida hisob-kitoblarni taqdim etish boʻyicha masʼuliyat qonunchilikka muvofiq, dilerlar zimmasidadir.
11. Aksiz soligʻi mablagʻlarini toʻgʻri hisoblanishi va toʻlanishi boʻyicha nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, ushbu Nizom va qonunchilikning boshqa hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
12. Ushbu Nizom “Oʻzavtosanoat” AK bilan kelishilgan.
“Oʻzavtosanoat” AK Boshqaruv raisi U. ROZUQULOV
2010-yil 14-iyul
Ichki bozorda sotilayotgan “Jeneral Motors Oʻzbekiston” YoAJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillarga aksiz soligʻini hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA