Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Yosh avlodni umuminsoniy qadriyatlar asosida, xalqimizning maʼnaviy merosiga chuqur hurmat ruhida tarbiyalashni yanada yaxshilash va bu sohada matbuot vositalaridan samarali foydalanish hamda mavjud bolalar nashrlarini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Gʻuncha”, “Gulxan” jurnallari hamda “Tong yulduzi” va “Solnishko” (“Aziya yunpress”) gazetalarining moliyaviy taʼminoti davlat tasarrufiga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Davlat matbuot qoʻmitasi ushbu nashrlarning muassislari etib belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Davlat matbuot qoʻmitasi ushbu nashrlarni yuksak badiiy-tarbiyaviy darajada chiqarilishini taʼminlash, tahririyatlarga tegishli shart-sharoit yaratib berish choralarini koʻrsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi muassislar taqdim etgan hisob-kitob asosida 1995-yildan boshlab har yili ushbu jurnallar va gazetalarni nashr etish xarajatlarining olingan foyda evaziga qoplanmagan qismini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan mablagʻ ajratishni nazarda tutsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy masalalar va madaniyat boʻlimiga yuklansin.