Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Chirchiq shahrida 1977-yildan kuzatila boshlangan III va IV aholi yashash joylaridagi yerning choʻkish holatlari keyingi ikki yilda ancha tezlashdi va tabiiy ofat tusini ola boshladi. 1993-yilning oʻzida jiddiy deformatsiyalar tufayli odamlar yashaydigan uchta uy avariya holatiga kelib qolganligi sababli mazkur uylarda yashovchi aholini boshqa joyga koʻchirishga majbur boʻlindi.
Yerning choʻkish holatlari tezlashishi sabablarini mufassal tadqiq qilish, ularni bartaraf qilish hamda shikastlangan bino va inshootlarning, poydevorlarini va deformatsiyaga uchragan konstruksiyalarini mustahkamlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi (Gʻaniyev) oʻziga qarashli institutlar va tashkilotlar kuchi bilan Chirchiq shahrining III va IV aholi yashash joylarida kompleks loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirib, yerning choʻkish holatlarini bartaraf qilish, turarjoy, ijtimoiy-madaniy maishiy obyektlarni, muhandislik kommunikatsiyalarini qayta qurish va tiklash hamda tevarak atrofni obodonlashtirishga oid tavsiyalarni ishlab chiqsin va loyiha-smeta hujjatlarini taqdim etsin.
“Oʻzsanoatxoʻjalikqurilish” korporatsiyasi ushbu chora-tadbirlarni amalga oshiruvchi bosh pudratchi etib belgilansin.
2. Toshkent viloyati hokimligi (Ikromov) Chirchiq shahrining III va IV aholi yashaydigan joylaridagi ayrim binolar va inshootlar, muhandislik kommunikatsiyalarini tiklash hamda qayta qurish va tevarak atrofni obodonlashtirish ishlarini 1994-yilda kapital qurilish uchun ajratilgan umumiy hajmlar hisobiga amalga oshirsin. 1994-yilning birinchi yarim yili yakunlari boʻyicha, zaruriyat boʻlsa, Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilsin.
3. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi (Golishev), Moliya vazirligi (Guskova) kapital qurilish istiqbol parametrlarida Toshkent viloyati hokimligiga, asoslovchi materiallar taqdim etilishiga koʻra Chirchiq shahrining III va IV aholi yashash joylarida tadqiqot, loyiha-qidiruv, tiklash va qayta qoʻrish ishlarini bajarish uchun maqsadli markazlashgan mablagʻlarni nazarda tutsin.
4. Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Chirchiq shahrining III va IV aholi yashash joylarida tadqiqot, obyektlarni loyihalash hamda qurish ishlarida xatoliklarga yoʻl qoʻygan, irrigatsiya tarmoqlaridan va inshootlardan zarur darajada foydalanishni taʼminlamagan mansabdor shaxslarning javobgarligi masalasini koʻrib chiqsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish, Vazirlar Mahkamasining Qurilish, transport va aloqa majmuiga yuklatilsin.