Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Eksportga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, importning oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarishlarni kengaytirish maqsadida hamda Buyuk Britaniya Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasi uchun kreditlarni sugʻurta qilish haqidagi qarorini eʼtiborga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Oʻzbekistonga texnologiyalar va asbob-uskunalar yetkazib berishni mablagʻ bilan taʼminlash yuzasidan “Barklayz bank” (Buyuk Britaniya) bilan uzoq muddatli Umumiy bitim tuzish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
ikki oy muddatda Buyuk Britaniyaning eksport kreditlarini kafolatlash departamentining sugʻurta qoplamasi ostida “Barklayz bank” bilan 75 mln funt sterling summasidagi Umumiy bitimni imzolasin va bu haqda respublika Hukumatiga axborot bersin;
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda kredit berishning asosiy prinsiplariga va loyihalarning toʻliq oʻzini qoplashiga qatʼiy rioya qilgan holda texnik-iqtisodiy asoslanishi kompleks ekspertizadan oʻtgan Angliya texnologiyalari va asbob-uskunalari yetkazib berilishining “Barklayz bank” kredit liniyasi hisobidan mablagʻ bilan taʼminlanishi moʻljallanayotgan loyihalarni tanlov asosida tanlab olsin. Ekspert xulosalari ijobiy boʻlgan taqdirda loyihalar roʻyxatini kelishish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
respublika uchun ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan va eksportga moʻljallangan hamda importning oʻrnini bosishga yoʻnaltirilgan loyihalar yuzasidan xalqaro kreditlarni mablagʻ bilan qayta taʼminlash boʻyicha “Barklayz bank” bilan yakka tartibdagi kredit bitimini tuzsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Moliya vaziri B.S. Hamidovga, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida, “Barklayz bankidan olinadigan kreditlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kafolatni har bir loyiha uchun alohida imzolash vakolati berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Barklayz bank” bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oʻrtasida tuzilgan Umumiy bitim qoidalariga, yakka tartibdagi kredit bitimlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hukumati kafolatlari yuzasidan yuridik xulosalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Mazkur qarorning qanday bajarilayotganligi toʻgʻrisida respublika Hukumatiga yilning har choragida axborot berilsin.