toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 24.09.2013
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 23-sentabrdagi OʻRQ-353-sonli “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari
Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ushbu Qonundan hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
OIV kasalligi — odamning immunitet tanqisligi virusi oqibatida kelib chiqqan oʻta xavfli yuqumli kasallik;
OIV kasalligini yuqtirganlar — odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligini yuqtirgan shaxslar;
OITS — orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi, OIV kasalligining terminal (soʻnggi) bosqichi.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning OIV kasalligi/OITS yuqqan-yuqmaganligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan oʻtish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashayotgan yoki turgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ismi-sharifini sir saqlagan holda, ixtiyoriy ravishda OIV kasalligi/OITS yuqqan-yuqmaganligini aniqlash maqsadida anonim tibbiy tekshiruvdan oʻtish huquqiga egadirlar.
OIV kasalligi/OITS yuqqan-yuqmaganligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi va u eʼlon qilinishi lozim.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
4-modda. OIV kasalligi/OITSning oldini olish sohasidagi davlat taʼminoti
(4-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
Davlat:
odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida aholining xabardor qilinishini;
OIV kasalligi/OITSning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash vositalari yetkazib berilishini, shuningdek tashxis qoʻyish, davolash va ilmiy maqsadlarda qoʻllaniladigan tibbiy preparatlar, biologik suyuqliklar, organlar va toʻqimalarning xavfsiz boʻlishi ustidan nazorat qilinishini;
(4-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi hududida OIV kasalligi/OITSning tarqalishi ustidan epidemiologik nazorat oʻrnatilishini;
(4-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
OIV kasalligi/OITS yuqqan-yuqmaganligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun shart-sharoit yaratilishini;
(4-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
tibbiy tekshiruvdan oʻtishning xavfsiz, ism-sharif sir saqlangan holda va anonim tarzda boʻlishini;
aholi tibbiy tekshiruvdan bepul oʻtkazilishini va OIV kasalligini yuqtirganlar va OITS ga chalingan bemorlar bepul davolanishini;
OIV kasalligi/OITSni yuqtirganlarga ijtimoiy-maishiy yordam koʻrsatilishini, ular yangi ixtisosga oʻrgatilishini va ishga joylashtirilishini;
(4-moddaning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
OIV kasalligi muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar rivojlantirilishini;
OIV kasalligi tarqalishining oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun mutaxassislar tayyorlashni taʼminlaydi.
5-modda. OIV kasalligi/OITSning oldini olish boʻyicha faoliyatni moliyalash
OIV kasalligi/OITSning oldini olishga doir faoliyat davlat budjeti mablagʻlari, maqsadli fondlar, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari, boshqa manbalar hisobidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
6-modda. OIV kasalligi/OITSni yuqtirganlarning aniqlanishi oqibatlari
(6-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarida OIV kasalligi/OITS aniqlangan taqdirda, ular qon, biologik suyuqlik, organlar va toʻqimalarning donori boʻla olmaydilar. OIV kasalligi/OITSni yuqtirganlar tibbiy kuzatuv ostida boʻlishlari shart.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarda OIV kasalligi aniqlangan taqdirda, ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqarilib yuborilishlari mumkin.
7-modda. OIV kasalligi/OITSni yuqtirganlik uchun javobgarlik
Bila turib boshqa shaxsni OIV kasalligi/OITSni yuqtirish xavfi ostida qoldirish yoki unga OIV kasalligi/OITSni yuqtirish, shuningdek shaxsning kasb yuzasidan oʻz vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida boshqa shaxsga OIV kasalligi/OITSni yuqtirishi qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasiga qarang.
(7-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
8-modda. OIV kasalligi/OITS yuqqan shaxslarning sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash
Shaxsning kasb yuzasidan oʻz vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida OIV kasalligi/OITS yuqqan shaxslarning sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Zarar oʻrnining qoplanishi aybdor shaxslarni qonunga muvofiq javobgarlikdan ozod etmaydi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobiga qarang.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
9-modda. OIV kasalligi/OITS bilan kasallangan shaxslarning hamda ular oila aʼzolarining huquqlari va ijtimoiy muhofazasi
(9-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
Odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligini yuqtirgan hamda OITS bilan kasallangan shaxslar oʻzlariga insoniy munosabatda boʻlinishi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda bepul tibbiy yordam koʻrsatilishi va ijtimoiy taʼminlanish huquqiga egadirlar.
Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslar har oyda eng kam oylik ish haqi miqdorida davlat nafaqasini olish va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nogiron bolalar uchun belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqiga egadirlar.
OIV kasalligini yuqtirgan yoki OITSga duchor boʻlgan bolalarning ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) yosh bolalari bilan birga statsionarda boʻlish hamda shu paytda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini olgan holda ishdan ozod boʻlib turish huquqiga egadirlar.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 285-moddasiga qarang.
10-modda. OIV kasalligini yuqtirgan va OITS ga duchor boʻlgan bemorlar huquqlarining kafolatlari
OIV kasalligini yuqtirgan va OITS ga duchor boʻlgan bemorlarda OIV kasalligi/OITS mavjudligiga asoslanib, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish, ularni ishga qabul qilishdan (Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilagan roʻyxatdagi ayrim kasbiy faoliyat turlari bundan mustasno), taʼlim muassasalariga hamda tibbiy yordam koʻrsatuvchi muassasalarga qabul qilishdan bosh tortish, hamda ularning boshqa huquq va qonuniy manfaatlarini cheklash, xuddi shuningdek ular oila aʼzolarining turar joy huquqlari, boshqa huquq va qonuniy manfaatlarini cheklash taqiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: OIV/OITS (VICh/SPID) virusi bilan kasallangan shaxslar ishlashi man etilgan ishlar roʻyxati va kasb turlari toʻgʻrisidagi qaror (roʻyxat raqami 881 2000-yil 25-yanvar).
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
11-modda. Oʻz xizmat vazifalarini bajarayotganda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yuqishi xavfi ostida boʻlgan tibbiyot xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish
OIV kasalligi/OITSga duchor boʻlgan bemorlarni davolash-tashxis qoʻyish va profilaktika ishlarida, ularga xizmat koʻrsatishda band boʻlgan, OIV kasalligi/OITS oʻchogʻida epidemiyaga qarshi tadbirlarni taʼminlaydigan shaxslarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.
(11-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
Tibbiyot xodimlari hamda sogʻliqni saqlashning boshqa xodimlariga ular xizmat vazifalarini ado etishi chogʻida OIV kasalligi/OITS yuqsa, bu — kasbiy kasalliklar toifasiga kiradi.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasiga kirish shartlari
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, ular oʻzlarida OIV kasalligi/OITS yoʻqligini tasdiqlovchi sertifikatni qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda taqdim etganlari taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun viza beradilar.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 24-maydagi OʻRQ-248-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 21-son, 161-modda)
13-modda. Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishning (OIV kasalligining) oldini olish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 19-avgust,
816-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 213-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 21-son, 161-modda)