Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Oliy Majlis binosini foydalanishga topshirishni soʻzsiz taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligi Oliy Majlis binosini qurilish boʻyicha — buyurtmachi, “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi esa bosh pudratchi etib belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1996-yilda qurilish hamda materiallar va asbob-uskunalarni respublika tashqarisida sotib olish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar maqsadli ajratilishini nazarda tutsin.
Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasi obyekt qurilish uchun asbob-uskunalar va materiallar sotib olishga yoʻnaltirilgan pul mablagʻlarini konvertatsiya qilishda koʻmaklashsin.
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi 1996-yilga moʻljallangan dasturni tuzishda koʻrsatib oʻtilgan obyektni investitsiya dasturiga kiritish nazarda tutsin.
3. “Oʻzqurilishmateriallari” davlat konserni va “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi bosh pudratchi-”Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining roʻyxati boʻyicha zarur miqdordagi marmar, granit va boshqa moddiy-texnika resurslari shartnoma asosida yetkazib berilishi taʼminlansin.
4. Obyektning belgilangan muddatda ishga tushirilishini taʼminlash maqsadida “Toshsotsuyjoybank” loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlagunga qadar mablagʻ bilan taʼminlashni ish chizmalari boʻyicha amalga oshirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H.Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.