Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Samarqand viloyati hokimligining paxtachilik xoʻjaliklari negizida rasman dehqon xoʻjaliklari uyushmalariga birlashtirilgan, aslida boshqarib boʻlmaydigan mayda, mustaqil ishlab chiqarish boʻlinmalarini tashkil etish amaliyoti qishloq xoʻjaligida oʻtkazilayotgan iqtisodiy islohotlarning mohiyati va maqsadini obroʻsizlantirish sifatida qoralansin.
Qishloqda islohotlarni amalga oshirish borasida yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun viloyat hokimi oʻrinbosari A. Qalandarov, viloyat agrosanoat uyushmasi raisi S. Qoʻldoshev, shuningdek Kattaqoʻrgʻon, Payariq va Paxtachi tumanlari hokimlari ishdan boʻshatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Husanov), “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi (Nosirov) va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi (Usmonov) Samarqand viloyati qishloq xoʻjaligida islohotlarning amalga oshirilishini nazorat qilmaganligi qayd etilsin.
Respublika qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy qayta oʻzgartirishlarning tashkil etilishi va samaradorligi uchun ular shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsinlar.
3. Markaziy bank va “Paxta-bank” Samarqand viloyatining tegishli banklari tomonidan dehqon xoʻjaliklariga hisob-kitob schyotlari ochilishining qonuniyligini koʻrib chiqsinlar, ushbu ishni tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrsinlar, aybdorlarni javobgarlikka tortsinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari qishloq xoʻjaligida mulkchilik shakllarini oʻzgartirish hamda ishlab chiqarish boʻlinmalarining yangi turlarini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirishda xoʻjaliklarning yaxlitligiga va texnologik jarayonning uzluksizligiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlasinlar.
5. Ushbu qaror Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari majlislarida muhokama qilinsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.