toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
JINOYAT ISHLARI BOʻYICHA PROTSESSUAL CHIQIMLARNI UNDIRISH AMALIYOTI TOʻGʻRISIDA
Jinoyat ishlari boʻyicha protsessual chiqimlarni undirishga oid sud amaliyoti natijalarini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi mazkur masala yuzasidan sudlar faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjudligini taʼkidlaydi.
Sudlar tomonidan jinoyat ishi boʻyicha sarf qilingan protsessual chiqimlarni mahkumlardan undirish borasida, koʻpincha, qonunga xilof tarzda zarur choralar koʻrilmayapti dastlabki tergov organlaridan ayblov xulosasiga ular tomonidan sarf qilingan protsessual chiqimlar turi va miqdori toʻgʻrisida maʼlumotnomalar ilova qilish talab etilmayapti; mahkumlardan undirilishi lozim boʻlgan protsessual chiqimlar yetarli asoslarsiz davlat hisobiga oʻtkazilyapti; shaxs ayb eʼlon qilingan moddalardan biri boʻyicha oqlangan yoki ayb epizodlaridan biri yoki bir nechtasi chiqarilgan hollarda mazkur ayblov yoxud epizod boʻyicha dalillarni yigʻish va tekshirish bilan bogʻliq protsessual chiqimlar mahkumlarga asossiz ravishda yuklanayapti.
Sudlar Jinoyat-protsessual kodeksining 471-moddasi 3 bandi va 320-moddasi talabini buzib, qator hollarda protsessual chiqimlar kimga va qancha miqdorda yuklanishi lozimligini hal etishmayapti va hukmda koʻrsatishmayapti; baʼzan bunda Jinoyat-protsessual emas, balki Fuqarolik protsessual kodeksiga amal qilishmoqda, ayrim hollarda protsessual chiqimlarni davlat foydasiga emas, balki muayyan shaxslar yoki tashkilotlar foydasiga undirishmoqda; ish boʻyicha bir necha shaxs sudlanganda protsessual chiqimlarni hissali emas, balki solidar tartibda undirishmoqda.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar ishlarni apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida koʻrish chogʻida protsessual chiqimlarga oid masala hukmda toʻgʻri hal etilganligini tekshirishga yetarli eʼtibor berishmayapti; bunday masala hukmda hal etilmagan hollarda sudlardan yoʻl qoʻyilgan xatolarni JPK 541-moddasida nazarda tutilgan tartibda tuzatishni talab etishmayapti.
(muqqadimaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Yuqorida qayd etilgan kamchiliklar shunga olib kelmoqdaki, jinoyat ishlari boʻyicha protsessual chiqimlar toʻliq undirilmasligi oqibatida davlatga zarar yetkazilmoqda.
Jinoyat ishlari boʻyicha protsessual chiqimlarni undirishga oid sud amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, sudlar tomonidan qonun normalari toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori jinoyat ishlari boʻyicha protsessual chiqimlarni undirish toʻgʻrisidagi qonun talablarini qatʼiy bajarishga qaratilsin.
2. Tushuntirilsinki, Jinoyat protsessual kodeksining 318-moddasiga muvofiq jinoyat ishlari boʻyicha protsessual chiqimlar quyidagilardan iborat:
jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga, xolislarga ularning protsessual harakatlar oʻtkaziladigan joyga kelib ketish, turar joyni ijaraga olish xarajatlarini qoplash uchun, shuningdek, sutkalik xarajat puli tariqasida beriladigan summadan;
doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, xolislarga ularni odatdagi mashgʻulotidan chalgʻitganlik uchun toʻlanadigan summadan;
ekspertlarga, tarjimonlarga, mutaxassislarga ular surishtiruv, dastlabki tergov yoki sudda oʻz vazifalarini bajarganligi uchun toʻlanadigan haqdan, ana shu vazifalar xizmat topshirigʻi tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno;
ushbu Kodeksning 50-moddasiga muvofiq sudlanuvchi toʻlovdan ozod qilingan taqdirda yuridik yordam koʻrsatganlik uchun himoyachiga toʻlanadigan haqdan;
ashyoviy dalillarni saqlash va joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlar summasidan;
ekspertiza muassasalarida ekspertiza oʻtkazish uchun sarflangan summadan;
shaxslarni ushlash, majburiy keltirish va qidirish uchun qilingan xarajatlardan;
Oldingi tahrirga qarang.
surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud majlisini videokonferensaloqadan foydalangan holda oʻtkazish chogʻida qilingan xarajatlardan;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
jinoyat ishini yuritishda qilingan boshqa xarajatlardan.
3. Protsessual chiqimlarga tegishli boshqa xarajatlar deganda, jinoyat ishi boʻyicha bevosita shaxsning aybdorligiga doir dalillarni toʻplash va tekshirish yuzasidan surishtiruv, tergov organlari va sudlar tomonidan qilingan sarf-xarajatlar tushuniladi. Boshqa xarajatlarga, jumladan, tergov eksperimenti yoki ekspertiza oʻtkazish chogʻida buzilgan yoki yoʻq qilingan narsalar qiymatini qoplash jinoyat ishini alohida ish yurituvga ajratish tanib olish uchun koʻrsatilgan shaxslar (ayblanuvchilardan tashqari) xarajatlarini qoplash bilan bogʻliq sarflar kiritilishi mumkin.
4. Jinoyat ishlari boʻyicha protsessual chiqimlarga quyidagilar kirmaydi:
Oldingi tahrirga qarang.
guvoh, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi tariqasida chaqiriladigan shaxsning surishtiruv, tergov organlari, prokuror yoki sudga chaqirilganligi bilan bogʻliq vaqt uchun ularning ish joyida qonunga koʻra saqlanib qoluvchi oʻrtacha ish haqi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
ekspert, mutaxassis, tarjimonga u surishtiruv, dastlabki tergov yoki sudda oʻz vazifalarini bajarganligi uchun toʻlanadigan haq, basharti bu vazifalar xizmat topshirigʻi tartibida bajarilganda;
mazkur ishni surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudda yuritish bilan bogʻliq devonxona va pochta xarajatlari.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sudlar har bir jinoyat ishini oʻz ish yurituviga olish paytida dastlabki tergov organlari tomonidan JPK 380-moddasi birinchi qismining ayblov xulosasiga hamda surishtiruv organlari tomonidan JPK 38112-moddasi uchinchi qismining ayblov dalolatnomasiga protsessual chiqimlar turi va miqdoriga doir maʼlumotnoma ilova qilinishi toʻgʻrisidagi talabi bajarilganligini tekshirishlari lozim. Bunday maʼlumotnoma yarashuv toʻgʻrisidagi ariza, ishni sudga qadar yuritish bosqichida amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma, tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror bilan sudga yuboriladigan ish boʻyicha ham ilova etilishi shart.
Dastlabki tergov va surishtiruv davrida qonun ushbu normasi talabi bajarilmaganligini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-oktabrdagi “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 570-son qarori talablariga asosan hisoblanmaganligi aniqlagan taqdirda, sudya qonun analogiyasi boʻyicha (JPK 398-moddasi) surishtiruvchi va tergovchi zimmasiga tegishli maʼlumotnomani taqdim etish vazifasini yuklaydi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
6. Tushuntirilsinki, JPK 471-moddasi 3-bandiga koʻra, protsessual chiqimlarga doir masala hukmda (ajrimda) hal etilishi shart boʻlib, unda chiqimlar kimga va qay miqdorda yuklanishi koʻrsatiladi.
Protsessual chiqimlarga doir masala hukm (ajrim) chiqarish paytida hal etilmagan hollarda, bu masala hukm (ajrim) chiqargan sud tomonidan JPK 541-moddasi tartibida hal qilinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JPK 320-moddasi birinchi qismiga muvofiq jinoyat ishini tergov qilish va sudda koʻrishda sarf qilingan chiqimlar davlat foydasiga mahkumlardan (shu jumladan, jazodan ozod qilingan yoki jazo tayinlanmagan holda ayblov hukmi chiqarilganda ham) undiriladi, tarjimonga toʻlangan summalar, shuningdek JPK 320-moddasi oltinchi, yettinchi va sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Protsessual chiqimlar, shuningdek, yarashuv amnistiya akti yoki tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilishi munosabati bilan jinoyat ishi tugatilgan shaxslar zimmasiga ham yuklanishi mumkin.
Agar ish boʻyicha bir necha shaxs aybdor deb topilgan boʻlsa, protsessual chiqimlar ulardan solidar emas, balki ulardan har birining aybi xarakteri, sodir etilgan jinoyat uchun javobgarligi darajasi va mulkiy ahvolini hisobga olgan holda hissali tartibda undiriladi.
8. Tushuntirilsinki, qonunda nazarda tutilgan ayrim hollarda protsessual chiqimlar jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilaridan undirilishi mumkin, jumladan:
surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga chaqirilganda kelmagan protsess ishtirokchisidan — ishning sudda koʻrilishi yoki tergov harakatlari oʻtkazilishi uning uzrsiz sabablarga koʻra kelmasligi oqibatida kechiktirilgan hollarda;
tegishli advokatlar tuzilmasidan — advokat surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga chaqirilganda uzrsiz sabablarga koʻra kelmaganda;
jabrlanuvchining shikoyati asosida qoʻzgʻatiladigan ish boʻyicha ish yuritish uning arizasiga koʻra boshlangan shaxsdan — mazkur ish boʻyicha sudlanuvchi oqlangan taqdirda.
Sud voyaga yetmaganlar jinoyatlari haqidagi ishlar boʻyicha protsessual chiqimlarni toʻlashni mahkumning ota-onasiga yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslar zimmasiga yuklashi mumkin, basharti voyaga yetmagan shaxs xulq-atvori ustidan tegishli nazorat yoʻqligida ularning aybi mavjud boʻlganda.
9. Sudlar shunga eʼtibor berishlari lozimki, protsessual chiqimlar quyidagi hollarda davlat hisobiga oʻtkaziladi:
sudlanuvchi oqlangan yoki ish ushbu Kodeksning 83-moddasiga muvofiq tugatilgan taqdirda. Sudlanuvchi bir ayblov boʻyicha oqlangan, boshqa ayblov boʻyicha esa aybli deb topilgan boʻlsa, sud u aybli deb topilgan ayblov bilan bogʻliq protsessual chiqimlarni toʻlashni uning zimmasiga yuklaydi;
protsessual chiqimlar undirilishi lozim boʻlgan mahkum mulkiy jihatdan uni toʻlashga qodir boʻlmagan taqdirda. Protsessual chiqimlarni toʻlashi mahkumning qaramogʻida boʻlgan shaxslarning moddiy ahvoliga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, sud mahkumni protsessual chiqimlarni toʻlashdan butunlay yoki qisman ozod etishga haqli.
Tarjimonga va advokat xizmatiga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar bilan bogʻliq protsessual chiqimlar ham, agar mahkum huquqiy yordam uchun haq toʻlashdan ozod etilgan boʻlsa, davlat hisobiga oʻtkaziladi.
Sud yoki sudya protsessual chiqimlar davlat hisobiga oʻtkazilishi lozimligi toʻgʻrisida fikrga kelgan hollarda hukmda bunday qaror asoslantirib berilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Protsessual chiqimlarni undirish masalasini hal etish chogʻida sudlar protsessual qonunchilik bilan bir qatorda “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2023-yil 28-oktabrdagi 570-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2024-yil 21-noyabrdagi 774-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga rioya etishlari lozim
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
101. Sudlar jinoyat ishlari yuzasidan protsessual chiqimlarni undirilishida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-oktabrdagi “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 570-son qarori talablariga rioya qilinishini taʼminlasin.
(101-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Sudlar ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida koʻrish chogʻida protsessual chiqimlar toʻgʻri undirilishiga alohida eʼtibor berishlari lozim.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Protsessual chiqimlar notoʻgʻri undirilayotganligi faktlari aniqlangan hollarda yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatish choralari koʻrilsin.
12. Sudlarga bu masalada ularning faoliyatida mavjud xato va kamchiliklarning oldini olish maqsadida protsessual chiqimlarni undirish amaliyotini vaqti-vaqti bilan oʻrganish va umumlashtirish tavsiya etilsin.
13. Mazkur qaror qabul etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi “Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlari va jinoyat ishlari yuzasidan sud chiqimlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi Yu. TURSUNBAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 24-noyabr,
13-son