toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
BIR NECHA JINOYAT SODIR ETILGANDA QILMISHNI KVALIFIKATSIYA QILISHGA DOIR MASALALAR TOʻGʻRISIDA
Sud amaliyotida bir necha jinoyat sodir etilganda qilmishni kvalifikatsiya qilish bilan bogʻliq masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunga koʻra bir necha jinoyat tushunchasi jinoyatlar majmui, takroranligi va retsidiv jinoyatlar kabi huquqiy institutlarni oʻz ichiga oladi.
Bir necha jinoyat deganda, qonun shaxs tomonidan har biri alohida jinoyat tarkibini tashkil etuvchi ikki va undan ortiq qilmish sodir etilishini nazarda tutadi.
Bir necha jinoyat turining aniqlanishi qilmishni toʻgʻri kvalifikatsiya qilish uchun ham, qilmishga mutanosib jazo tayinlash uchun ham muhim huquqiy ahamiyatga ega.
2. Jinoyatlar majmui va takroranligi tariqasidagi bir necha jinoyat uchun umumiy belgi — shaxsning bu jinoyatlardan birortasi uchun ham sudlangan boʻlmasligidir.
Jinoyatlar majmui deganda, shaxs tomonidan Jinoyat kodeksi Maxsus qismi turli moddalari yoki bitta moddasi turli qismlarida nazarda tutilgan ikki yoki undan ortiq jinoyat, ular qasddan yoxud ehtiyotsizlik oqibatida qilinishidan qatʼi nazar, sodir etilishi tushunilishi lozim.
Jinoyatlar takroranligi deganda, qonunga koʻra shaxs tomonidan turli vaqtlarda qasddan sodir etilgan ikki va undan ortiq jinoyat tushunilib, bunda sodir etilgan jinoyat:
Jinoyat kodeksi Maxsus qismi aynan bir moddasida nazarda tutilgan boʻlishi, basharti unda bir xil jinoyat tarkiblari uchun javobgarlik belgilangan boʻlsa;
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoyat kodeksi Maxsus qismi muayyan moddasi aynan bir qismida nazarda tutilgan boʻlishi, basharti ushbu moddada turli jinoyat tarkiblari uchun javobgarlik belgilangan boʻlsa (masalan, JK 1261, 131, 228, 248, 273-moddalari) shart.
(2-band uchinchi xatboshisining ikkinchi kichik xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoyat qonunida alohida nazarda tutilgan ayrim hollarda, shaxs tomonidan qasddan Jinoyat kodeksi Maxsus qismi turli moddalarida nazarda tutilgan ikki va undan ortiq jinoyat sodir etilishi ham takroran jinoyat deb topiladi (masalan, JK 118, 119, 129, 211, 212, 276-moddalari ikkinchi qismlari, 121-moddasining toʻrtinchi qismi, 1261-moddasi beshinchi va sakkizinchi qismlari, 128, 213-moddalari uchinchi qismlari).
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qarori tahririda)
3. Shaxs qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikdan (JK 64—68-moddalari) yoki jazodan (JK 69—76-moddalari) ozod etilgan boʻlsa, jinoyatlar majmui va takroranligi mavjud boʻlmaydi.
Sudlanganlik holatining tugallanishi va qonunda belgilangan tartibda olib tashlanishi jinoyatlar majmui, takroranligini va retsidiv jinoyatni istisno etuvchi holat hisoblanadi.
4. Jinoyatlar takroranligini bir qator aynan oʻxshash xatti-harakatlar bilan turli vaqtlarda sodir etilgan boʻlsa-da, biroq yagona qasd bilan qamrab olingan, obyekti va sodir etish usuli, oqibatlari bir xilligi jihatidan oʻzaro oʻxshash davomli jinoyatdan farqlash lozim. Bunday hollarda barcha qilmish Jinoyat kodeksining mazkur jinoyatni sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi bitta moddasi yoki moddasi qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Davomli jinoyat bir necha xatti-harakatlardan oxirgisi sodir etilgan paytdan boshlab tugallangan deb hisoblanishi tufayli, jinoyat qonuniga bu qilmish uchun jazoni kuchaytiradigan yoki shaxsning holatini boshqacha tarzda yomonlashtiradigan oʻzgartirishlar kiritilganda, agar jinoyat epizodlaridan hech boʻlmaganda bittasi qonun yangi tahrirda amal qila boshlagan davrda sodir etilgan boʻlsa, davomli jinoyatning barcha epizodlari yangi qonun boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi kerak.
5. Davomli jinoyat sodir etilishi davrida shaxs tomonidan boshqa jinoyat sodir etilgan boʻlib, uning belgilari Jinoyat kodeksining davomli jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olinmasa, uning harakatlari Jinoyat kodeksining davomli jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi hamda boshqa jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi.
6. Jinoyatlar majmuini tartibga soluvchi qonun normasini qoʻllashda shuni inobatga olish lozimki, huquq nazariyasiga koʻra jinoyatlar majmui real va ideal turga boʻlinadi.
Jinoyatlar real majmui ikki va undan ortiq, har qaysisi Jinoyat kodeksi Maxsus qismi turli moddalarida (moddasi turli qismlarida) nazarda tutilgan muayyan jinoyat tarkibini tashkil etuvchi, jinoiy qilmish sodir etilganda mavjud boʻladi.
Jinoyatlar ideal majmuida esa, aybdorning bitta xatti-harakatida Jinoyat kodeksi Maxsus qismi turli moddalarida (moddasi turli qismlarida) nazarda tutilgan kamida ikkita jinoyat tarkibi belgilari mavjud boʻlib, qilmish ushbu normalardan birortasi bilan ham toʻliq qamrab olinmaydi.
7. JK 33-moddasiga muvofiq, jinoyatlar majmui mavjud boʻlganda aybdor shaxs oʻzi sodir etgan har bir jinoyat uchun Jinoyat kodeksi tegishli moddasi yoki moddasi qismi boʻyicha jinoiy javobgar boʻladi.
Jinoyatlar majmui sodir etilgan barcha jinoyatlar belgilari Jinoyat kodeksining ogʻirroq jazoni nazarda tutuvchi bitta moddasi (moddasi bitta qismi) dispozitsiyasi bilan qamrab olingan holdagina JK bitta moddasi (moddasi bitta qismi) bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin.
8. Qonun bilan qoʻriqlanadigan bir necha obyektga (JK turli boblarida nazarda tutilgan) qilingan tajovuz jinoyatlar majmui sifatida Jinoyat kodeksining har bir alohida olingan obyektga tajovuz uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Tajovuz predmeti boʻyicha oʻzaro farq qiladigan qilmishlar ham shu tarzda kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Agar qonunning bitta normasida jinoyat natijasida kelib chiqadigan turli ijtimoiy-xavfli oqibatlar nazarda tutilmagan boʻlsa, qilmish jinoyatlar majmui sifatida Jinoyat kodeksining bevosita har bir obyektga ziyon yetkazilishi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Qilmish Jinoyat kodeksining bir necha moddalarida koʻrsatilgan obyektga nisbatan sodir etilganda (umumiy va maxsus norma raqobati) jinoyatlar majmui mavjud boʻlmaydi va u maxsus norma boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim.
9. Qilmish javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi kvalifikatsiya belgilari mavjud holatlarda (masalan, oʻta shafqatsizlik bilan odam oʻldirish) va shu bilan birga, aynan shu qilmishni javobgarlikni yengillashtiradigan holatlarda sodir etilgan deb kvalifikatsiya qilish uchun asos boʻluvchi boshqa belgilar (masalan, kuchli ruhiy hayajonlanish holati) mavjud holda sodir etilsa, jinoyatlar majmui mavjud boʻlmaydi. Qilmish bunday holda Jinoyat kodeksining mazkur jinoyat uchun yengilroq javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim (masalan, kuchli ruhiy hayajonlanish holatida oʻta shafqatsizlik bilan odam oʻldirish faqat JK 98-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak).
Agar aynan bir jinoyatni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni yengillashtiruvchi kvalifikatsiya belgilari Jinoyat kodeksining bir necha moddasida nazarda tutilgan boʻlsa, qilmish Jinoyat kodeksining javobgarlikni koʻproq yengillashtiruvchi moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak (masalan, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib va kuchli ruhiy hayajonlanish holatida odam oʻldirish faqat JK 100-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim).
10. Bir necha jinoyat sodir etilganda, agar jinoyatlardan biri boshqasini sodir etish vositasi yoki usuli boʻlib, har ikkala jinoyat belgilari Jinoyat kodeksi tegishli moddasi dispozitsiyasida koʻrsatilgan boʻlsa, qilmish Jinoyat kodeksining faqat ogʻirroq jinoyat uchun javobgarlik belgilovchi bitta moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak. Bunda qilmishni yengilroq jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi (masalan, xizmat mavqeyidan foydalangan holda bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish faqat JK 182-moddasi ikkinchi qismi “g” bandi boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim).
11. Jinoyatlar majmuiga kiruvchi jinoyatlardan biri qasd, boshqasi esa ehtiyotsizlik shaklida sodir etilgan boʻlsa (masalan, bir shaxs qasddan oʻldirilsa va boshqa shaxs ehtiyotsizlik oqibatida hayotdan mahrum etilsa), hatto jinoyatlar obyekt, obyektiv tomon va kelib chiqqan oqibatlar jihatidan bir xil boʻlganda ham, har bir qilmish Jinoyat kodeksining qasddan va ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan alohida kvalifikatsiya qilinishi kerak.
12. Agar qonunda jinoyatlar majmuiga kiruvchi qilmishlardan biri faqat maxsus subyekt tomonidan, boshqalari esa, umumiy subyekt tomonidan sodir etilishi mumkinligi belgilangan boʻlsa, bunday jinoyatlar Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan alohida-alohida kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Jinoyatlar majmuini tashkil etuvchi jinoyatlar, agar ulardan birini sodir etishda subyekt jinoyatni bajaruvchi, boshqalarini sodir etishda esa tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi sifatida ishtirok etganda ham, shu tarzda kvalifikatsiya qilinishi kerak. Bunday hollarda shaxsning jinoyatni sodir etishda tashkilotchi, dalolatchi, yordamchi sifatida ishtirok etgan harakatlari Jinoyat kodeksi 28-moddasini qoʻllagan holda, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddasi bilan, sodir etilishida u jinoyat bajaruvchisi boʻlgan qilmish esa — JK 28-moddasini qoʻllamagan holda, Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Jinoyatlar majmuini tashkil etuvchi jinoyatlar uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tomonidan sodir etilganda jinoyat barcha ishtirokchilarining harakatlari, ishtirokchilik turidan qatʼi nazar, JK 28-moddasini qoʻllamagan holda, bevosita Jinoyat kodeksi Maxsus qismining sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
13. Shaxs tomonidan jinoyatlar majmuini tashkil etuvchi tugallangan va tugallanmagan jinoyatlar sodir etilganda har bir jinoyat alohida — tugallanmagan jinoyat JK 25-moddasi tegishli qismi hamda Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasi bilan, tugallangan jinoyat esa — bevosita Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
14. Agar jinoyat-huquqiy normada takroranlik kvalifikatsiya belgisi sifatida koʻrsatilgan boʻlsa, shaxs tomonidan sodir etilgan bir necha aynan oʻxshash yoki takroranlikni tashkil etuvchi boshqa jinoyatlar Jinoyat kodeksining mazkur jinoyatni takroran sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddasi (moddasining qismi) bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Bitta qilmishda takroranlik bilan bir qatorda Jinoyat kodeksi mazkur moddasining boshqa qismlarida koʻrsatilgan kvalifikatsiya belgilari mavjudligi aniqlangan hollarda ham qilmish shu tarzda kvalifikatsiya qilinishi kerak (masalan, oʻgʻrilik sodir etilganda JK 169-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan takroranlik belgisi va ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan boshqa kvalifikatsiya belgilari aniqlangan boʻlsa, qilmish JK 169-moddasining toʻrtinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim).
Bunday hollarda shu moddaning boshqa qismlarida koʻrsatilgan jinoyatning kvalifikatsiya belgilari ayb mazmuniga kiritilishi va shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qaror va hukmda koʻrsatilishi shart.
15. Shaxs tomonidan bir necha jinoyat sodir etilib, ulardan ayrimlari Jinoyat kodeksining takroranlik kvalifikatsiya belgisi nazarda tutilgan bir moddasi (moddasi qismi), boshqa jinoyatlar — Jinoyat kodeksining boshqa moddalari taʼsiri doirasiga tushgan hollarda qilmish jinoyatlar majmui sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Bunday hollarda takroranlikni tashkil etuvchi bir necha qilmish Jinoyat kodeksi moddasining mazkur kvalifikatsiya belgisini nazarda tutuvchi qismi bilan, javobgarlik Jinoyat kodeksining boshqa moddalarida nazarda tutilgan boshqa qilmishlar — Jinoyat kodeksi tegishli moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
16. Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, retsidiv jinoyat bir necha jinoyat turlari ichida eng xavflisi boʻlib, u shaxs tomonidan jinoiy xulq-atvor davom ettirilayotganligidan dalolat beradi.
Retsidiv jinoyat deganda, JK 34-moddasi birinchi qismi mazmuniga koʻra muqaddam qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati mavjud shaxs tomonidan qasddan yangi jinoyat sodir etilishi tushuniladi. Faqat ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan bir necha jinoyat uchun sudlanganlik holatining mavjudligi ham jinoyat retsidivini tashkil etmaydi.
17. Retsidiv jinoyat deb topish uchun shaxs tomonidan muqaddam sodir etgan jinoyati uchun sudlangandan soʻng yangi jinoyat sodir etilganligi talab etilishi tufayli oxirgi jinoyat sodir etilgan vaqtni aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Bunda shuni inobatga olish lozimki, JPK 528, 531-moddalari mazmuniga koʻra, shaxs unga ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganligi toʻgʻrisida eʼlon qilingan paytdan boshlab sudlangan deb topiladi.
Hukm eʼlon qilingan vaqtdan boshlab uning qonuniy kuchga kirganligi mahkumga eʼlon qilingunga qadar oʻtgan vaqt ichida sodir etilgan yangi jinoyat retsidiv jinoyatni tashkil etmaydi.
18. Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va muayyan jinoyatlar uchun sudlanish sonidan kelib chiqib, qonun retsidiv jinoyatni uch turga — oddiy, xavfli va oʻta xavfli retsidivga boʻladi.
19. Oddiy retsidiv shaxs qasddan sodir etilgan har qanday jinoyati uchun sudlanganidan soʻng, u tomonidan qasddan yangi jinoyat sodir etilganda namoyon boʻladi. Oddiy retsidiv xavfli va oʻta xavfli retsidivdan farqli oʻlaroq, Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddalarida kvalifikatsiya belgisi sifatida koʻrsatilmagan va faqat jazoni ogʻirlashtiradigan holat sifatida tan olinadi JK 56-moddasi birinchi qismi “n” bandi).
20. Xavfli retsidiv jinoyat deb topishni qonun shaxsning ilgari sodir etgan jinoyati uchun sudlangandan keyin unga aynan oʻxshash yangi jinoyatni qasddan sodir etishi bilan bogʻlaydi.
Aynan oʻxshash jinoyatlar deganda:
shaxs ilgari sudlangan Jinoyat kodeksi Maxsus qismi aynan bir moddasida nazarda tutilgan (agar moddada bir xil jinoyat tarkiblari uchun javobgarlik belgilangan boʻlsa);
Oldingi tahrirga qarang.
shaxs ilgari sudlangan Jinoyat kodeksi Maxsus qismi muayyan moddasi aynan bir qismida nazarda tutilgan (agar moddada turli jinoyat tarkiblari uchun javobgarlik belgilangan boʻlsa, masalan, JK 1261, 228, 248, 273-moddalari) jinoyatlarni yangidan sodir etish tushunilishi lozim.
(20-band ikkinchi xatboshisining ikkinchi kichik xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoyat qonunida alohida nazarda tutilgan ayrim hollarda, shaxs ilgari sudlangan jinoyatlarga aynan oʻxshash boʻlmagan yangi jinoyatning qasddan sodir etilishi ham xavfli retsidiv jinoyat deb topiladi (masalan, JK 105, 118, 119, 129, 210, 211, 212, 274, 276-moddalari ikkinchi qismlari, 104, 128, 164, 213, 214, 273-moddalari uchinchi qismlari, 131-moddasi toʻrtinchi qismi, 1261-moddasi beshinchi va sakkizinchi qismlari).
(20-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qarori tahririda)
21. Jinoyat kodeksi 34-moddasi uchinchi qismiga muvofiq oʻta xavfli retsidiv jinoyat deb topish uchun yangi sodir etilgan jinoyatning nafaqat ogʻirligi, balki shaxs ilgari ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyati uchun besh yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga hukm qilingan boʻlishi shartligi ham ahamiyat kasb etadi.
Bunda sud har doim, hatto shaxs keyinchalik jazodan ozod qilingan yoki jazo yengilrogʻi bilan almashtirilgan hollarda ham (JK 72—76-moddalari) sud tomonidan tayinlangan jazo muddatidan kelib chiqishi shart, sudlanganlik holati qonunda belgilangan tartibda tugallangan yoki olib tashlangan hollar bundan mustasno.
22. Jinoyat kodeksi 34-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan barcha hollarda sudlar shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi masalani muhokama qilishlari shart.
Shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi masalani hal qilishda sud bunday qaror qabul qilinishiga monelik qiladigan holatlar bor-yoʻqligini (avvalgi jinoyatlar necha yoshda sodir etilganligini, ilgari sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlanganligini, yuqori instansiya sudlari tomonidan jinoyat kvalifikatsiyasi oʻzgartirilgan yoki yoʻqligini va h.k.) tekshirishi kerak. Shu maqsadda birinchi instansiya sudida ish yuritish jarayonida tergov organlaridan shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi masalani hal qilishda ahamiyatga ega boʻlgan hukmlar va boshqa hujjatlarni ishga qoʻshish talab qilinishi lozim.
Shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topganda sud hukmning tavsif qismida qabul qilingan qaror asoslarini, qaror qismida esa, uning yakuniy xulosasini bayon qilishi shart.
23. Sudlarga tushuntirilsinki, shaxs bir necha jinoyat sodir etgan boʻlib, ulardan faqat bittasi uchun sudlangan, boshqa jinoyatlari esa aybdorga nisbatan birinchi ish boʻyicha hukm chiqqandan soʻng ochilgan boʻlsa, bu jinoyatlar uchun sudlanganlik mazkur shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish paytida JK 34-moddasi va 59-moddasi sakkizinchi qismi mazmunidan kelib chiqib, bitta sudlanganlik holati sifatida inobatga olinadi.
24. Jinoyat kodeksi 34-moddasi oltinchi qismiga muvofiq shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi masalani hal qilishda u 18 yoshga toʻlgunga qadar sodir etgan jinoyat uchun sudlanganligi inobatga olinmasligi kerak. Shu sababli, yangi jinoyat shaxs tomonidan voyaga yetgandan soʻng, biroq 18 yoshga toʻlgunga qadar sodir etilgan qilmish uchun jazo oʻtash davrida sodir etilgan boʻlsa, u oʻta xavfli retsidivist deb topilishi mumkin emas.
Oʻsha shaxs tomonidan keyinchalik yana bir yoki bir necha jinoyat sodir etilsa, u 18 yoshga toʻlgandan soʻng ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtash davrida sodir etgan jinoyat uchun sudlanganligi shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi masalani hal qilishda umumiy asoslarda inobatga olinadi.
25. Yangidan bir necha jinoyat sodir etgan shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi masalani hal qilishda sud, jinoyatlar yoki hukmlar majmui boʻyicha tayinlangan uzil-kesil jazo muddatidan emas, balki sodir etilishi shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish uchun asos boʻlishi mumkin boʻlgan jinoyat uchun tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo muddatidan kelib chiqishi lozim.
26. Agar jinoyatlar yoki hukmlar majmui boʻyicha tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo belgilangan jinoyatlardan hech boʻlmaganda biri JK 34-moddasi uchinchi qismida koʻrsatilgan boʻlib, uni oʻtayotgan shaxs yangi sodir etgan jinoyati uchun besh yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga sudlansa, bunday shaxs qonunda nazarda tutilgan shartlar mavjud boʻlganda oʻta xavfli retsidivist deb topilishi mumkin.
27. Jinoyat kodeksi 34-moddasi uchinchi qismini qoʻllashda ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan shaxs deganda, muqaddam sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga koʻra ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlangan shaxs tushunilib, bunda hukm ijroga qaratilganligining, shu jumladan shaxs mazkur jazoni oʻtamaganligi (masalan, shaxsning jazoni oʻtashdan boʻyin tovlaganligi, jazo ijrosi JPK 533-moddasiga muvofiq kechiktirilganligi)ning yoki qisman oʻtaganligining (masalan keyinchalik jazodan muddatidan ilgari shartli, amnistiya aktiga asosan, kasalligi oqibatida ozod qilinganligining, jazo yengilrogʻi bilan almashtirilganligining) ahamiyati yoʻq, hukm jazoni ijro etish muddatlari oʻtib ketganligi uchun ijroga qaratilmagan hollar (JK 69-moddasi) bundan mustasno.
Shu munosabat bilan JK 34-moddasi uchinchi qismida koʻrsatilgan belgilar mavjud boʻlganda, sud ilgari shartli hukm qilingan yoxud hukm ijrosi kechiktirilgan shaxsni ham, agar bu shaxs tegishlicha sinov muddati yoki hukm ijrosi kechiktirilgan davr ichida yangi jinoyat sodir etsa, oʻta xavfli retsidivist deb topishga haqli.
28. Shuni eʼtiborga olish lozimki, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan faqat bu jinoyatni sodir etgunga qadar qonunda belgilangan tartibda oʻta xavfli retsidivist deb topilgan shaxslar harakatigina kvalifikatsiya qilinishi mumkin.
Muqaddam oʻta xavfli retsidivist deb topilgan shaxsning yangi sodir etilgan jinoyat uchun javobgarligi masalasini hal etishda shuni eʼtiborga olish lozimki, shaxsning oʻta xavfli retsidivist deb topilganlik holati faqat sudlanganlik undan JK 79-moddasida belgilangan tartibda olib tashlangandagina bekor qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Agar birinchi instansiya sudi JK 34-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻlishiga qaramay, shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish toʻgʻrisidagi masalani hal etmasa yoxud asossiz ravishda uni oʻta xavfli retsidivist emas deb topsa, yuqori instansiya sudi apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida (prokuror protesti yoki jabrlanuvchining shikoyati boʻyicha) shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topishi mumkin (JPK 495-moddasi).
(29-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Yuqori instansiya sudi shaxs asossiz ravishda oʻta xavfli retsidivist deb topilgan deb hisoblasa, hukmdan bu haqdagi koʻrsatmani chiqarishi va hukmga tegishli oʻzgartirishlar kiritishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JPK 501, 514-moddalariga muvofiq, mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topish maqsadida hukmni kassatsiya va taftish tartibida qayta koʻrib chiqishga u qonuniy kuchga kirgandan keyin bir yil mobaynidagina yoʻl qoʻyiladi.
(29-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
30. Sudlar retsidiv jinoyatlar sodir etilishiga olib keluvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etish maqsadida tegishli idora va tashkilot rahbarlari nomiga xususiy ajrimlar chiqarishlari hamda ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi va koʻrilgan choralar haqida xabar berilishi ustidan tegishli nazoratni taʼminlashlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi bir necha jinoyatlar bilan bogʻliq sud amaliyotini muntazam oʻrganib borishlari, jinoyatlar takroran sodir etilishiga olib keluvchi sabab va sharoitlarni tahlil etishlari va umumlashtirishlari hamda tegishli organlar oldiga ularni bartaraf etish toʻgʻrisidagi masalani qoʻyishlari lozim.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Toshkent sh.,
2008-yil 5-may,
13-son