toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.02.2021
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIGA UZOQ MUDDATLI IMTIYOZLI KREDITLARNI JALB QILISh VA ULARDAN SAMARALI FOYDALANIShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Yaponiya va Koreya Respublikasi hukumatlari tomonidan berilayotgan uzoq muddatli imtiyozli kreditlardan samarali foydalanishni va ularning o‘z vaqtida qaytarilishi ustidan nazoratni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Yaponiya va Koreya Respublikasi hukumatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga 40 yil muddatga berilayotgan uzoq muddatli imtiyozli kreditlarning, iqtisodiy samaradorligi yuqori darajada bo‘lgan ustuvor loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilayotgan yillik stavkasi 3 foizgacha bo‘lgan imtiyozli davr ham shu jumlaga kiradi, qarz oluvchisi hisoblanadi;
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki va Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha hamkorlik fondi bilan o‘zaro hamkorlik qilish, shu jumladan moliyaviy muassasalarning maxsus missiyalari bilan ishlash O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi, vakolatli banklar va loyihalarning tashabbuskorlari bo‘lgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi uzoq muddatli imtiyozli kreditlar doirasida loyihalar tayyorlanishini, kelishish tartibiga rioya etilishini, ularning harakati va amalga oshirilishini tashkil etishni ta’minlasin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
umumiy shartlarga va mablag‘ bilan ta’minlashning ixtisoslashtirilgan dasturlari xususiyatlariga javob beruvchi loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishining tezkor ekspertizasi belgilangan tartibda tashkil etilishini;
kreditlar olish va qarz bitimlarini imzolashga tayyorlash yuzasidan zarur tartibotlar o‘z vaqtida rasmiylashtirilishini;
jalb etilayotgan kredit resurslari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi majburiyatlari kafolatlanishi bilan bog‘liq hujjatlarning tezlikda tayyorlanishini;
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi ekspertlari va xorijiy moliyaviy muassasalar tegishli bo‘linmalari mutaxassislari jalb qilingan holda yangi loyihalar tayyorlanishida vazirliklar va idoralarga ko‘maklashishni;
Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti bilan o‘zaro hamkorlikda, uzoq muddatli imtiyozli kredit berish hajmlarini ko‘paytirish yuzasidan Yaponiya va Koreya Respublikasi hukumatlarining vakolatli agentliklari bilan muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazilishini;
Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti tomonidan amalga oshirilayotgan O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar amalga oshirilishining davlat monitoringi doirasida qarz mablag‘lari o‘zlashtirilishining borishi, shu jumladan to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi va kreditlar qaytarilishi ustidan qattiq monitoring o‘tkazilishini ta’minlasin.
4. Ko‘rsatib o‘tilgan funksiyalarni bajarish va moliyaviy ko‘maklashish dasturlarini samarali amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
vazirlik tuzilmasida xodimlarning shtatda belgilangan soni doirasida uzoq muddatli imtiyozli kreditlar hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari ekspertizasi va moliyaviy monitoringi bo‘yicha maxsus bo‘linma tashkil etsin;
qo‘shma loyihalarni tayyorlash muddatlarini jadallashtirish va ularni ro‘yobga chiqarish sifatini oshirish maqsadida, uzoq muddatli imtiyozli kredit resurslari berayotgan mamlakatlardan mutaxassislarni tashkil etilayotgan bo‘linmaning maslahatchilari sifatida texnik hamkorlik grantlari asosida jalb etsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 7-dekabr,
521-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)