Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasiga muvofiq yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi boʻlib, u davlat tomonidan qoʻriqlanadi.
“Oʻlim jazosi bekor qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” qabul qilingan
Qonun bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosining kiritilishi bu huquq himoyasining real kafolati boʻldi.
Mazkur
Qonunning toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning
17-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo oʻlim jazosi bekor qilinishi munosabati bilan kiritilgan favqulodda jazo chorasi boʻlib, mahkumni muddat belgilanmagan holda jamiyatdan ajratishni nazarda tutadi.
Qonunda umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo faqat javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (JK 97-moddasi
ikkinchi qismi) va odam oʻlishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan terrorizm (JK 155-moddasi
uchinchi qismi) sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyiladi.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, JK 50-moddasi
uchinchi qismida nazarda tutilgan yigirma yildan ortiq, biroq yigirma besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga tayinlanadigan uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir koʻrinishi boʻlib, u faqat javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish va odam oʻlishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan terrorizm sodir etgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin.
Uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi sud tomonidan ushbu jinoyatlarga nisbatan qonunda umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanishi istisno etilgan (masalan, tugallanmagan jinoyat uchun), shuningdek ish holatlariga koʻra sud aybdorga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi yoki oʻn besh yildan yigirma yil muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi maqsadga muvofiq emasligi haqidagi xulosaga kelgan hollarda tayinlanishi mumkin.
3. Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllash masalasini hal etishda sud mazkur jazo, faqat ish boʻyicha aybdor tomonidan gʻayriinsoniy xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyilganligidan, shuningdek jinoyatni sodir etgan shaxs jamiyat uchun mutloq xavfli ekanligidan dalolat beruvchi va unga nisbatan boshqa jazo tayinlanishi imkoniyatini istisno etuvchi alohida holatlar boʻlganda, tayinlanishi mumkinligini inobatga olishi kerak.
Shuning uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanayotganda sud hukmning tavsif qismida bunday qaror qabul qilinishi sabablarini koʻrsatib oʻtishi lozim.
4. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tamom boʻlmagan jinoyat uchun tayinlanishi mumkin emas.
Qonunga koʻra, umrbod ozodlikdan mahrum qilish va uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazolari ayolga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan jinoyat sodir etgan shaxsga va oltmish yoshdan oshgan erkakka nisbatan ham tayinlanishi mumkin emas. Bunda oltmish yoshdan oshgan erkakka nisbatan bunday jazolar tayinlanishi mumkin emasligi toʻgʻrisidagi qoida birinchi instansiya sudi tomonidan aybdorning hukm chiqarish kuniga qadar, apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan holda — ish apellyatsiya instansiyasida koʻrilgan kunga qadar boʻlgan yoshidan kelib chiqib qoʻllaniladi.
5. Jinoyatlar majmui boʻyicha jazo tayinlashda:
jinoyatlardan hech boʻlmaganda bittasi uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanganda uzil-kesil jazo JK 59-moddasi
toʻrtinchi qismi qoidasiga muvofiq yengilroq turdagi jazoni umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan qoplash orqali tayinlanadi;
jinoyatlardan hech boʻlmaganda bittasi uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganda uzil-kesil jazo JK 59-moddasi
beshinchi qismi qoidasiga muvofiq jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoxud yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash orqali, biroq yigirma besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga tayinlanadi.
Agar jinoyatlar majmuiga kiruvchi JK 97-moddasi
ikkinchi qismi yoki 155-moddasi
uchinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatlardan birortasi boʻyicha ham uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanmagan boʻlsa, uzil-kesil jazo jazolar toʻla yoki qisman qoʻshilganda ham, yengilroq jazo ogʻirrogʻi bilan qoplangan holda ham ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati yigirma yildan oshmasligi kerak.
6. Shuni nazarda tutish lozimki, shaxs qonunda umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bir necha jinoyat sodir etgan boʻlib, ulardan ayrimlari u voyaga yetmagan, boshqalari voyaga yetgan yoshda sodir etilgan boʻlsa, voyaga yetmagan yoshda sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo JK
82—86-moddalari qoidalari boʻyicha, voyaga yetgan yoshda sodir etilgan jinoyatlar uchun JK 59-moddasi
toʻrtinchi va
beshinchi qismlari qoidalari boʻyicha tayinlanadi.
7. Hukmlar jami boʻyicha jazo tayinlashda:
hukmlardan hech boʻlmaganda bittasi boʻyicha umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanganda uzil-kesil jazo JK 60-moddasi
uchinchi qismi qoidasiga muvofiq yengilroq turdagi jazoni umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan qoplash orqali tayinlanadi;
hukmlardan hech boʻlmaganda bittasi uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganda uzil-kesil jazo JK 60-moddasi
toʻrtinchi qismi qoidasiga muvofiq jazolarni toʻla yoki qisman qoʻshish yoxud yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash orqali, biroq yigirma besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga tayinlanadi.
8. JK 64-moddasi
oltinchi qismiga muvofiq umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan javobgarlikka tortish muddatlarini qoʻllash masalasi sud tomonidan hal qilinadi. Agar sud javobgarlikka tortish muddatini qoʻllashni lozim topmasa, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻrniga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanadi.
Hukm bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan mahkumga nisbatan jazoni ijro etish muddatini qoʻllashni lozim topmagan hollarda ham sud umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirishi kerak (JK 69-moddasi
beshinchi qismi).
Bunda shuni eʼtiborga olish lozimki, qonunga koʻra (JK 64-moddasi
yettinchi qismi, 69-moddasi
oltinchi qismi), javobgarlikka tortish muddati, shuningdek jazoni ijro etish muddati tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qoʻllanilmaydi. Shuning uchun ham sud terrorizm jinoyatini sodir etgan shaxsga nisbatan, jinoyat sodir etilgan vaqtdan qatʼi nazar, umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashga haqli.
9. Hukm eʼlon qilingandan soʻng raislik etuvchi umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan mahkumga JPK 473-moddasi
toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan afv toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilish huquqi va muddatlarini tushuntirishi shart boʻlib, bu haqda sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
10. Umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan mahkumning afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi JK 76-moddasi
uchinchi va
toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq koʻrib chiqiladi.
Bunda sudlarning eʼtibori shunga qaratilishi kerakki, afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma qonunda belgilangan va jazoning amalda oʻtalgan qismi inobatga olingan holda sanaladigan muddatlar oʻtgandan soʻng berilishi mumkin.
11. JK
50-moddasiga muvofiq umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan mahkumlar jazoni maxsus tartibli koloniyalarda oʻtaydilar.
Maxsus tartibli koloniyalarda, shuningdek umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan erkaklar ham saqlanadi.
12. Uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxsga nisbatan koloniya turi, sodir etilgan jinoyat ogʻirligi va mahkumning shaxsidan kelib chiqqan holda, JK 50-moddasi yettinchi qismi “
b”, “v”, “g” bandlariga muvofiq belgilanadi.
13. Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni ijro etish tartibi va shartlari Jinoyat-ijroiya kodeksining
beshinchi boʻlimida belgilangan.
14. Shuni taʼkidlash lozimki, umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan mahkumga, shuningdek umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi avf etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan shaxslarga nisbatan qonunda jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish, jazoni ijro etish muassasasi doirasidan chetga chiqish, bir turdagi koloniyadan boshqa turdagi koloniyaga oʻtkazish masalalari boʻyicha alohida jihatlar belgilangan.
15. Oʻlim jazosiga mahkum etilgan shaxsga nisbatan 2008-yil 1-yanvarga qadar ijro etilmagan hukm JK
13-moddasi talabiga muvofiq qonunda belgilangan tartibda qayta koʻrib chiqilishi shart.
16. Mazkur qaror 2008-yil 1-yanvardan boshlab qoʻllaniladi.