Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
RESPUBLIKADA DORI-DARMON VOSITALARI VA TIBBIYOT BUYuMLARI IShLAB ChIQARISh TURLARI VA HAJMINI YaNADA KENGAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Vazirlar Mahkamasi mamlakatimiz farmatsevtika industriyasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash uch yil ichida dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish hajmini 2,5 baravar, ular turlarini 253 nomga yetkazgan holda 1,7 baravari koʻpaytirish imkonini berganligini qayd etadi. “Oʻzfarmsanoat” konserni korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan dori-darmon vositalari bilan aholi ehtiyojlarini qondirish darajasi 3 baravar oʻsdi. Xorijiy investitsiya ishtirokida tashkil etilgan qoʻshma korxonalar konsern ishlab chiqarishi umumiy hajmining 65 foizini taʼminlamoqda.
dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining eng muhim turlarini va ularni ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish, zamonaviy, shu jumladan xorijiy investorlar ishtirokidagi farmatsevtika ishlab chiqarishlari barpo etish, tayyor dori-darmonlar importini qisqartirish va dori-darmonlar narxlarining asossiz oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari bilan taʼminlashni nazorat qilish respublika komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzfarmsanoat” davlat-aksiyadorlik konserni bilan birgalikda 2002-yilgacha boʻlgan davrda mavjud va yangidan tashkil etiladigan korxonalarda, shu jumladan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada koʻpaytirish dasturi ishlab chiqilganligi dasturda:
dori-darmon preparatlari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish hajmlarini 3,5 baravarga koʻpaytirish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini 1,6 baravarga kengaytirish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 14-avgustdagi 283-son
qarorida “Oʻzfarmsanoat” konserni korxonalari va tashkilotlari uchun nazarda tutilgan umumdavlat hamda mahalliy soliqlar va yigʻimlarning barcha turlari boʻyicha budjetga toʻlanadigan summaning 50 foizi miqdoridagi imtiyozlar 2000-yil 1-yanvardan boshlab 3 yil muddatga uzaytirilsin, boʻshab qolgan mablagʻlar farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturi doirasida mavjud ishlab chiqarishlarni zamonaviylashtirish va yangilarini barpo etishga maqsadli yoʻnaltirilsin.
3. 2000-yil 1-yanvardan boshlab “Oʻzfarmsanoat” konserni korxonalari va tashkilotlari, shu jumladan qoʻshma korxonalar dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish uchun import qilinadigan moddiy resurslar va butlovchi buyumlarga solinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan 3 yil muddatga ozod qilinsin.
4. “Oʻzfarmsanoat” konsernining konsern huzurida Rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etish, soliq solishdan ozod qilinadigan mablagʻlarni ushbu jamgʻarmada toʻplash haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, Rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari:
alohida bank hisob raqamida toʻplanadi, “Oʻzfarmsanoat” konserni uni tasarruf etuvchi hisoblanadi;
ilmiy ishlanmalarni mablagʻ bilan taʼminlash, konsern korxonalari va tashkilotlarini rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash, shuningdek dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni taʼminlovchi infratuzilmani tashkil etish va yangilash uchun foydalaniladi;
har yili konsern tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan smetaga muvofiq sarflanadi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV