2.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.05.00.00 Fuqarolik protsessual qonunchiligi / 17.05.01.00 Umumiy masalalar]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Fuqarolik va xoʻjalik sud ish yurituvi]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
FUQAROLIK ISHLARI BOʻYICHA EKSPERTIZA TAYINLASH, OʻTKAZISH VA EKSPERT XULOSASIGA BAHO BERISHDA SUD AMALIYOTIDA KELIB CHIQADIGAN AYRIM MASALALAR HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi sudlar tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha ekspertizani tayinlash, oʻtkazish, shuningdek ekspert xulosasiga baho berish boʻyicha sud amaliyotini muhokama qilib, fuqarolik protsessida ekspertizaning tobora keng tarqalayotganligini taʼkidlaydi.
Sudlar ekspertiza tayinlashda protsessual qonun normalarini asosan toʻgʻri qoʻllamoqdalar.
Baʼzan ish holati boʻyicha albatta ekspertiza oʻtkazilishi lozim boʻlsada, ishlarni ekspertiza tayinlamasdan hal etish, aksincha, ayrim hollarda maxsus bilim talab etilmaydigan savollarni aniqlash borasida ekspertiza tayinlash yoki ekspertlar oldiga ularning vakolat doirasiga kirmaydigan huquqiy va boshqa masalalarni qoʻyish hollari ham uchramoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi fuqarolik ishlari boʻyicha ekspertiza tayinlash, oʻtkazish, shuningdek ekspert xulosasini baholash borasidagi sud amaliyotini takomillashtirish maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga muvofiq qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori fuqarolik ishi holatlarini har taraflama, obyektiv tekshirish maqsadida sud muhokamasida fan, sanʼat, texnika yoki hunar sohasida maxsus bilim talab qilinadigan masalalarni aniqlash uchun ekspertiza tayinlash orqali ushbu soha yutuqlaridan toʻgʻri va toʻliq foydalanish zarurligiga qaratilsin.
2. Sud ekspertizasi deganda, sudning maxsus bilim talab qilinadigan masalalar boʻyicha tekshiruv olib borish va xulosa berishdan iborat protsessual harakati tushuniladi.
Sud ekspertlik faoliyati — bu ekspertizani tashkil etish va oʻtkazishga vakolatli boʻlgan organlar tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar tizimidir.
3. Sudlar ekspertiza tayinlash va oʻtkazish masalasini hal etishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, FPK, “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi 73-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi namunaviy Nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2022-yil 14-martdagi 6-mh-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir maʼlumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom, shuningdek boshqa normativ huquqiy hujjatlarga amal qilishlari lozim.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
4. Sudlar FPK 58-moddasiga koʻra, ekspertiza quyidagi davlat muassasalari tizimidagi sud ekspertiza muassasalari, shuningdek, boshqa organlar tomonidan oʻtkazilishini nazarda tutishlari lozim:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
1) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Respublika sud ekspertiza markazi va uning hududiy boʻlinmalari;
2) Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash sohasidagi vakolatli organining Sud-tibbiy markazi va uning hududiy boʻlinmalari;
3) qonun hujjatlariga muvofiq zimmasiga ekspertiza oʻtkazish yuklanishi mumkin boʻlgan (ekspertiza oʻtkazishga ixtisoslashmagan) boshqa muassasalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga qarashli ekspertiza muassasalari ekspertizani Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan belgilangan xizmat koʻrsatish hududlariga muvofiq amalga oshiradilar.
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Ish materiallarini xizmat koʻrsatish hududiga kirmaydigan ekspertiza muassasasiga yuborilishi sud tomonidan asoslantirilgan boʻlishi lozim (takroriy ekspertiza tayinlanganda, tegishli hududdagi ekspertiza muassasasida kerakli mutaxassis yoki asbob-uskuna yoʻqligi yoki boshqa holatlarda).
5. Sudlarning eʼtibori FPK 58-moddasiga muvofiq ekspertiza tadqiqotlari qonunda belgilangan tartibda ekspert etib tayinlangan shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkinligiga qaratilsin.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Bunda sud eksperti sifatida oliy maʼlumotga, istisno hollarda oʻrta-maxsus maʼlumotga ega boʻlgan, ekspertizaning tegishli sohasi boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan va sud eksperti malakasiga ega boʻlgan davlat sud-ekspertiza muassasasining xodimi (davlat sud eksperti); sud tomonidan jalb etilgan boshqa (sud-ekspertlik ixtisosiga ega boʻlmagan) muassasa xodimi yoki mutaxassis ishtirok etishi mumkin.
Sud tomonidan ekspertiza oʻtkazish yuklatilgan boshqa (sud-ekspert ixtisosiga ega boʻlmagan) muassasa xodimi ekspertiza tayinlagan sudning muassasaga bergan topshirigʻini bajarish tartibida ekspertiza oʻtkazishga haqlidir.
6. Sudlarga tushuntirilsinki, protsessual qonun mazmuniga koʻra, sudya nafaqat ishni koʻrish jarayonida, balki ishni sud muhokamasiga tayyorlash bosqichida ham ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrlarini hisobga olib, ish holatlari va taqdim etilgan dalillarga muvofiq, ekspert xulosasi zarur boʻlgan barcha hollarda ish boʻyicha tegishli ekspertiza (tibbiy, psixiatriya, tovarshunoslik, buxgalteriya va boshqa) oʻtkazishni tayinlash huquqiga ega (FPK 204-moddasi birinchi qismining 7-bandi). Ekspertiza tayinlashda FPK 95 ― 101-moddalari talabi eʼtiborga olinishi, xususan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ekspertlar oldiga ekspert xulosasi boʻyicha javob berilishi lozim boʻlgan savollarni qoʻyish huquqi tushuntirilishi kerak.
Ish holatlari boʻyicha shaxsning maʼlum harakatni sodir etish vaqtidagi ruhiy holatini aniqlash lozim boʻlgan barcha hollarda sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanishi lozim, masalan, bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi ishlarni koʻrishda bitim tuzilgan vaqtda shaxs oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmasligi yoki ularni boshqara olmasligi (FK 121-moddasi), shuningdek protsessual qonunda ekspertiza tayinlash nazarda tutilgan hollarda, xususan, ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi (FPK 312-moddasi) va sogʻligʻining sezilarli darajada yaxshilanganligi yoki sogʻayganligi sababli uni muomalaga layoqatli deb topish haqidagi ishlar boʻyicha (FPK 315-moddasi).
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
7. Tushuntirilsinki, apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi taraflarning iltimosnomasi yoki oʻzining tashabbusi bilan ish materiallarida mavjud boʻlgan yoki taraflar tomonidan qoʻshimcha taqdim etilgan hujjatlar asosida ekspertiza oʻtkazish mumkin boʻlgan holatlarda, shuningdek, ish apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasida koʻrilayotganda ekspert tekshiruvi oʻtkazish zaruriyati mavjudligi aniqlanib, lekin uni oʻtkazish yangi holat va dalillarni oʻrganishni talab qilgan holatlarda ham ekspertiza tayinlash huquqiga ega.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
8. Sudlarga ekspertiza tayinlash haqida sud ajrimi chiqarishni tartibga soluvchi protsessual qonun (FPK 95 — 101-moddalari) normalariga aniq rioya etish zarurligi tushuntirilsin.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Ekspertiza tayinlash haqidagi sud ajrimi asoslantirilgan boʻlishi, xususan ajrimda ekspertiza tayinlash uchun asos boʻlgan holatlar, tarafning aynan qaysi vaji yoki ishning aynan qaysi holati tekshirilishi va ushbu holatni tekshirish uchun qaysi sohadagi mutaxassis fikri talab qilinishi aniq va batafsil qayd etilmogʻi lozim.
Materiallar ekspertizaga yuborilayotganda sud tomonidan ekspert ixtiyoriga quyidagilar taqdim qilinishi kerak:
tegishli ekspertizani tayinlash haqida ajrim;
ekspert tekshiruvi obyekti boʻlgan predmetlar va hujjatlar, zarur hollarda esa taqqoslash tekshiruvini oʻtkazish uchun namunalar hamda oʻzida ekspertiza predmetiga taalluqli maʼlumotlarni mujassamlashtirgan boshqa hujjatlar (koʻzdan kechirish, soʻroq qilish va boshqa protsessual harakatlar bayonnomalari, maʼlumotnomalar, koʻchirmalar, fotosuratlar va boshqa).
Ekspertiza tayinlash haqidagi sud ajrimida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
4) ekspertiza tayinlangan ish toʻgʻrisida maʼlumotlar;
5) ekspertiza tayinlash asoslari;
6) ekspertiza oʻtkazish yuklatilgan muassasaning nomi;
7) ekspert oldiga qoʻyilgan savollar;
8) taqdim etilgan obyektlar va materiallar, zarur hollarda esa ekspert tekshiruvi obyekti bilan muomala qilishning alohida shartlari.
Ekspertiza oʻtkazish turli muassasa shtatida boʻlgan ikki yoki undan ortiq ekspertlarga topshirilganda, ajrimda tekshiruv qaysi ixtisosdagi ekspertlar tomonidan oʻtkazilishi kerakligi, ekspertlar komissiyasi faoliyatini tashkil qilish qaysi ekspert muassasasiga yuklatilganligi, tekshirilishi lozim boʻlgan obyektlar va boshqa materiallar qaysi ekspertiza muassasasiga yuborilayotganligi ham koʻrsatilishi lozim. Sudning ajrimi har bir ekspertiza muassasasiga yoʻllanadi.
Materiallarning saqlanilishini taʼminlash maqsadida, ular sud tomonidan oʻralib, muhrlangan holatda yuboriladi. Oʻramda uning ichidagi predmetning nomi, u qachon, qayerda, kimdan va qaysi ish boʻyicha olinganligi koʻrsatilib, sudyaning imzosi va sud muhri bilan tasdiqlanishi kerak.
Ekspertlar ixtiyoriga kseronusxa tarzida yuborilayotgan hujjatlarning asliga mosligi haqida sudya tomonidan belgi qoʻyilishi va imzolanishi hamda sudning muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Obyektlarni ekspert ixtiyoriga yuborish mumkin boʻlmagan hollarda (uy, katta hajmdagi predmetlar va boshqalar) sudlar FPK 239-moddasi talabiga muvofiq, obyektlarni joyida koʻzdan kechirish va tekshirishni tashkil etishlari kerak.
(8-bandning oʻn sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
9. Ekspertiza oldiga hal qilish uchun faqat javobi nizoni toʻgʻri hal qilish uchun dalil boʻla oladigan va fan, sanʼat, texnika yoki hunar sohasida maxsus bilim talab qiladigan savollar qoʻyilishi mumkin.
Sudlar ekspert oldiga vazifa qoʻyishda ekspertlar xizmatiga qayta murojaat etmaslik uchun javobi muayyan bir ishning toʻgʻri hal etilishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan, barcha kompleks savollarni qamrab olishlari lozim.
Hal qilinishi sudning vakolatiga kiruvchi huquq toʻgʻrisidagi savollar ekspert oldiga qoʻyilishi mumkin emas.
10. Tegishli ekspertiza tayinlashda, ishning murakkabligi, oʻziga xosligi va lozim boʻlgan ekspert tekshiruvi xarakteridan kelib chiqib, sudlar tekshiruv obyektlarini rasmiylashtirish va ekspertga taqdim etish tartibiga aniq rioya etishlari lozim.
Xususan, sud-xatshunoslik ekspertizasi boʻyicha ekspertning ixtiyoriga tegishli tekshiruv obyektlarini yuborishda bevosita sud tomonidan eksperimental nusxalar olinishiga yoʻl qoʻyiladi. Mazkur eksperimental yozuv va imzo nusxalarini talab qilib olish, shuningdek ekspert oʻrganayotgan obyektni koʻzdan kechirish taraflar albatta xabardor qilingan holda ularning ishtirokida oʻtkaziladi va bayonnoma tuziladi. Lekin tegishli tarzda xabardor qilingan tarafning hozir boʻlmaganligi mazkur protsessual harakatning amalga oshirilishiga monelik qilmaydi. Ekspert ixtiyoriga yuborish uchun olingan eksperimental nusxalarning haqiqiyligi uchun ishni koʻruvchi sudya masʼuldir.
11. Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi oʻtkazish uchun materiallarni yuborishda sudlar Oliy sud Plenumining 2011-yil 25-noyabrdagi “Sudlar tomonidan otalikni belgilashga oid ishlarni koʻrishda qonunchilikning qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 8-sonli qarorining 14-15-bandlaridagi tushuntirishlaridan ham kelib chiqishlari lozim.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014-yil 2-oktabrdagi 16-sonli qarori tahririda)
Boshqa vazifalar qatorida ona va ota tarafidan yaqin va uzoq qarindoshlikni aniqlash masalasini hal etuvchi molekulyar genetikani qoʻllashga asoslangan odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi tekshiruvlari usullarining zamonaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, sudlar marhumning merosxoʻrlari oʻrtasidagi qarindoshlik munosabatlarini aniqlash toʻgʻrisidagi nizolarni koʻrib chiqishda, har bir aniq holat boʻyicha ona yoki ota tomonidan yaqin va uzoq qarindoshlikni belgilash haqida ish boʻyicha ekspertiza tayinlash masalasini muhokama qilishi lozim.
12. Sudlarning eʼtibori ekspertiza tayinlanayotgan hamma holatlarda tegishli ekspertiza tayinlash haqidagi ajrimda sudlar FPK 135-moddasi talablariga muvofiq ekspertiza oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash masalasi hal etilishi lozimligiga qaratilsin. Agar ekspertiza oʻtkazish haqidagi iltimosnomani har ikkala taraf kiritsa yoki sud oʻz tashabbusi bilan ekspertiza tayinlagan hollarda ekspertiza oʻtkazish haqidagi ajrimda xarajatlar taraflar oʻrtasida teng taqsimlanganligini koʻrsatilishi shart. Qolgan hollarda, ekspertiza oʻtkazish xarajatlari sud ajrimida ekspertiza oʻtkazish haqida iltimosnoma kiritgan taraf zimmasiga yuklatilishi lozim.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
13. Ekspertizaga yuborilayotgan materiallarni rasmiylashtirish qoidalarining buzilishi ekspertizani oʻtkazishga toʻsqinlik qilgan taqdirda, ekspertiza muassasasi (uning tarkibiy boʻlinmasi) rahbari ekspertizani tayinlagan sudga yozma tarzda xabar berib, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur boʻlgan choralarni koʻrishni talab qilishga haqli. Agar koʻrsatilgan kamchiliklar bir oy ichida bartaraf qilinmasa, muassasa rahbari materiallarni ijrosiz qaytaradi.
Ekspertiza ish yurituviga taqdim etilgan materiallar tayinlangan ekspertizani oʻtkazish mazkur muassasada koʻzda tutilmagan, shuningdek muassasa tegishli mutaxassislar yoxud jihozlarga ega boʻlmagan taqdirda ham qaytarilishi mumkin.
14. Taqdim etilayotgan materiallar toʻliq boʻlmagan taqdirda, ekspert ekspertiza tayinlagan sudga qoʻshimcha materiallar taqdim qilinishi haqida ekspertiza muassasasi rahbari (uning tarkibiy boʻlinmasining rahbari) orqali yozma ravishda iltimosnoma yuborishga haqli.
Qoʻshimcha materiallar bir oy ichida taqdim qilinmagan taqdirda, ekspert mavjud materiallar asosida tekshiruv oʻtkazadi. Birorta ham masalani hal qilish imkoni boʻlmasa, bu haqida ekspert dalolatnoma tuzadi.
Shu bilan birga FPK 59-moddasining ikkinchi qismi mazmunidan kelib chiqqan holda ekspert qoʻyilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin boʻlmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni toʻldirib boʻlmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qoʻyilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch. hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan sudga yuboradi.
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
15. Sudlarning eʼtibori, fuqarolik ishlarini koʻrishda sansalorlik va ishlarni koʻrish muddati choʻzilib ketishining oldini olish maqsadida oʻz vaqtida ekspertiza tayinlash, uni oʻtkazish muddatlariga qatʼiy rioya qilish lozimligiga qaratilsin.
Sudning ekspertiza tayinlash haqidagi ajrimining oʻz vaqtida bajarilishini aniqlashda, sudlar “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomada belgilangan ekspertiza oʻtkazish muddatlaridan kelib chiqishlari lozim.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014-yil 2-oktabrdagi 16-sonli qarori tahririda)
Xususan, ekspertiza oʻtkazish muddatlarini ekspertiza oʻtkazuvchi muassasa (uning tuzilmaviy boʻlinmasi) rahbari ekspertlarning bandligini inobatga olgan holda quyidagicha belgilaydi:
10 kun — obyektlar soni koʻp boʻlmagan yoki murakkab tekshiruvlarni talab etmaydigan ishlar boʻyicha;
20 kun — obyektlar soni koʻp boʻlgan yoki murakkab tekshiruvlarni talab etadigan ishlar boʻyicha;
30 kun — obyektlar soni koʻp boʻlgan ishlar boʻyicha (masalan, qurilish-texnik ekspertizalari, DNK sud-biologik ekspertizasi).
16. Sudlar qoʻshimcha, qayta, kompleks va komissiyaviy ekspertiza tayinlash asoslari va tartibini qatʼiy farqlashlari lozim.
Sud tomonidan qoʻshimcha ekspertiza ekspertning dastlabki xulosasidagi boʻshliqlarni toʻldirish maqsadida, xulosa toʻliq boʻlmagan yoki yetarli darajada aniq boʻlmagan hollarda, xulosa yuzasidan ekspertni soʻroq qilish orqali bartaraf etish imkoni mavjud boʻlmagan va majburiy qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkazish talab etiladigan, shuningdek ilgari tekshiruv oʻtkazilgan fuqarolik ishining holatlari boʻyicha yangi savollar tugʻilgan taqdirda tayinlanadi.
17. FPK 96-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi asoslantirilmaganda yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki ekspertizani oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta ekspertiza tayinlanadi. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, bir necha ekspertlarning xulosalari bir-biriga zidligi deganda ekspertlar komissiyasining xulosalaridagi tafovut (qarama-qarshilik, jiddiy farq) tushuniladi.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Qayta ekspertiza muqaddam xulosa berilgan obyektlarga nisbatan sud tomonidan avval qoʻyilgan savollar yuzasidan tayinlanadi, biroq uni oʻtkazish boshqa ekspertga (yoki ekspertlar komissiyasiga) topshirilishi lozim.
Qayta ekspertizani oʻtkazish ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasiga asos qilib olingan dalillar haqiqiy emas deb tan olingan yoki ekspertiza oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilgan taqdirda ham tayinlanishi mumkin.
Ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasi ishning haqiqiy holatlariga zid boʻlsa yoki ishni koʻrish vaqtida ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yangi holatlar aniqlansa, sud tomonidan qayta ekspertiza tayinlanishi mumkin.
Sud ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosalariga qoʻshilmasa, qayta ekspertiza tayinlash majburiy emas. Ushbu masalani hal etayotganda ekspertiza predmeti boʻlgan holatlarga doir ishda boshqa dalillarning mavjudligi, shuningdek takroriy ekspertiza oʻtkazishning amaliy imkoniyatlari hisobga olinishi lozim.
Ish boʻyicha taraflarning ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasiga qoʻshilmasligi, mutaxassis fikri mavjudligi va boshqa vajlar qayta ekspertiza oʻtkazish uchun asos boʻla olmaydi.
Qayta ekspertiza xulosasida ekspertning (yoki ekspertlar komissiyasining) oldingi ekspertiza xulosasining toʻgʻriligi yoki notoʻgʻriligi haqidagi xulosasi qaysi maʼlumotlarga asoslanganligi koʻrsatilishi shart.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
18. Kompleks ekspertiza u yoki bu holatlarni alohida ekspertiza oʻtkazish orqali aniqlash mumkin boʻlmagan, yoxud u bir ekspert mutaxassisligining eksperti yoki ekspertlar komissiyasining vakolati doirasidan chiqqanida sud tomonidan tayinlanadi. Kompleks ekspertiza oʻtkazilayotgan vaqtda har bir ekspert tekshiruvni oʻz vakolati doirasida oʻtkazishi lozim. Xulosada har bir ekspert qanday hajmda qanaqa tadqiqotlar oʻtkazganligi, u shaxsan qanday faktlarni aniqlaganligi va qanday xulosaga kelganligi koʻrsatilishi lozim. Har bir ekspert xulosaning oʻzi tekshiruv oʻtkazgan qismini imzolaydi va ular uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi. Bunda ekspertlar birgalikda xulosa tuzish huquqiga ham ega.
19. Komissiyaviy ekspertiza tarkibi sud yoki shu ekspertiza turini oʻtkazishni tashkil etayotgan sud-ekspertlik muassasasi rahbari tomonidan belgilanadigan bir ixtisosdagi bir nechta (2 tadan kam boʻlmagan) ekspert tomonidan oʻtkazilishi mumkin. Ekspertiza oldiga qoʻyilgan topshiriqni hal qilish zaruratidan kelib chiqqan holda har bir komissiyaviy ekspert tekshiruvni mustaqil va alohida holda olib boradi. Olingan natijalar birgalikda tahlil qilinib, umumiy fikrga kelingach, ekspertlar birgalikda xulosa (yoki xulosa berib boʻlmaslik toʻgʻrisidagi dalolatnoma) tuzadilar va imzolaydilar. Ekspertlar oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, komissiya tarkibidagi har bir ekspert kelishilmagan masalalar boʻyicha alohida xulosa beradi.
20. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi FPK 98-moddasiga koʻra, ekspert xulosasi yetarlicha tushunarli boʻlmaganda sud ekspertni chaqirish yoʻli bilan xulosasini ogʻzaki tushuntirib berishni taklif qilish huquqiga ega va bu sud majlisi bayonnomasiga kiritilib, oʻqib beriladi hamda ekspert tomonidan imzolanadi.
(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Sudga faqat xulosa bergan ekspert chaqirilishi va bergan xulosasi doirasida soʻroq qilinishi mumkin. Agar sudda tugʻilgan qoʻshimcha savollarga javob olish uchun tadqiqotlar oʻtkazish zarur boʻlsa, qoʻshimcha ekspertiza tayinlash masalasi muhokama qilinishi lozim.
Sudning chaqiruvi boʻyicha kelish va oʻz oldiga qoʻyilgan masalalar yuzasidan xolis xulosa berish ekspertning majburiyati ekanligidan kelib chiqqan holda ekspert zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaslik oqibatlari toʻgʻrisidagi protsessual qonun talablariga ogʻishmay rioya qilish, shuningdek bila turib yolgʻon xulosa berganlik, sud uzrsiz deb topgan sababga koʻra xulosa berishdan bosh tortganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238 va 240-moddalari asosida javobgar boʻlishi toʻgʻrisida ogohlantirilishi lozimligiga qaratilsin.
21. Ekspert xulosasi deganda, ekspert tomonidan yozma shaklda taqdim etilgan, muayyan fuqarolik ishini toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan, sud ajrimi asosida uning oldiga qoʻyilgan savollar boʻyicha, batafsil tadqiqot qilingan va asoslantirilgan xulosalarni ifoda etgan, dalil turining biri tushuniladi.
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Qonunga muvofiq, ekspert xulosasi kirish, tekshiruv va xulosadan iborat boʻlishini sudlar nazarda tutmoqlari lozim.
22. FPK 80-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra hech qanday dalil sud uchun oldindan belgilab qoʻyilgan kuchga ega emasligini hisobga olgan holda, sudlar ekspert xulosasi boshqa dalillar qatorida ishning hamma holatlarini jamlagan holda har taraflama, toʻliq va xolis koʻrib chiqishga asoslangan sudyalarning ichki ishonchiga koʻra baholanishi lozimligini nazarda tutishlari lozim.
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Sudlar ekspert xulosalarini baholashda uning malakasini, taraflarning manfaatlariga rioya qilinganligini, qoʻllanilgan usullarning ishonchli asoslantirilganligini, shuningdek ekspertlarga yetarli materiallar va tegishli tekshiruv obyektlari taqdim etilganligini hisobga olishlari lozim.
Ekspertning ehtimol tutilgan xulosasi sud qaroriga asos qilib olinishi mumkin emas.
23. Taraflar uzrsiz sabablarga koʻra tadqiqot predmetini ekspertga topshirishdan yoki ekspertiza oʻtkazishda shaxsan ishtirok etishdan bosh tortgan holatlarda sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha dalillar va isbotlashga oid qonun normalarini qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida” 2020-yil 19-dekabrdagi 35-sonli qarorining 18-bandidagi tushuntirishga asoslanishlari lozim.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)