toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 03.03.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING TUZILMASIGA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSh VAZIRINING OʻRINBOSARI —TAShQI IQTISODIY ALOQALAR, INVESTITSIYaLAR VA SAVDO VAZIRI LAVOZIMINI KIRITISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-fevraldagi PF-5329-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimiz oldida turgan strategik vazifalarga erishish ishida olib borilayotgan tashqi iqtisodiy siyosatning rolini yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish hamda bundan manfaatdor tuzilmalarning faoliyatini zarur darajada muvofiqlashtirish va uygʻunligini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tuzilmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri lavozimi kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri lavozimi tugatilsin.
3. Yangi kiritilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari lavozimining eng asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining lavozim vazifalarini soʻzsiz bajarishi bilan bir qatorda, birinchi galda respublika hududida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan vazirliklar, idoralar, tijorat tuzilmalari, kompaniyalar, uyushmalar, firmalar, korxonalar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va uygʻunligini taʼminlash, buning uchun zarur shart-sharoitlar va preferensiyalar yaratish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh.M. Mirziyoyev) oʻn kun muddatda hukumat tuzilmasiga zarur oʻzgartishlarni kiritsin va yangi joriy etilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining mavqei hamda vazifalari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 13-noyabr,
PQ-1226-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 11-son, 452-modda)