toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 12.08.2017
Hujjat 03.07.2002 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
MATBUOT VA AXBOROT SOHASIDA BOShQARUVNI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-avgustdagi PF-5148-sonli “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida” va “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq hamda mamlakat ijtimoiy hayotini demokratlashtirish va erkinlashtirish sharoitida respublika aholisining axborotga boʻlgan talab-ehtiyojlarini yanada toʻliqroq qondirish, ommaviy axborot vositalari, noshirlik ishlari va matbaachilikni keng koʻlamda rivojlantirishga koʻmaklashish, axborot xizmatlarining zamonaviy bozorini shakllantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi etib qayta tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyatiga doir konstitutsiyaviy huquqlar va qonunchilikning soʻzsiz bajarilishi, soʻz va matbuot erkinligi kafolatlari taʼminlanishi monitoringini olib borish;
respublika fuqarolarining axborotga boʻlgan talab-ehtiyojlarini yanada toʻliqroq qondirish, aholining, avvalo oʻsib kelayotgan yosh avlodning bilim, maʼnaviy va madaniy saviyasini oshirish manfaatlaridan kelib chiqqan holda ommaviy axborot vositalarini, noshirlik ishlari va matbaachilikni keng miqyosda rivojlantirishga koʻmaklashish;
noshirlik va matbaachilik faoliyati, ommaviy axborot vositalari, davriy nashrlarni tarqatish shu jumladan, mazkur faoliyat turlarida roʻyxatga olish ishlarini bajarish sohalarida davlat siyosatini amalga oshirish;
nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, televideniye, radioeshittirish hamda respublika axborot bozorining boshqa qatnashchilari tomonidan axborot sohasida amaldagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish;
axborot tayyorlash, tarqatish va undan foydalanish sohasida respublika fuqarolari hamda yuridik shaxslarining huquq va manfaatlari himoya etilishini taʼminlash;
noshirlik faoliyatini litsenziyalashni tashkil qilish;
noshirlik va matbaachilik faoliyatida, davriy nashrlarni tarqatishda yagona texnikaviy siyosat oʻtkazish;
reklama tayyorlash, shuningdek uni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashish;
noshirlik-matbaachilik faoliyatining ishlab chiqarish-texnika bazasini rivojlantirish va yangilash, standartlashtirish hamda sertifikatsiyalash sohasidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Matbuot qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi etib;
viloyat hokimliklari huzuridagi matbuot hududiy boshqarmalari tegishli ravishda matbuot va axborot hududiy boshqarmalari etib qayta tashkil qilinsin.
Toshkent shahar hokimligi huzurida matbuot va axborot hududiy boshqarmasi tashkil etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligiga senzura, tahrir qilish, taqiqlash hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oʻzgacha tarzda gʻayriqonuniy aralashish qatʼiyan man etiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligiga matbuot va axborot sohasidagi qonunchilikni buzuvchi davlat boshqaruvi organlariga, joylardagi hokimiyat organlariga, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ularning mansabdor shaxslariga oʻz vakolati doirasida, qonunchilikda belgilangan tartibda qarorlar (taqdimnomalar) yuborish huquqi berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Agentlikning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari va taqdimnomalari vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, muassasalar va tashkilotlar, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ularning birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etish uchun majburiy hisoblanadi.
Ommaviy axborot vositalari hamda nashriyotlar tomonidan matbuot va axborot sohasidagi qonunchilik muntazam ravishda bajarilmagan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi ularga berilgan litsenziya hamda roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini sud orqali toʻxtatib qoʻyishga haqlidir.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli idoralar bilan birgalikda bir oy muddat ichida qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
8. Ushbu Farmon matbuotda eʼlon qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 3-iyul,
PF-3103-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 6-7-con, 119-modda)