toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.07.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TARIXIY ShAXSLAR NOMIDAGI VA BOShQA MUKOFOTLARNI TAʼSIS ETIShNI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Keyingi yillarda ulugʻ ajdodlarimizning tarixiy merosini oʻrganish, buyuk allomalar nomini abadiylashtirish borasida koʻpgina ishlar amalga oshirildi. Xususan, xalqimizning shonu shavkatini jahonga tanitgan va milliy gʻururimiz timsoli boʻlgan Abu Rayxon Beruniy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Abdulla Qodiriy, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari taʼsis etilib, respublika fani, madaniyati, sanʼati va adabiyotiga salmoqli hissa qoʻshayotgan ijodkorlar mazkur mukofotlar bilan taqdirlanib kelmoqda.
Biroq soʻnggi vaqtlarda hokimliklar, ayrim idora va tashkilotlar tomonidan bu ezgu maqsadning ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-maʼrifiy mohiyatini yetarli darajada anglab yetmasdan, chuqur oʻylamasdan, masʼuliyatsizlik bilan tarixiy shaxslar nomida va boshqa turli mukofotlar taʼsis etish hollari roʻy bermoqda. Ulugʻ ajdodlarimizning moʻtabar nomlarini, ularning tarixiy va milliy ahamiyatini muayyan bir hudud doirasida cheklashdek noxush koʻrinishlarga yoʻl qoʻyilmoqda. Baʼzi bir oʻrinsiz tashabbuskorlik asosida amaldagi qonunlarga nomuvofiq tarzda joylarda qabul qilinayotgan bu boradagi qarorlar mukofotlarning ragʻbatlantiruvchi mohiyatining buzilishiga, maydalashib ketishiga sabab boʻlmoqda.
Shu kabi holatlarni hisobga olib, tarixiy shaxslar nomidagi va boshqa mukofotlar taʼsis etishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hokimlik, idora va tashkilotlarning tarixiy shaxslar nomidagi va boshqa mukofotlarni taʼsis etish boʻyicha faoliyati qaytadan koʻrib chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga hamda amaldagi qonunchilik hujjatlariga moslashtirilsin.
2. Hokimlik, idora va tashkilotlar tomonidan tarixiy shaxslar nomidagi va boshqa mukofotlarni taʼsis etishga oid masalalarni Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy majmua bilan kelishilgan holda hal qilish tartibi joriy etilsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 14-mart,
94-son