toggle_night_mode
Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Navoiy shahar aeroporti bazasida xalqaro intermodal logistika markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikaning transport-tranzit infratuzilmasini yanada rivojlantirish, Navoiy shahar aeroporti bazasida Navoiy viloyatidagi erkin sanoat-iqtisodiy zonasining eng muhim obyekti boʻlgan xalqaro intermodal logistika markazini tashkil etish maqsadida:
1. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va “Korean Eyr” aviakompaniyasi oʻrtasida 2008-yil 9-dekabrda Navoiy shahar xalqaro aeroportini boshqarish toʻgʻrisida Bitim imzolanganligi, unda “Korean Eyr” aviakompaniyasiga Bitimning amal qilish muddatini yana besh yilga uzaytirish huquqini bergan holda, Navoiy shahar aeroporti boshqaruvini 2009-yil 1-yanvardan 2013-yil 31-dekabrgacha boʻlgan muddatga “Korean Eyr” aviakompaniyasiga berish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasida “Korean Eyr” aviakompaniyasi faoliyatini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Korean Eyr” aviakompaniyasining Oʻzbekiston Respublikasiga doimiy ishlash uchun yuborilgan xodimlari maqomiga koʻra diplomatik vakolatxonalarning maʼmuriy-texnik xodimlariga tenglashtirilsin.
3. Navoiy shahar aeroporti bazasida xalqaro intermodal logistika markazini tashkil etish loyihasi doirasida 2008-yil 1-avgustdan 2019-yil 1-yanvargacha:
“Korean Eyr” aviakompaniyasi tomonidan Navoiy shahar aeroportini boshqarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlar va uskunalar, shuningdek, 2008-yilda olib kirilgan ikkita “Xunday Verakruz” avtomobili bojxona toʻlovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno);
“Korean Eyr” aviakompaniyasi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida olingan daromadlar, shuningdek, Navoiy shahar aeroportini rivojlantirish boʻyicha 2008-yilda aviakompaniya tomonidan koʻrsatilgan konsalting xizmatlaridan olingan daromadlar boʻyicha foyda soligʻini;
“Korean Eyr” aviakompaniyasining Oʻzbekiston Respublikasiga doimiy ishlash uchun yuborilgan xodimlari — jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilinsin.
4. Navoiy shahar aeroporti, istisno tariqasida, 2009-yil 1-yanvardan 2019-yil 1-yanvargacha:
aeroportni rivojlantirish va uning bazasida xalqaro intermodal logistika markazini tashkil etish maqsadida oʻz ehtiyojlari uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiradigan tovarlar bojxona toʻlovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno);
“Korean Eyr” aviakompaniyasining Oʻzbekiston Respublikasiga doimiy ishlash uchun yuborilgan xodimlarining oylik maoshi qismi uchun yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlashdan ozod qilinsin.
41. Navoiy shahar aeroporti 2015-yil 1-yanvargacha mulk soligʻi, yer soligʻi hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻini toʻlashdan ozod etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK buyurtmanomalariga binoan Navoiy shahar aeroporti bazasida xalqaro intermodal logistika markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirish doirasida “Korean Eyr” aviakompaniyasi faoliyatida qatnashuvchi xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yigʻimlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK buyurtmanomalariga binoan Navoiy shahar aeroporti bazasida xalqaro intermodal logistika markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirish doirasida “Korean Eyr” aviakompaniyasi faoliyatida qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarning davlat boji undirilmasdan vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKga Navoiy shahar aeroporti bazasida xalqaro intermodal logistika markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirish doirasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va “Korean Eyr” aviakompaniyasi oʻrtasida tuzilgan Navoiy shahar xalqaro aeroportini boshqarish toʻgʻrisida Bitimda nazarda tutilgan tomonlarning majburiyatlari bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 31-dekabr,
PQ-1027-son