toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT SHAHRIDAGI TURIN POLITEXNIKA UNIVERSITETINING FAOLIYATINI VA MODDIY-TEXNIKA BAZASINI TAʼMINLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida Turin politexnika universiteti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2009-yil 27-apreldagi PQ–1106-son qarorini bajarish yuzasidan hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining (keyingi oʻrinlarda Universitet deb ataladi) moddiy-texnika bazasini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
Oldingi tahrirga qarang.
bir oy muddatda “Oʻzavtosanoat” AK hisobiga Toshkent shahar, Niyozov koʻchasi (Kichik halqa yoʻli), 17-uy manzilida joylashgan binolar kompleksining tutash hudud bilan birgalikda baholanishini taʼminlasin hamda uni davlatning “Oʻzavtosanoat” AK ustav fondidagi ulushi sifatida, keyinchalik Universitetga berish uchun “Oʻzavtosanoat” AK balansiga oʻtkazsin;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 16-martdagi 79-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 12-son, 153-modda)
“Oʻzavtosanoat” AK bilan birgalikda “Oʻzavtosanoat” AKning ustav fondi belgilangan tartibda koʻpaytirilishini taʼminlasin.
2. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Toshkent shahar Sobir Rahimov va Shayhontohur tumanlarining fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudini qayta joylashtirishni taʼminlasin.
3. Quyidagilar:
“Oʻzavtosanoat” AK — Universitetga berilayotgan binolar kompleksini loyihalashtirish va rekonstruksiya qilish boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin, keyinchalik buyurtmachi funksiyalari tashkil etilayotgan Universitetga berilsin;
“Toshgiprogor” OAJ — bosh loyihalash tashkiloti etib;
“Oʻzneftgazqurilishinvest” AK — bosh pudrat tashkiloti etib belgilansin.
Buyurtmachiga, istisno tariqasida, Universitetga berilayotgan binolar kompleksini rekonstruksiya qilishni 2009-yil 1-avgustgacha boʻlgan muddatda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir paytda amalga oshirishga ruxsat berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi Universitetga berilayotgan binolar kompleksini rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda rekonstruksiya qilish ishlarining sifatli bajarilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
5. Toshkent shahrida Turin politexnika universitetini tashkil etish boʻyicha Tashkiliy komissiya (R.S. Azimov):
Universitetga berilayotgan binolar kompleksini 2009/2010 oʻquv yili boshlangungacha sifatli rekonstruksiya qilish ishlarini;
Universitetning unga berilayotgan binolar kompleksida, uni zarur mebellar, jihozlar, zamonaviy oʻquv va laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlagan holda joylashtirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
ikki oy muddatda Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi), “Oʻzavtosanoat” AK, boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining taʼsis hujjatlari ishlab chiqilishini va kelishilishini hamda uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
2009/2010 oʻquv yili boshlangungacha Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi) bilan kelishgan holda oʻquv rejalari va dasturlari tayyorlanishini taʼminlasin;
har yili 30-martgacha, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelgusi oʻquv yiliga taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) boʻyicha talabalar qabul qilish soni toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritsin;
ikki oy muddatda Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi) bilan Universitetning tashkiliy tuzilmasini kelishib olsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli Hukumat qarori loyihasini kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Qosimov va U.U. Rozuqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 5-may,
130-son