1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.11.00.00 Jinoyat qonunchiligi / 16.11.03.00 Jazo va uning tayinlanishi. Jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilish;
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.12.00.00 Jinoyat-protsessual qonunchiligi / 16.12.13.00 Alohida toifadagi jinoyat ishlarini yuritish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari . Ombudsman. Fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi;
2.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Jinoyat-protsessual qonunchilik]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
VOYAGA YETMAGANLARNING JINOYATLARI HAQIDAGI ISHLAR BOʻYICHA SUD AMALIYOTI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan)
Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni koʻrishda sudlar asosan qonunlarni toʻgʻri tatbiq etilishini taʼminlamoqdalar.
Shu bilan birga, sudlar tomonidan baʼzan shu toifadagi ishlarni koʻrishda jinoyat va jinoyat-protsessual qonun normalariga har doim ham rioya etmayaptilar. Shuningdek, voyaga yetmaganlarning jinoyat sodir etishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni lozim darajada aniqlash va ularni bartaraf qilish choralari koʻrilmayapti.
(muqaddimaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Jinoyat sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni lozim darajada aniqlashga har doim tegishli eʼtibor berilmayapti va ularni bartaraf etish yuzasidan qonunda nazarda tutilgan choralar koʻrilmayapti.
(muqaddimaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Jinoyat kodeksining 87-moddasida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlganda voyaga yetmaganlarga nisbatan majburlov choralarini qoʻllagan holda ularni javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish masalasiga yetarli eʼtibor qaratilmayapti.
Kelgusida qonun ustuvorligini toʻla taʼminlash va kamchiliklarga barham berish, protsessual va moddiy qonun meʼyorlarining toʻgʻri tatbiq etilishiga sudlarni eʼtiborini jalb qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
1. Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni koʻrishda, ish boʻyicha isbotlanishi lozim boʻlgan holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama toʻla va xolisona tekshirib chiqib, qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini va sudlanuvchining shaxsini eʼtiborga olgan holda aniqlangan haqiqiy holatlar va dalillar majmuasiga toʻgʻri baho berilib, odillik va insonparvarlik tamoyillariga amal qilgan holda qonunda koʻrsatilgan xususiyat va imtiyozlaridan toʻla foydalanishga qaratilishi lozim.
2. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash vaqtida sudlar ayblanuvchiga nisbatan qoʻllanilgan qamoqqa olish sifatidagi ehtiyot chorasining asosli ekanligini sinchiklab tekshirishlari, ayni vaqtda JPKning 242, 243-moddalariga va Oliy sud Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi “Sudga qadar ish yuritish bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarorida koʻrsatilgan tushuntirishlarga muvofiq bunday ehtiyot chorasi sudlanuvchining shaxsi, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi shuni taqozo etgan hollardagina qoʻllanishini nazarda tutishlari lozim.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 17-sonli qarori tahririda)
3. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda shuni nazarda tutish lozimki, ayblanuvchi bu paytga kelib voyaga yetgan-yetmaganligidan qatʼi nazar, bunday ishlar boʻyicha advokat hamda qonuniy vakil ishtirok etishi shart. Ushbu qoida shaxs jinoyatlardan birini 18 yoshga toʻlmasdan oldin, boshqasini voyaga yetganidan soʻng sodir etganlikda ayblangan hollarda ham amal qiladi.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Jinoyat-protsessual kodeksining 51-moddasiga muvofiq, surishtiruv, dastlabki tergov harakatlari va sud muhokamasi davrida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari boʻyicha advokatning ishtirok etishi shart. Mazkur qoida JPKning 52-moddasi talabiga koʻra voyaga yetmagan shaxs himoyachidan voz kechganda ham tatbiq etiladi. Ushbu protsessual qonun talablariga rioya qilmaslik JPK 488-moddasiga asosan, hukmning bekor qilinishiga asos boʻladigan jinoyat protsessual qonunning jiddiy buzilishi deb qaralishi kerak.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Himoyachi ishtirok etishi shart boʻlgan hollarda uning ishtirokisiz aniqlangan har qanday dalil yuridik kuchga ega emasdir.
4. Jinoyat-protsessual kodeksining 551 va 562-moddalariga muvofiq sud voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari koʻriladigan vaqt va joy haqida ularning ota-onasini, ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslarni, vasiylik yoki homiylik organi vakillarini, voyaga yetmaganlar oʻqigan yoki ishlagan korxona, muassasa, tashkilotni, bolalar masalalari boʻyicha komissiyani, zarur boʻlsa boshqa tashkilotlarni ham xabardor qiladi. Sud bu tashkilotlarning vakillarini, sudlanuvchining vasiy yoki homiysini, bolalar masalalari boʻyicha komissiyaning vakillarini guvoh sifatida soʻroq qilish uchun sud majlisiga chaqirishga haqlidir.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qarori tahririda)
Voyaga yetmagan sudlanuvchining qonuniy vakili masalasi hal etilayotganda shuni nazarda tutish kerakki, JPKning 60-moddasining 2-qismida keltirilgan qonuniy vakil boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslarning roʻyxati qatʼiy berilgan.
Agar voyaga yetmaganning ota-onasi boʻlmasa va u yolgʻiz yashayotgan yoxud tegishli ravishda vasiy yoki homiy etib tayinlanmagan shaxs bilan yashayotgan boʻlsa, sud voyaga yetmaganning qonuniy vakili sifatida vasiylik yoki homiylik organining vakilini chaqirishi zarur.
5. Sudlar JPKning 548-moddasiga koʻra voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar boʻyicha isbotlanishi lozim boʻlgan holatlar qatoriga yoshini va shaxsini aniqlashlik ham kirishini nazarda tutishlari zarur. Ayni vaqtda, shu narsani eʼtiborda tutish kerakki, shaxs tugʻilgan kunidan boshlab emas, balki tugʻilgan kuni oʻtganidan soʻng, yaʼni ertasi kunning nol soatidan boshlab jinoyat uchun javobgarlik boshlanadigan yoshga toʻlgan deb hisoblanadi.
Sudlar ishda albatta voyaga yetmaganlarning tugʻilish guvohnomasi yoki pasportidan fotonusxa mavjudligiga ahamiyat berishlari kerak. Ishda bunday hujjatlar yoʻqligi aniqlangan taqdirda sudning oʻzi bunday kamchilikni bartaraf qilishi zarur.
Sudlanuvchining yoshi sud-tibbiyot ekspertizasi tomonidan aniqlanayotganda, uning tugʻilgan kuni deb, ekspertlar aniqlagan yilning oxirgi kuni hisoblanadi. Yosh eng kam va eng koʻp yillar miqdori bilan aniqlanganda, sud ekspertlar tomonidan belgilangan eng kam yoshdan kelib chiqishi lozim.
6. Shuni nazarda tutish lozimki, JKning 87-moddasi 3-qismiga koʻra, voyaga yetmagan shaxs rivojlanishda oʻz yoshiga nisbatan ancha orqada qolgan boʻlsa va sodir etgan qilmishining ahamiyatini toʻla ravishda anglab yetmasa, sud jazo oʻrniga majburlov chorasi qoʻllash maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqishi shart.
Sudlarga ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan voyaga yetmagan shaxslarga hamda ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatni takroran sodir etgan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan JK 88-moddasida koʻrsatib oʻtilgan majburlov choralarini kengroq qoʻllanishi uqtirilsin.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan voyaga yetmagan shaxs agar, sodir etilgan qilmishining xususiyati, aybdorning shaxsi va ishning boshqa holatlarini eʼtiborga olib, sud uni jazo qoʻllamasdan turib ham tuzatish mumkin degan xulosaga kelsa, ishni koʻrish uchun tayinlash bosqichida ishni tugatish va uni bolalar masalalari boʻyicha komissiyada koʻrishga yuborish haqida ajrim chiqaradi.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qarori tahririda)
Jinoyat kodeksining 87-moddasining 2-qismida koʻrsatilgan asoslar bilan voyaga yetmaganni jazodan ozod etish va unga nisbatan shu kodeksning 88-moddasida koʻrsatilgan majburlov choralarini qoʻllash yuzasidan sud jazo tayinlamasdan turib jazodan ozod etish haqida hukm chiqaradi.
Bunda sud hukmda majburlov chorasini qoʻllash yoki qoʻllamaslik toʻgʻrisida asoslantirilgan xulosasini koʻrsatishi shart.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Voyaga yetmagan sudlanuvchining aqli norasoligidan dalolat beruvchi maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda, voyaga yetmaganning aqliy rivojlanishida ortda qolgani yoki ortda qolmagani haqidagi masalaga aniqlik kiritish uchun kompleks sud-ruhiyotshunoslik ekspertizasi tayinlanishi lozim.
Mazkur masalalarning yechimi ekspertlar komissiyasi ixtiyoriga havola etilishi ham mumkin. Bunda voyaga yetmaganning aqliy rivojlanishi, uning yoshidan naqadar ortda qolganligi, aqli zaifligi qay darajada ekanligi haqidagi savollarga javob berish shart qilib qoʻyilishi kerak.
7. Voyaga yetmaganlarning katta yoshdagilar ishtirokida sodir etgan jinoyatlari haqidagi ish koʻrib chiqilayotganda, katta yoshdagi shaxs va oʻsmir oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning xususiyatini sinchiklab aniqlash lozim, chunki ana shu maʼlumotlar katta kishining voyaga yetmaganni jinoyat yoki gʻayriijtimoiy harakat sodir etishga jalb qilishdagi rolini aniqlashda muhim ahamiyatga ega boʻlishi mumkin.
Sudlarga 18 yoshga toʻlgan va jinoyatni qasddan sodir etgan shaxslargina voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin ekanligi tushuntirilsin. Shuningdek, katta yoshdagi kishi oʻz harakatlari bilan voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilayotganini bilgani holda yoki shunday fikrga yoʻl qoʻyganini ham aniqlash lozim. Agarda katta yoshdagi kishi shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilsayu, uning voyaga yetmaganligini bilmasa yoki bilishi mumkin boʻlmasa, bu holda JKning 127-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortish mumkin emas.
8. Agar voyaga yetmagan shaxsning jinoyat sodir etishiga katta yoshdagilarning, shu jumladan ish yuzasidan jabrlanuvchi deb eʼtirof etilgan shaxslarning gʻayriqonuniy yoki yomon xulq-atvori sabab boʻlgan boʻlsa, sud bu holatni jazoni yengillashtiruvchi holat deb eʼtirof etishi, shuningdek, zarur holda qayd etilgan shaxslarning ish yoki yashash joylariga xususiy ajrim chiqarib muhokama qilishga yuborishi lozim.
Jinoyat kodeksining 55-moddasi “g” bandiga koʻra jinoyatning jismoniy yoki ruhiy tazyiq oʻtkazilishi natijasida sodir etilishi, yoxud voyaga yetmagan shaxsning moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaramliligi sababli sodir etilishi javobgarlikni yengillashtiruvchi holat ekanligini ham nazarda tutish kerak. Shu munosabat bilan sudlar voyaga yetmagan shaxsga nisbatan aynan qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiq oʻtkazilganligini aniqlashlari shart.
9. Sud voyaga yetmaganlarga jazo tayinlash masalasini hal etayotganda, birinchi navbatda, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, ana shu shaxslarga oid maʼlumotlarni hamda jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarni nazarda tutib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni qoʻllash imkoniyatini muhokama qilishi lozim. Sud aybdorni jamiyatdan ajratmasdan turib qayta tarbiyalashning imkoniyati boʻlmagan hollardagina ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni tayinlashi mumkin. Ayni vaqtda hukmda sudning bu toʻgʻrisidagi xulosasi asoslantirilishi shart.
10. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari yuzasidan hukm chiqarishda ularning jinoiy qilmishlariga xolisona baho berilishi, ularga nisbatan JKning 72, 87-moddalarini qoʻllash masalasini sudlar atroflicha, har tomonlama muhokama qilishlari lozim.
Sudlar voyaga yetmaganlarga nisbatan JKning 72-moddasini qoʻllaganlarida sudlanganga sinov muddati davrida qanday muayyan majburiyatlar yuklatilishini (oʻqishni yakunlashi, ishga joylashishi va hokazolar) hukmda aniq koʻrsatishlari shart.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tayinlayotganda JK 82-86-moddalari talablaridan kelib chiqish lozim boʻlib, bunda JK 57-moddasini qoʻllash talab etilmaydi. Sudlanuvchiga u aybdor deb topilgan JK Maxsus qismining moddasida nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazolarning tayinlanish hollari bundan mustasnodir.
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda shu Kodeksning 560-moddasiga muvofiq, voyaga yetmaganlar jinoyatlari toʻgʻrisidagi ish yopiq sud majlisida koʻriladi.
(10-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
101. Sud voyaga yetmagan shaxsni shartli hukm qilsa yoki unga ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazo tayinlasa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 339-sonli qaroriga asosan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jamoat tarbiyachisi tayinlash zarurligini muhokama qilishi shart.
(101-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
11. Agar dastlabki tergov organlari, asos boʻla turib, Fuqarolik kodeksining 993 va 994-moddalarida koʻrsatilgan shaxslar va tashkilotlarni fuqaroviy javobgar deb eʼtirof etmagan boʻlsa, sud bu masala yuzasidan tegishli ajrim chiqarishi lozim.
12. Sudlar voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari sudda koʻrilayotganda jinoyatni keltirib chiqargan sabablarni aniqlab, ularni bartaraf qilish uchun xususiy ajrim chiqarishlari shart.
13. Bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi, voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarlik sodir etilishi va ularni nazoratsiz qoldirish hollarining oldini oluvchi hamda ular oʻrtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning kelib chiqishi sabablari, shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish choralarini amalga oshiruvchi organ hisoblanishiga eʼtibor qaratilsin.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qarori tahririda)
Shu bois sudlar voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni koʻrishda ushbu komissiyalarning oʻz vazifalarini lozim darajada bajargan-bajarmaganliklarini aniqlab, ularning faoliyatini xolisona baholab, aniqlangan kamchiliklarga nisbatan albatta tegishli munosabat bildirishlari shart.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlarini koʻrib chiqish boʻyicha quyi sudlarning faoliyati ustidan nazoratni taʼminlashlari, chiqarilgan sud qarorlarining qonuniyligini va asoslantirilganini sinchiklab tekshirishlari, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishlari zarur.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
15. Mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan sobiq SSSR Oliy sudi Plenumining 1976-yil 3-dekabrdagi “Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari hamda ularning jinoiy va boshqa gʻayriijtimoiy faoliyatga jalb qilinishi haqidagi ishlar boʻyicha qonunlarning qoʻllanilishiga doir sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi 16-son qarori, Oʻzbekiston SSR Oliy sudi Plenumining 1984-yil 11-maydagi “Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari hamda ularning jinoiy va boshqa gʻayriijtimoiy faoliyatga jalb qilinishiga oid qonun talablarining, SSSR Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston SSR Oliy sudi Plenumi qarorlarining Respublika sudlari tomonidan ijrosi toʻgʻrisida”gi 1-son qarori va Oʻzbekiston SSR Oliy sudi Plenumining 1987-yil 28-avgustdagi “Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni koʻrib chiqish vaqtida Respublika sudlari tomonidan qonun hujjatlarining, SSSR Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston SSR Oliy sudi Plenumi rahbariy tushuntirishlarining bajarilishi toʻgʻrisida”gi 3-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.