1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.12.00.00 Jinoyat-protsessual qonunchiligi / 16.12.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Jinoyat-protsessual qonunchilik]
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING JINOYAT-PROTSESSUAL KODEKSIGA OʻZGARTIShLAR VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-maydagi 73-I-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1959-yil 21-maydagi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari 1959-yil, № 6 3-modda) quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
1. Kodeks quyidagi mazmunda boʻlgan 47-2-modda va oʻn uchinchi-1 bob bilan toʻldirilsin:
“47-2-modda Surishtiruv idoralari, tergovchi, prokuror va sudning jarayon qatnashchilari hamda oʻzga shaxslarning xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrish borasidagi vazifalari
Jabrlanuvchiga, guvoh yoki ishda qatnashayotgan boshqa shaxslarga, shuningdek, ularning oila aʼzolari yoki yaqin qarindosh-urugʻlariga, oʻldirish, zoʻrlik qilish, shaxsiy mol-mulkini yoʻq qilib tashlash yoxud mol-mulkiga shikast yetkazish bilan yoinki oʻzga gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinayotir, dyeyish uchun yetarli maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda surishtiruv idorasi, tergovchi, prokuror, sud, bu shaxslarning hayoti, salomatligi, shaʼni, qadr-qimmati va mol-mulkini muhofaza qilish, shuningdek aybdorlarni aniqlash hamda ularni javobgarlikka tortish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrishlari shart.
Sud, prokuror, shuningdek tergovchi va surishtiruv idorasi prokurorning roziligi bilan militsiya idoralariga ishda qatnashayotgan shaxslarning hayoti, salomatligi, shaʼni, qadr-qimmati va mol-mulki muhofaza qilinishini taʼminlovchi barcha chora-tadbirlarni koʻrish xususida yozma ravishda topshiriq berishga xaqlidirlar.
Militsiya idorasi jinoiy ishda xavf ostida qolgan shaxslarga doir mavjud maʼlumotlardan, bu xavfning ehtimol tutilgan xarakteri manbalari, joyi, vaqti va boshqa holatlar haqida xabardor etilishi lozim”.
“OʻN UChINChI-1 BOB”
TELEFONLAR VA BOShQA SOʻZLAShUV QURILMALARI ORQALI OLIB BORILAYOTGAN SOʻZLAShUVLARNI EShITISh
160-1-modda. Soʻzlashuvni eshitish uchun asoslar
Qoʻzgʻatilgan jinoiy ish yuzasidan gumon qilinayotgan shaxsning, ayblanuvchining telefonlar va boshqa soʻzlashuv qurilmalari orqali soʻzlashuvlarini eshitish oqibat-natijada ishga doir muhim ahamiyatga ega maʼlumotlar olinadi deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud boʻlgan takdirda prokurorning ruxsati bilan surishtiruv idorasi yoki tergovning qaroriga binoan yoxud sudning ajrimiga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Jabrlanuvchiga, guvohga, xuddi shuningdek ularning qarindosh-urugʻlari va yaqin kishilariga nisbatan zoʻrlik qilish, taʼmagirlik qilish yoki gʻayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etish tahdidi mavjud boʻlgan takdirda ana shu shaxslarning arizalari yoki yozma ravishda bergan roziligiga koʻra prokurorning ruxsati bilan yoinki sudning ajrimiga binoan ularni telefonlari yo oʻzga soʻzlashuv qurilmalari orqali olib borilayotgan soʻzlashuvni eshitish mumkin.
160-2 modda. Telefon orqali soʻzlashuvlar va boshqa xil soʻzlashuvlarni eshitish tartibi
Tergovchi yoki surishtiruv idorasi soʻzlashuvlarni eshitishni, zarur hollarda bu ishga mutaxassisni jalb etishi mumkin. Tergovchi, surishtiruv oʻtkazgan shaxs, prokuror va sudya topshiriq yozadi. Bu topshiriqnoma ijro etish uchun ichki ishlar idorasi yoki militsiya xavfsizlik xizmatining soʻzlashuvlarni eshitish maxsus boʻlinmasi (xizmati) rahbariga yuboriladi.
Eshitilayotgan maʼlumotlarning xarakteri va hajmi, shuningdek soʻzlashuvlarni eshitishning borishi va natijalarini qayd qilish shakli surishtiruvchi doirasining, tergovchining, prokurorning qarorida yoki sudning ajrimida belgilab beriladi.
Telefon soʻzlashuvlari va boshqa soʻzlashuvlar olti oydan ortiq davom etishi mumkin emas.
Telefonlar va boshqa soʻzlashuv qurilmalari orqali olib borilayotgan soʻzlashuvlarni eshitish xamda magnit lentasiga ovoz yozib olishda ishtirok etayotganlar oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni ovoza qilganlik uchun javobgar boʻlishlari xususida ogohlantiriladilar.
160-3-modda. Telefon orqali soʻzlashuv va boshqa xil soʻzlashuvlarni eshitishning fonogrammasi hamda bayoni
Telefonlar va boshqa soʻzlashuv qurilmalari orqali olib borilayotgan soʻzlashuvlarni eshitish chogʻida ovoz magnit lentasiga yozib olinishi mumkin. Eshitish oʻtkazilganligi va magnit lentasiga ovoz yozib olinganligi toʻgʻrisida bayon tuzilib, unda ishga taalluqli soʻzlashuvlar fonogrammasining qisqacha mazmuni ifoda etiladi. Fonogramma muhrlanib, bayonga tikib qoʻyiladi, uning ishga taalluqli boʻlmagan qismi esa hukm qonuniy kuchga kirganidan keyin yoʻq qilib yuboriladi.
Soʻzlashuv eshitilganligi va ovoz magnit lentasiga yozib olinganligiga doir bayonda abonent raqami, soʻzlashuv eshitilgan va ovoz magnit lentasiga olingan vaqt, joy, bu ishlarni bajargan shaxslarga doir maʼlumotlar, shuningdek ish uchun ahamiyatga ega boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar aks ettiriladi.
Soʻzlashuv eshitilganligi va ovoz magnit lentasiga yozib olinganligiga doir bayon ushbu Kodeks 117-moddasi talablariga rioya etilgan holda tuziladi va bu ishlarni amalga oshirgan shaxslar tomonidan imzolanadi”.
2. 12-moddaning ikkinchi qismi quyidagicha tahrirda bayon etilsin:
“Bundan tashqari oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslarning jinoyatlariga doir ishlar boʻyicha, ishda qatnashayotgan shaxslar hayotining sir tutiladigan tomonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor boʻlishining oldini olish maqsadida jinoiy aloqalarga doir va boshqa ishlar boʻyicha, shuningdek jabrlanuvchi, guvoh xamda ishda qatnashuvchi boshqa shaxslarning, ularning oila aʼzolari yoki yaqin qarindosh-urugʻlarning xavfsizligini taʼminlash manfaatlari talab qilgan hollarda sudning asoslantirilgan ajrimiga binoan ish yopiq sudda koʻrilishiga yoʻl qoʻyiladi”.
3. 13 va 14-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13-modda. Gumon etilayotgan shaxsning, ayblanuvchi va sudlanuvchining himoya huquqini taʼminlanishi
Gumon etilayotgan shaxs, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoya huquqiga egadir.
Sud, prokuror, tergovchi va surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs gumon etilayotgan shaxs ayblanuvchi hamda sudlanuvchiga qonunda belgilangan vositalar va usullar bilan himoyalanish imkoniyatini, shuningdek ularning shaxsiy va mulkiy huquqlari muhofaza qilinishini taʼminlab berishlari shart.
14-modda. Ishning holatlarini har taraflama, toʻla va xolis tekshirish
Sud, prokuror, tergovchi va surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs ishning holatlarini har taraflama, toʻla va xolis tekshirilishi uchun qonunda nazarda tutilgan barcha choralarni koʻrishlari, gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi va sudlanuvchining ham aybini ochadigan, ham ularni oqlaydigan, shuningdek ularning javobgarligini ogʻirlashtiradigan va yengillashtiradigan holatlarni aniqlashlari shart.
Sud, prokuror, tergovchi va surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs isbotlash vazifasini gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi va sudlanuvchi zimmasiga yuklab qoʻyishga haqli emas.
Gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi, sudlanuvchi va ishda qatnashayotgan boshqa shaxslardan majburlab koʻrsatuvlar olish yoʻllari, shuningdek zoʻrlik etish, tahdid qilish va boshqa gʻayriqonuniy yoʻllar bilan dalil-isbot toʻplash man etiladi”.
4. 35-moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlari chiqarib tashlansin.
5. 36-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jabrlanuvchi shaxsan oʻzi yoki oʻz vakili orqali sud muhokamasida ayblanuvchi qoʻllashi mumkin”.
6. 40-1-moddaning ikkinchi qismi “gumondor” soʻzidan keyin, “himoyachiga ega boʻlishga” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
7. 42-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“42-modda. Jinoyat sudlov ishlarini yurgizishda himoyachining ishtiroki
Himoyachining ishda qatnashishiga aybnoma eʼlon qilingan paytdan boshlab, jinoyat sodir qilinganlikda gumon etilayotgan shaxs ushlangan yoki unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi aybnoma eʼlon qilingunga kadar qoʻllanilgan taqdirda esa unga ushlab turish bayoni yoxud qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi qaror eʼlon qilingan paytdan boshlab, ammo ushlangan vaqtdan soʻng yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay yoʻl qoʻyiladi. Basharti, ushbu muddat ichida gumon etilayotgan shaxs yoki ayblanuvchi tanlangan himoyachi hozir boʻlishining imkoni topilmasa, surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs tergovchi va prokuror gumon etilayotgan shaxsga yoki ayblanuvchiga boshqa himoyachi chaqirishni taklif qilishga haqlidirlar, yoynki huquqiy maslahat idorasi orqali ularni himoyachi bilan taʼminlaydilar.
Advokatlarning, kasaba uyushmalari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillarining muayyan tashkilotlar aʼzolariga taalluqli ishlar yuzasidan himoyachi sifatida qatnashishlariga yoʻl qoʻyiladi. Surishtiruv idorasi, tergov sudyaning qaroriga yoki sudning ajrimiga koʻra boshqa shaxslarning ham himoyachisi sifatida qatnashishlariga yoʻl qoʻyiladi.
Huquqiy maslahat idorasining mudiri yoki advokatlar hayʼatining rayosati gumon etilayotgan shaxsni, ayblanuvchi yoxud sudlanuvchini himoya qilish uchun advokat tayinlashlari shart. Huquqiy maslahat idorasining mudiri yoki advakatlar xayʼatining rayosati, shuningdek ishni yurgizayotgan surishtiruv idorasi dastlabki tergov idorasi, prokuror, sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda gumon etilayotgan shaxsni, ayblanuvchini, sudlanuvchini huquqiy yordam haqini toʻlashdan butunlay yoki qisman ozod qilishga haqlidir. Huquqiy maslahat idorasi mudiri yoki advokatlar hayʼatining rayosati haq toʻlashdan bunday ozod qilishga yoʻl qoʻygani takdirda himoyachining mehnatiga advokatlar hayʼati mablagʻlari hisobidan, boshqa hollarda davlat hisobidan haq toʻlanadi.
Advokatlar mehnatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda haq toʻlash yoki advokat surishtiruvida, dastlabki tergovda va sudda tayinlash asosida qatnashgan hollarda uning mehnatiga haq toʻlash uchun ketgan xarajatlar budjet hisobidan amalga oshiriladi. Bundan holda davlatdan ketgan xarajatlarni qoplash mahkumning zimmasiga yuklatilishi mumkin”.
8. 43-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Voyaga yetmaganlarning, soqovlar, karlar, koʻrlar va jismoniy yoki nuqsoni tufayli oʻzining himoya huquqini oʻzi amalga oshira olmaydigan boshqa shaxslarning, shuningdek sudlov ishi yuritilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarning ishlari boʻyicha surishtiruv va dastlabki tergov oʻtkazish ishlarini sudda koʻrib chiqish chogʻida himoyachining ishtirok etishi shart. Bunday hollarda ushbu Kodeksning 42-moddasi birinchi bandida uqtirilgan paytidan boshlab himoyachining ishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻlim jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan jinoyatlarni sodir qilishda ayblanayotgan shaxslarning ishlari boʻyicha aybnoma eʼlon qilingan paytdan boshlab himoyachining ishtirok etishi shartdir. Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyiladigan boshqa hollarda ham himoyachining ishda ishtirok etishi shart boʻlishi mumkin”;
uchinchi qismdan “Ayblanuvchi himoyachining ishtirok etishi toʻgʻrisida iltimos qilgan yoki” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
9. 44, 45 va 46-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44-modda. Himoyachini taklif qilish, tayinlash va oʻzgartirish
Himoyachini gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi va sudlanuvchi tomonidan gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining topshirigʻi yoxud roziligi bilan ularning qonuniy vakillari, qarindosh-urugʻlari yoki boshqa shaxslar tomonidan taklif qilinadi.
Gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining iltimosiga binoan himoyachining qatnashuvi surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs, tergovchi yoki sud tomonidan taʼminlanadi.
Gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tanlagan uzoq vaqt ishda ishtirok etish imkoni boʻlmasa, surishtiruv oʻtkazish tergovchi va sud gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga himoyachi chaqirishni taklif qilishga yoxud gumon qilinayotgan shaxs, aybnuvchi yoki sudlanuvchiga huquqiy maslahat idorasi orqali himoyachi tayinlashga haqlidirlar.
Basharti, gumon qilinayotgan shaxslar, ayblanuvchi yoki sudlanuvchilar ikki nafar va undan ortiq boʻlib, ulardan birini himoya qilish manfaatlari ikkinchisini himoya qilish manfaatlariga zid kelsa, ayni bir shaxs yuqorida keltirilgan shaxslardan ikki nafari yoki undan ortigʻining himoyachisi boʻlmaydi.
45-modda. Himoyachidan voz kechish
Gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ish yuritilayotgan istalgan vaqtda himoyachidan voz kechishga haqlidir. Bundan voz kechishga faqat gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining tashabbusi bilangina yoʻl qoʻyiladi va u davlat yoki jamoat qoralovchisining, shuningdek boshqa gumon qilinayotgan shaxslar, ayblanuvchilar va sudlanuvchilar himoyachilarning ishda qatnatishga toʻsqinlik qilmaydi.
Ushbu Kodeksning 43-moddasiga muvofiq himoyachining qatnashishi shart boʻlgan hollarda himoyachidan voz kechish istagi qondirilmaydi.
46-modda. Himoyachining majburiyatlari va huquqlari
Himoyachi gumon etilayotgan shaxsni, ayblanuvchi yoki sudlovchini oqlaydigan, ularning javobgarligini kamaytiradigan holatlarni aniqlash maqsadida himoya qilishning qonunda koʻrsatilgan barcha vositalari va usullaridan foydalanishi hamda ularga zarur yuridik yordam koʻrsatishi shart.
Himoyachi ishda qatnashishga ruxsat etilgan vaqtdan boshlab: aybnoma eʼlon qilinayotgan chogʻda ishtirok etishga, gumon etilayotgan shaxs yoki ayblanuvchini soʻroq qilishga, shuningdek ular ishtirokida oʻtkaziladigan boshqa tergov harakatlari vaqtida qatnashishga; ishga doir barcha materiallar bilan tanishish hamda ulardan zarur maʼlumotlarni koʻchirib olishga; sud tergovida qatnashishda dalil-isbotlarni taqdim etishga; iltimoslarni bayon etishga; raddiyalar berishga; surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari yuzasidan shikoyat qilishga haqlidir. Himoyachi qatnashishga ruxsat etilgan vaqtdan boshlab ushlangan shaxs yoki qamoqqa olinayotgan, gumon etilayotgan shaxs yoxud ayblanuvchi bilan istagancha va davomiyligi cheklanmagan holda tanholikda uchrashishga haqlidir.
Tergov harakatlari olib borilayotganda ishtirok etayotgan himoyachi soʻroq qilinayotgan shaxsga savollar berishga, tergov bayonidagi yozuvlarning notoʻgʻri yoki toʻliq emasligi yuzasidan yozma fikr-mulohazalar bildirishga haqlidir.
Himoyachi himoyani amalga oshirishi munosabati bilan oʻziga maʼlum qilingan maʼlumotlarni oshkor etishga haqli emas.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida himoyachining boshqa huquqlari nazarda tutilishi mumkin.
Advokat gumon etilayotgan shaxsni, ayblanuvchini yoki sudlanuvchini himoya qilish boʻyicha oʻz zimmasiga olgan vazifadan voz kechshiga haqli emas”.
10. 50-moddaning ikkinchi qismi “tergov va sud harakatlarining protokollari” soʻzlaridan soʻng “video yozuvlar, kinofoto, suratlar va magnit lentasi yozuvlaridan iborat materiallar” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
11. 54-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Guvoh uzrli sabablarsiz kelmasa, surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs, tergovchi, prokuror va sud uni majburiy ravishda olib keltirishga haqlidir. Guvoh qasddan sudda hozir boʻlishdan bosh tortgani taqdirda, sud bunday shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qonunlarda nazarda tutilgan tartib va miqdorlarda maʼmuriy jazo belgilashi ham mumkin”.
12. 78-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs, tergovchi, prokuror, sud ehtiyot chorasi sifatida hibsga olish tanlanganligi toʻgʻrisida gumon qilinayotgan shaxs, ayblovchi va sudlanuvchiniig ish joyiga, oʻqish joyiga, oilasiga yoki yaqin qarindosh-urugʻlaridan biriga zudlik bilan maʼlum qiladi. Hibsga olish toʻgʻrisidagi qaror yoki ajrim qamoq joyiga joʻnatiladi. Basharti, gumon qilinayotgan shaxs, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi xorijiy davlat fuqarosi boʻlsa, qaror yoki ajrim Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ham yuboriladi”.
13. 98-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Surishtiruv idoralari zimmasiga jinoyat alomatlarini va jinoyat sodir etgan shaxslarni topish, ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq tekshirib chiqilganidan soʻng jinoiy ish yuzasidan isbot sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni aniqlash maqsadida zarur operativ-qidiruv choralarini koʻrish, shu jumladan videoyozuvlar, kinofoto, suratlar va yozish vositalaridan foydalangan holda operativ-qidiruv choralarini koʻrish vazifasi yuklatiladi”.
14. 99-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jinoyatning mavjud alomatlariga koʻra dastlabki tergov oʻtkazilishi shart boʻlsa surishtiruv idorasi jinoiy ish qoʻzgʻaydi va ushbu Kodeksga amal qilgan holda jinoyat alomatlarini aniqlash hamda mustahkamlash yuzasidan koʻzdan kechirish, tintuv oʻtkazish, ishga daxldor narsalarni olib qoʻyish, telefon orqali va boshqa xil soʻzlashuvlarni eshitish, mol-mulkini xatlash, gumon qilinayotgan shaxslarni guvohlantirish, ushlash, soʻroq qilish, jabrlanuvchi, guvohlarni soʻroq qilishdan iborat kechiktirib boʻlmaydigan tergov harakatlarini amalga oshirish, zarur hollarda esa ekspertiza tayinlaydi”.
15. 100-moddada:
uchinchi qismdan “ishdagi materiallar bilan ularni tanishtirmaydi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi qism chiqarib tashlansin.
16. 113-moddaning beshinchi qismidagi “jabrlanuvchiga, grajdanlik daʼvogari va grajdanlik javobgariga” degan soʻzlar “shuningdek jabrlanuvchi grajdanlik daʼvogariga, grajdanlik javobgari va ularning vakillari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
17. 115-moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlaridagi “tergovchi” soʻzi “surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs, tergovchi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
18. 117-moddaning oltinchi qismi “fonogrammalar” degan soʻzdan keyin “videoyozuvlar” degan soʻz bilan toʻldirilsin.
19. 176-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ish toʻxtatilganligi toʻgʻrisida ayblanuvchiga, jabrlanuvchiga, grajdanlik daʼvogariga, grajdanlik javobgariga va ularning vakillariga toʻxtatish vajlari koʻrsatilgan hamda ularga ish materiallari bilan tanishish huquqi tushuntirilgan holda yozma ravishda maʼlum qilinadi”.
20. 178-moddaning nomi va birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“178-modda. Jabrlanuvchi, grajdanlik daʼvogari, grajdanlik javobgari va ularning vakillarini ishga taalluqli barcha materiallar bilan tanishtirish
Tergov nixoyasiga yetkazilib, toʻplagan dalilar ayblov xulosasi tuzish uchun yetarli deb topilgach, tergovchi bu haqda jabrlanuvchiga, grajdanlik daʼvogariga, grajdanlik javobgariga va ularning vakillariga maʼlum qilishi, ayni paytda ularga ishga doir barcha materiallar bilan tanishish, xuddi shuningdek, dastlabki tergovni toʻldirish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan ariza berish huquqiga ega ekanliklarini tushuntirishi shart. Shundan soʻng ularning har biriga ishga doir barcha materiallar tikilgan va raqamlangan holda tanishib chiqishi uchun takdim etilib, bu xususda bayon tuziladi. Jabrlanuvchi, grajdanlik daʼvogari, grajdanlik javobgari va ularning vakillari ishga doir materiallar bilan tanishish chogʻida undan zarur maʼlumotlarni koʻchirib olishga haqdirlar. Basharti, dastlabki tergov oʻtkazish chogʻida videoyozuv olib borilgan, kinoga olingan yoki ovoz magnit lentasiga yozib olingan boʻlsa, bu vositalar yuqorida uqtirib oʻtilgan shaxslarning iltimosiga koʻra namoyish etilishi yoki eshittirilishi mumkin”.
ikkinchi kism chiqarib tashlansin. Shu munosabat bilan uchinchi va toʻrtinchi qismlar tegishincha ikkinchi va uchinchi qismlar deb hisoblansin.
21. 179-moddada:
ikkinchi kism quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Kodeksning qoidalari boʻyicha himoyachining ishtirok etishi shart boʻlgan hollarda, shuningdek ushbu Kodeksning 42-moddasida nazarda tutilgan hollarda tergovchi ishga doir barcha materiallarni ayblanuvchiga va ayni bir paytda himoyachisiga koʻrsatadi. Himoyachi hozir boʻlmagan taqdirda tergov ishi yuritishga doir materiallarni koʻrsatish kechiktirilishi lozim, biroq kechiktirish muddati besh sutkadan oshmasligi kerak. Bu muddat ichida ayblanuvchi tanlangan himoyachining hozir boʻlish imkoni topilmasa, tergovchi boshqa himoyachini chaqirish chorasini koʻradi”;
uchinchi qismidagi “kinosʼyomka yoki ovoz yozish” degan soʻzlar “videoyozuv-kinosyomka yoki ovoz yozish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
22. 180-moddaning 7-bandidan “tergovchining ruxsati bilan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
23. 182-modda:
uchinchi qismidagi “qoʻshimcha tergov harakatlarini oʻtkazish vaqtida himoyachi ishtirok qilayotgan boʻlsa; u guvohga jabrlanuvchiga, ekspertga va ayblanuvchiga tergovchi orqali savollar berishga”, degan soʻzlar “qoʻshimcha tergov harakatlarini oʻtkazish vaqtida ishtirok qilayotgan himoyachi guvoh jabrlanuvchi ekspert va ayblanuvchiga savollar berishga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
toʻrtinchi qismidagi “grajdanlik daʼvogarini va grajdanlik javobgarligi” degan soʻzlar “grajdanlik daʼvogari, grajdanlik javobgari va ular vakillarini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
24. 221-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ayblov xulosasining koʻchirma nusxasi va sudga chaqiruv qogʻozi sudanuvchiga, shuningdek jabrlanuvchiga yoki uning vakiliga topshiriladi. Ishni sudga oshirish toʻgʻrisidagi masalani hal etish chogʻida ayblov yoki ehtiyot chorasi yoxud sudga chaqirilishi lozim boʻlgan shaxslarning roʻyxati oʻzgartirilgan boʻlsa, sudlanuvchiga, shuningdek jabrlanuvchi yoki uning vakiliga sud chiqargan tegishli ajrimning yoki sudya qarorining koʻchirma nusxalari ham topshiriladi”.
25. 249-modda quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Grajdanlik daʼvogari yoki grajdanlik javobgari qasddan sudda hozir boʻlishdan bosh tortgani taqdirda sud bunday shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qonunlarda nazar tutilgan tartib va mikdorlarda maʼmuriy jazo belgilashi mumkin”.
26. 250-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Jabrlanuvchi qasddan sudda hozir boʻlishdan bosh tortgani takdirda, u maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qonunlarda nazarda tutilgan tartib va miqdorlarda javobgar boʻladi”.
27. 254-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Guvoh, ekspert yoki mutaxassis uzrli sabablarsiz hozir boʻlmasa, sud ularni majburiy ravishda olib kelish haqida ajrim chiqarishga haqlidir. Guvoh, ekspert yoki mutaxassis qasddan sudda hozir boʻlishdan bosh tortgan taqdirda ularga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qonunlarda nazarda tutilgan tartib va mikdorlarda maʼmuriy jazo belgilashi ham mumkin”.
28. 256-moddaning nomi va birinchi qismi quyidagi taxrirda bayon etilsin:
“256 modda. Jabrlanuvchi, grajdanlik daʼvogari, grajdanlik javobgari va ularning vakillariga oʻz huquqlarini tushuntirish
Raislik qiluvchi jabrlanuvchi, grajdanlik daʼvogari, grajdanlik javobgari va ularning vakillariga ushbu Kodeksnint 36 — 38-moddalarida nazarda tutilgan oʻz huquqlarini tushuntirib beradi”
29. 276-modda:
birinchi qism quyidagicha tahrirda bayon etilsin:
“Sudlov tergovi tugaganidan soʻng sud sudlov muzokaralariga oʻtadi. Sudlov muzokaralari ishda qatnashayotgan davlat va jamoat qoralovchilari, shuningdek jabrlanuvchi, grajdanlik daʼvogari, grajdanlik javobgar, ular vakillarining, jamoat himoyachisining, himoyachi yoki agar himoyachi majlisida qatnashmayotgan boʻlsa, sudlanuvchining nutqlaridan iborat boʻladi. Davlat va jamoat qoralovchilarining soʻzga chiqish navbatini ularning soʻzlarini hisobga olgan holda sud belgilaydi. Jamoat himoyachisining soʻzga chiqish navbati ham xuddi shu tarzda belgilanadi”.
ikkinchi va uchinchi qismlar chiqarib tashlansin. Shu munosabat bilan toʻrtinchi, beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlar tegishincha ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin.
30. 332-modda birinchi qismining birinchi bandi “jabrlanuvchi” degan soʻzdan keyin “va uning vakili” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
31. 413-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxslar quyidagi huquqlarga egalar:
oʻzlarining nimada gumon qilinayotganliklarini bilish;
ushbu Kodeks 43-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda himoyachi taklif etilishini talab qilish;
isbotlar taqdim etish;
ushlashning qay darajada toʻgʻri ekanligini tekshirishni prokurordan talab qilish. Ushlanganlarni saqlash joyi mamuriyati bayon qilingan talab haqida prokurorga darhol maʼlum qiladi;
surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs, tergovchi yoki prokurorning xatti-harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat qilish, tushuntirishlar berish, iltimos qilish va rad etish;
ushbu Kodeksning 416-moddasida belgilangan tartibda davlat idoralari jamoat tashkilotlari va mansabdor shaxslarga shikoyat hamda arizalar bilan murojaat qilish,
oʻz kiyim-kechagi va poyabzalidan, shuningdek bashqa zarur ashyo va buyumdan foydalanish, bunday ashyo va buyumlar roʻyxati ushlanganlarni saqlash joylarining ichki tartib qoidalarida belgilab qoʻyiladi”.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-iyul,
660-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 358-modda)