toggle_night_mode
Hujjat 17.09.2008 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“ODAM SAVDOSIGA QARShI KURAShISh TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNI QABUL QILINGANLIGI MUNOSABATI BILAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING JINOYAT KODEKSIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChA KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2008-yil 14-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2008-yil 29-avgustda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 1, 3-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165-modda; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 314-modda, № 12, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 12, 656-modda; 2007-yil, № 4, 158, 166-moddalar, № 6, 248-modda, № 9, 416, 422-moddalar, № 12, 607-modda; 2008-yil, № 4, 187, 188, 189-moddalar) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 135-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“135-modda. Odam savdosi
Odam savdosi, yaʼni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish —
uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) oʻgʻirlash, zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qoʻllash orqali;
b) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
v) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan;
g) aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram boʻlgan shaxsga nisbatan;
d) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
e) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
j) xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
z) jabrlanuvchini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib oʻtgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda;
i) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qoʻygan, yashirgan yoxud yoʻq qilib yuborgan holda;
k) kishi aʼzolarini kesib olib, boshqa kishiga koʻchirish (transplantat) maqsadida sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa;
b) jabrlanuvchining oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa;
v) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;
g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
sakkiz yildan oʻn ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”;
2) sakkizinchi boʻlim quyidagi mazmundagi atama bilan toʻldirilsin:
Odamlardan foydalanish — boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanish yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllari, majburiy mehnat yoki xizmatlar, qullik yoki qullikka oʻxshash odatlar, erksiz holat yoxud inson aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olish”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2008-yil 17-sentabrdagi 183 (4593)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 16-sentabr,
OʻRQ-179-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 37-38-son, 366-modda)