toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 27.01.2005
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING
REGLAMENTI
 LexUZ sharhi
Mazkur Reglament O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 5-maydagi 49-I-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
 LexUZ sharhi
Mazkur Reglament O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
Oliy Majlis hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘p partiyalilik asosida saylanadigan 250 nafar deputatdan iborat.
Oliy Majlisning vakolat muddati — besh yil.
Vakolat muddati tugagach, Oliy Majlis yangi chaqiriq Oliy Majlis ish boshlaguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.
2-modda.
Oliy Majlisning faoliyati masalalarni jamoa bo‘lib, erkin muhokama qilish va hal etishga, oshkoralikka, Oliy Majlis tuzadigan organlar, u saylaydigan va tayinlaydigan mansabdor shaxslar Oliy Majlis oldida mas’ul bo‘lishi va unga hisob berib turishiga, jamoatchilik fikrini doimo hisobga olishga asoslanadi.
Oliy Majlis faoliyatining doimiy va samarali bo‘lishi uning sessiyalari, Oliy Majlis Kengashi, Oliy Majlis qo‘mitalari va komissiyalari hamda deputatlarning ishi bilan ta’minlanadi.
3-modda.
Oliy Majlis deputatlariga ularning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, “O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunda, “O‘zbekiston Respublikasida deputatlarning maqomi to‘g‘risida”gi Qonunda, ushbu Reglamentda hamda boshqa qonunlarda belgilangan huquqlari va majburiyatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishlari uchun shart-sharoit yaratib beriladi.
II BOB. OLIY MAJLIS IShINING TAShKILIY ShAKLI
4-modda.
“O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 6-moddasiga muvofiq Oliy Majlis ishining tashkiliy shakli sessiya hisoblanadi.
Oliy Majlis sessiyasi uning majlislarida ochiladi va yopiladi.
Oliy Majlis sessiyasi uning majlislaridan, shuningdek Oliy Majlis qo‘mitalari va komissiyalarining, boshqa organlarining sessiya majlislari oralig‘idagi davrda o‘tkaziladigan majlislaridan iborat bo‘ladi.
5-modda.
Oliy Majlis sessiyalari Oliy Majlis Raisi tomonidan zaruratga qarab, bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi.
Oliy Majlis Raisi “O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 13-moddasiga muvofiq sessiyani chaqirish to‘g‘risidagi masalani Oliy Majlis Kengashi muhokamasiga kiritishga haqlidir. Bunday hollarda sessiya Oliy Majlis Kengashi tomonidan chaqirilib, shu xususda qaror qabul qilinadi.
Sessiyani chaqirish to‘g‘risidagi qaror hamda uning muhokamasiga kiritiladigan masalalar haqidagi axborot Oliy Majlis deputatlariga va aholiga oldindan ma’lum qilinadi.
Oliy Majlis muhokamasiga kiritilayotgan qonunlar, qarorlar va boshqa hujjatlarning loyihalari deputatlarga oldindan, qoida tariqasida, sessiya ochilishidan kamida o‘n kun oldin taqdim etiladi.
Oliy Majlis sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ishchi guruhi tuzilishi mumkin.
Oliy Majlisning sessiyasi qayerda va qachon o‘tkazilishi to‘g‘risidagi, shuningdek sessiyaga kelayotgan deputatlar qayerda va qachon ro‘yxatga olinishi haqidagi xabar sessiya ochilishidan kamida uch kun oldin respublika va viloyat gazetalarida e’lon qilinadi, televideniye va radio orqali o‘qib eshittiriladi.
Sessiyaga kelish imkoni bo‘lmagan taqdirda deputat bu haqda Oliy Majlisning rahbarlaridan biriga xabar qiladi.
6-modda.
Oliy Majlisning navbatdan tashqari sessiyalari Oliy Majlisning Raisi tomonidan uning tashabbusi bilan yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining yoxud Oliy Majlis deputatlari kamida uchdan bir qismining taklifi bilan chaqiriladi.
Oliy Majlisning navbatdan tashqari sessiyasini chaqirish zarurligi asoslab berilgan takliflar Oliy Majlisning Raisi nomiga yozma ravishda yuborilib, unda qanday masalalarni muhokama qilish uchun Oliy Majlisni chaqirish taklif etilayotganligi ko‘rsatiladi.
Oliy Majlisning navbatdan tashqari sessiyasi ishi boshlanishidan oldin deputatlarga unda ko‘rib chiqish uchun kiritilayotgan hujjatlarning loyihalari taqdim etiladi.
7-modda.
Oliy Majlis deputatlari har bir majlis oldidan ro‘yxatga olinadi.
Oliy Majlisning majlisi uning ishida jami deputatlarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
8-modda.
Oliy Majlisning saylovdan keyingi birinchi sessiyasining birinchi majlisini Markaziy saylov komissiyasining Raisi ochadi va Oliy Majlisning Raisi saylangunga qadar uni olib boradi.
9-modda.
Oliy Majlis sessiyasida raislik qiluvchi uning majlislarini ochadi va yopadi, ma’ruzalar qilish va nutqlar uchun so‘z beradi, qonunlar, qarorlar va boshqa qonun hujjatlarining loyihalarini, deputatlarning ko‘rilayotgan masalalarga doir takliflarini ovozga qo‘yadi hamda ovoz berish natijalarini ma’lum qiladi, Oliy Majlis sessiyasining Kotibiyatiga deputatlardan tushgan so‘rovlar, savollar, ma’lumotlar, xabarlar, arizalar va takliflarni o‘qib eshittiradi, majlislar zalida tartibni ta’minlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Zarur hollarda raislik qiluvchi kelishmovchiliklarni bartaraf etish hamda Oliy Majlisning ishi davomida yuzaga keladigan boshqa masalalarni hal qilish maqsadida fraksiyalarning, bloklarning va boshqa deputatlar guruhlarining rahbarlari bilan maslahatlashib olishni tashkil etadi.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qarori tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
Oliy Majlis Raisining o‘rinbosarlari Raisga uning vakolatlarini bajarishida ko‘maklashadilar, uning topshirig‘iga binoan Oliy Majlisning majlislarida raislik qiladilar, Rais yo‘qligida yoki u o‘z vazifalarini amalga oshirishi mumkin bo‘lmaganda esa uning vazifalarini bajaradilar.
10-modda.
Oliy Majlis har bir sessiyasining majlislari davriga birinchi majlisda sessiya Kotibiyati tuziladi.
Kotibiyat ochiq ovoz berish yo‘li bilan Oliy Majlis deputatlari orasidan rahbar va a’zolardan iborat tarkibda saylanadi. Kotibiyatning shaxsiy tarkibiga doir taklif sessiyada raislik qiluvchi tomonidan kiritiladi.
Sessiya Kotibiyatini tuzish to‘g‘risida Oliy Majlis qarori qabul qilinadi.
Sessiya Kotibiyati ishida qatnashish uchun mutaxassislar va maslahatchilar jalb etilishi mumkin.
11-modda.
Sessiya Kotibiyati Oliy Majlis majlislarining stenogrammasi yuritilishini tashkil etadi, so‘zga chiqish istagini bildirganlarni yozib boradi, deputat so‘rovlari, savollar, ma’lumotlar, xabarlar, arizalar, takliflarni hamda deputatlarning boshqa materiallarini ro‘yxatga oladi, fuqarolardan Oliy Majlis nomiga kelayotgan murojaatlar va boshqa hujjatlar bilan ishlashni tashkil etadi.
12-modda.
Birinchi sessiyada Oliy Majlis deputatlari orasidan ovoz berish elektron tarmog‘ining ishini nazorat qiluvchi guruh tuzilib, u rahbar va guruhning to‘rt a’zosidan iborat bo‘ladi.
Nazorat guruhini saylash to‘g‘risida Oliy Majlis qarori qabul qilinadi.
13-modda.
Oliy Majlis deputatlari sessiyaning kun tartibini muhokama etadilar va qabul qiladilar. Kun tartibiga doir takliflar Oliy Majlis Kengashi tomonidan dastlabki tarzda qarab chiqiladi.
Kun tartibiga doir taklif hamda mulohazalarni deputatlar yozma ravishda sessiya Kotibiyatiga yoki majlisda raislik qiluvchiga topshiradilar yoxud Oliy Majlis majlisidagi nutqlarida bayon qiladilar.
Tushgan takliflarni sessiya kun tartibiga kiritish masalasi har bir taklif bo‘yicha ochiq ovoz berish orqali jami deputatlarning oddiy ko‘pchilik ovozi bilan hal qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(14-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
15-modda.
Oliy Majlisning majlislari ochiq o‘tkaziladi. Oliy Majlisning qaroriga muvofiq yopiq majlis o‘tkazilishi mumkin.
16-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiruvchi shaxslar, Konstitutsiyaviy sud raisi, Oliy sud raisi, Oliy xo‘jalik sudi raisi, Bosh prokuror, Markaziy bank boshqaruvining raisi Oliy Majlisning istalgan (ochiq va yopiq) majlisida hozir bo‘lish huquqiga egadirlar.
17-modda.
Oliy Majlis majlislarida Oliy Majlisning Kengashi tomonidan taklif etilgan davlat organlari, jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari, ilmiy muassasalar, matbuot, televideniye, radio vakillari hamda boshqa shaxslar hozir bo‘lishlari mumkin.
Taklif qilingan shaxslar Oliy Majlisning ishiga aralashish huquqiga ega emaslar, ma’qullayotganliklari yoki ma’qullamayotganliklarini bildirishdan o‘zlarini tiyib turishlari, tartibga rioya qilishlari hamda raislik qiluvchining farmoyishlariga bo‘ysunishlari shart. Ular tartibni qo‘pol ravishda buzgan taqdirda raislik qiluvchining farmoyishiga muvofiq majlislar zalidan chiqarib yuborilishi mumkin.
18-modda.
Majlislar Oliy Majlisning qaroriga muvofiq aholi uchun qulay vaqtda televideniye orqali ko‘rsatilishi va radio orqali eshittirilishi mumkin. Majlislar to‘g‘risidagi axborot respublika va viloyat gazetalarida bosib chiqariladi, shuningdek boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
19-modda.
Sessiyalar o‘tayotgan vaqtda Oliy Majlis deputatlari majlislar zalida hududlar bo‘yicha joylashadilar. Oliy Majlis sessiyasiga taklif qilingan shaxslar uchun maxsus joylar ajratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
20-modda.
Oliy Majlis majlislarida ish davlat tilida olib boriladi va zarurat bo‘lganda boshqa tillarda hamohang tarjimasi ta’minlanadi.
(20-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qarori tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
21-modda.
Oliy Majlisning ertalabki majlislari, qoida tariqasida, soat 10 dan 13 gacha, kechqurungi majlislari esa soat 15 dan 18 gacha o‘tkaziladi, har ikki soat ishlanganidan keyin 20 minutlik tanaffus e’lon qilinadi. Oliy Majlisning qarori bilan majlislarni boshlash, tanaffus qilish va tugallashning boshqa vaqti belgilanishi mumkin.
22-modda.
Oliy Majlisning majlislarida ma’ruzalar uchun, qoida tariqasida, bir soatgacha, qo‘shimcha ma’ruzalar uchun 20 minutgacha vaqt beriladi. Muzokaralarda so‘zga chiquvchilarga 10 minutgacha, qonunlarning loyihalarini moddama-modda muhokama qilish chog‘ida so‘zga chiqish uchun 3 minutgacha, nomzodlar to‘g‘risida, majlislarni olib borish tartibi haqida, ovoz berish sabablari bo‘yicha so‘zga chiqish uchun, bayonotlar uchun, so‘rovlar, takliflar kiritish, savollar berish, xabarlar va ma’lumotlar uchun 2 minutgacha vaqt ajratiladi. Ko‘pchilik deputatlarning roziligi bilan majlisda raislik qiluvchi so‘zga chiqish vaqtini uzaytirishi mumkin. Nutqlar minbardan yoki o‘tirgan joyidagi mikrofondan foydalangan holda so‘zlanadi.
Raislik qiluvchining taklifiga muvofiq Oliy Majlis kun tartibidagi har bir masalani muhokama qilishga ajratiladigan vaqtni oldindan belgilab qo‘yishi mumkin.
23-modda.
Muzokaralarda so‘z berish haqidagi arizalar majlis boshlangunga qadar Oliy Majlis Kengashiga yuboriladi, Oliy Majlisning majlisi davomida esa yozma ravishda sessiya Kotibiyatiga yoki o‘tirgan joyidan elektron tarmoq orqali beriladi.
24-modda.
Oliy Majlis majlisida raislik qiluvchi arizalarning tushish navbati bo‘yicha muzokaralarda qatnashish uchun so‘z beradi. Raislik qiluvchi zarur hollarda navbatni o‘zgartirishi va o‘zi qabul qilgan qarorning sabablarini e’lon qilishi mumkin. Deputat so‘zga raislik qiluvchi unga so‘z berganidan keyingina chiqadi.
25-modda.
Oliy Majlis deputati sessiyada aynan bir masala bo‘yicha ikki martadan ortiq so‘zlashi mumkin emas. So‘zga chiqish huquqini boshqa shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi. So‘zga chiqqan deputatning zarur hollarda ma’lumot, tushuntirish berish, savolga javob qaytarish huquqi saqlanib qolinadi.
Oliy Majlisning majlisini olib borish tartibi bo‘yicha, ma’lumot berish uchun, savolga javob qaytarish hamda tushuntirish berish uchun raislik qiluvchi tomonidan navbatdan tashqari so‘z berilishi mumkin.
Ma’ruzachilarga savollar yozma ravishda yuboriladi yoki o‘tirgan joyidan xos mikrofon orqali beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisning Raisi va Raisning o‘rinbosarlari istagan vaqtda so‘z olish huquqiga egadirlar.
26-modda.
Oliy Majlis sessiyasida so‘zlayotgan notiq muhokama qilinayotgan masaladan chetga chiqmasligi, qo‘pol va odobsiz iboralarni ishlatmasligi, qonunsiz va zo‘rlik ishlatiladigan harakatlarga da’vat etmasligi kerak. Shunday bo‘lgan hollarda raislik qiluvchi ogohlantirishga haqlidir.
Ikkinchi ogohlantirishdan keyin notiq so‘zdan mahrum qilinadi. Bunda raislik qiluvchi mikrofonni o‘chirib qo‘yishga haqli.
27-modda.
Muzokaralarni to‘xtatish sessiyada hozir bo‘lgan jami deputatlarning ko‘pchiligi tomonidan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadigan Oliy Majlisning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Muzokaralar to‘xtatilganidan keyin ma’ruzachi va qo‘shimcha ma’ruza qilgan shaxs yakunlovchi nutq bilan so‘zga chiqishga haqlidirlar.
Basharti muzokaralar to‘xtatilganligi munosabati bilan deputat so‘zga chiqish imkoniga ega bo‘lmasa, uning iltimosiga muvofiq nutqning matni majlis stenogrammasiga kiritilishi mumkin. Nutq matni deputat tomonidan imzolangan bo‘lishi lozim.
28-modda.
Oliy Majlisning majlislarida qarab chiqilayotgan masalalarga doir qarorlar ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, boshqa qonunlarda, ushbu Reglamentda nazarda tutilgan hollarda yoki Oliy Majlisning qaroriga muvofiq yashirin ovoz berish o‘tkaziladi.
Basharti Oliy Majlis boshqacha qaror qabul qilmasa, ochiq va yashirin ovoz berish ovozlarni sanovchi elektron tarmoq yordamida o‘tkaziladi.
Bir masala yuzasidan ovoz berish o‘tkazilayotganida har qaysi deputat bitta ovozga ega bo‘ladi hamda taklifni yoqlab yoki unga qarshi ovoz beradi yoxud ovoz berishda betaraf qoladi.
29-modda.
Ovozlarni sanovchi elektron tarmoqdan foydalanmay ochiq ovoz berishni o‘tkazish deputatlar guruhiga topshiriladi. Uning tarkibini Oliy Majlis belgilaydi. Ovoz berish, basharti birorta ham deputat o‘zgacha tartibni talab qilmasa, ovozlarni sanab chiqmasdan aniq ko‘pchilik ekanligini inobatga olib yoki ovozlarni sanab chiqish yo‘li bilan o‘tkazilishi mumkin.
Ovozlarni sanab chiqish tamom bo‘lganidan keyin raislik qiluvchi ovoz berish natijalarini e’lon qiladi.
30-modda.
Yashirin ovoz berishni byulletenlar yordamida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qilingan taqdirda Oliy Majlis deputatlar orasidan 5 — 7 kishidan iborat sanoq komissiyasi saylaydi.
Saylanayotgan organlar tarkibiga yoki mansabdor shaxslar lavozimiga nomzodlari ko‘rsatilgan deputatlar sanoq komissiyasiga kirishi mumkin emas.
Sanoq komissiyasi o‘z orasidan komissiya raisi va komissiya kotibini saylaydi. Sanoq komissiyasining qarorlari komissiya a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Byulletenlar sanoq komissiyasining nazoratida, u belgilagan shaklda va miqdorda tayyorlanadi.
Ovoz berish vaqti va joyi, uni o‘tkazish tartibi sanoq komissiyasi tomonidan belgilanadi.
31-modda.
Byulletenlar yordamida yashirin ovoz berish o‘tkazilayotganda sanoq komissiyasi guvohnoma ko‘rsatgan har bir deputatga bitta byulleten beradi.
Byulletenni to‘ldirish deputat tomonidan yashirin ovoz berish xonasida yoki buning uchun maxsus ajratilgan xonada byulletendagi o‘zi qarshi ovoz berayotgan nomzodning familiyasini, qaror (qaror varianti) loyihasiga doir byulletenda esa taklif qilinayotgan qarorlar variantlari yonidagi “yoqlayman” yoki “qarshiman” degan so‘zni o‘chirib tashlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Belgilanmagan nusxadagi byulletenlar, mansabdor shaxslarni saylash vaqtida esa bir lavozimga ikki va undan ortiq nomzod qoldirilgan byulletenlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Byulletenlarga qo‘shimcha yozib qo‘yilgan familiyalar ovozlarni hisoblab chiqish chog‘ida e’tiborga olinmaydi.
Ishlash tartibiga doir masalalar yuzasidan yashirin ovoz berish o‘tkazilmaydi.
32-modda.
Yashirin ovoz berish yakunlari to‘g‘risida sanoq komissiyasi bayon tuzadi, bu bayon sanoq komissiyasining hamma a’zolari tomonidan imzolanadi. Sanoq komissiyasining ma’ruzasi yuzasidan Oliy Majlis yashirin ovoz berish natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
33-modda.
Deputatlarning kamida beshdan bir qismi talabiga muvofiq sessiyada elektron tarmoqdan foydalangan holda yoxud deputatlarning nomlari yozilgan byulletenlarni topshirish yo‘li bilan nomma-nom ovoz berish o‘tkaziladi. Byulletenda “yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” degan so‘zlar bo‘ladi. Deputat byulletendagi shu so‘zlardan birini qoldirib, qolganlarini o‘chirib tashlashi shart. Ovozlarni hisoblab chiqish paytida, yuqorida ko‘rsatilgan so‘zlarning bittadan ortig‘i qoldirilgan yoki har uchala so‘z o‘chirib tashlangan yoki ko‘zda tutilmagan qaror varianti yozib qo‘yilgan byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi.
Ishlash tartibiga doir masalalar yuzasidan nomma-nom ovoz berish o‘tkazilmaydi.
34-modda.
Oliy Majlis deputati o‘zining ovoz berish huquqini shaxsan amalga oshirishi shart.
35-modda.
Ovoz berishni o‘tkazish tartibi va texnikasida xatoga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan taqdirda Oliy Majlisning qaroriga muvofiq takror ovoz berish o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
III BOB. FRAKSIYALAR, BLOKLAR VA BOShQA DEPUTUTLAR GURUHLARI
36-modda.
Oliy Majlis deputatlari qonun hujjatlariga muvofiq fraksiyalar, bloklar va boshqa deputatlar guruhlariga birlashishlari mumkin.
Har bir deputatlar guruhi Oliy Majlis ko‘rib chiqishi uchun kiritilayotgan masalalarni dastlabki tarzda muhokama qilishga va ular yuzasidan takliflar kiritishga haqlidir.
37-modda.
Oliy Majlis deputati faqat bitta fraksiyada yoki blokda bo‘lishga haqli.
Fraksiyalar, bloklar o‘z faoliyatlarini Oliy Majlis tomonidan ro‘yxatga olinganlaridan keyin amalga oshiradilar hamda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari doirasida ish olib boradi.
Fraksiyalar, bloklar Oliy Majlis Kengashi, qo‘mitalari va komissiyalari bilan uzviy aloqada ishlaydilar.
Fraksiyaning, blokning faoliyati qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, birlashtirish, bo‘lib yuborish) yoki tugatish yo‘li bilan to‘xtatilishi mumkin. Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis tegishli qaror qabul qiladi.
38-modda.
Fraksiya, blok tuzish uchun quyidagilar zarur:
1) tashabbuskor guruh tuzish;
2) fraksiya, blok tuzish niyatini e’lon qilish;
3) fraksiya yoki blokning ta’sis yig‘ilishini o‘tkazish;
4) fraksiya yoki blok rahbarini saylash;
5) fraksiya yoki blok tuzish to‘g‘risidagi ta’sis bayonnomasini qabul qilish hamda uni Oliy Majlisga topshirish.
Fraksiya, blok rahbari (vakili) fraksiyani, blokni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan ariza bilan Oliy Majlisga murojaat etadi.
Arizaga ta’sis yig‘ilishining bayonnomasi ilova qilinadi, bayonnomada fraksiyaning, blokning miqdor va shaxsiy tarkibi, shuningdek fraksiya, blok rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va saylov okrugining tartib raqami ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Arizalarni Oliy Majlis sessiyasida qarab chiqish chog‘ida fraksiyalarning, bloklarning rahbarlari tuzilgan fraksiyaning, blokning maqsad va vazifalari to‘g‘risidagi axborot bilan so‘zga chiqishi, boshqa ma’lumotlarni aytishi mumkin.
Oliy Majlis fraksiyalarni, bloklarni ro‘yxatga olish masalasi yuzasidan qaror qabul qiladi.
(III-bob O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qarori tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
IV BOB. OLIY MAJLISNING RAISI VA RAIS O‘RINBOSARLARI
39-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 84-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Raisi va uning o‘rinbosarlari Oliy Majlis deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.
40-modda.
Oliy Majlisning Raisi va uning o‘rinbosarlari Oliy Majlis vakolati muddatiga saylanadi.
41-modda.
Nomzod yashirin ovoz berish natijasida Oliy Majlis deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pining ovozini olgan bo‘lsa, Oliy Majlisning Raisi lavozimiga saylangan hisoblanadi.
42-modda.
Oliy Majlisning Raisi yashirin ovoz berish yo‘li bilan Oliy Majlis tomonidan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
Basharti Oliy Majlis deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi Oliy Majlis Raisini chaqirib olish to‘g‘risidagi bu taklifni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, bu masala Oliy Majlis sessiyasi kun tartibiga kiritiladi.
Chaqirib olish masalasi qarab chiqilayotgan vaqtda Oliy Majlisning Raisiga so‘z berilishi kerak.
Oliy Majlis Raisini chaqirib olishni yoqlab Oliy Majlis deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i ovoz bergan bo‘lsa, u chaqirib olingan hisoblanadi.
43-modda.
Oliy Majlis Raisining vakolatlari Oliy Majlisning Raisi betob bo‘lib qolgan taqdirda yoki o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishiga imkon bermaydigan boshqa vaziyatlar munosabati bilan Raisning o‘z iltimosiga ko‘ra Oliy Majlis tomonidan muddatidan oldin to‘xtalishi mumkin.
44-modda.
Oliy Majlis Raisining o‘rinbosarlarini saylash, ularni chaqirib olish va vakolatlarini muddatidan ilgari to‘xtatish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
45-modda.
Oliy Majlisning Raisini va uning o‘rinbosarlarini saylash, ularni chaqirib olish va vakolatlarini muddatidan ilgari to‘xtatish to‘g‘risida Oliy Majlisning qarori qabul qilinadi.
46-modda.
Oliy Majlisning Raisi lavozimiga yoki uning o‘rinbosari vazifasiga nomzod Oliy Majlis deputatlarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan taqdirda tavsiya qilingan boshqa nomzod bo‘yicha ovoz berish o‘tkaziladi.
47-modda.
Oliy Majlisning Raisi lavozimiga yoki uning o‘rinbosari vazifasiga ikki nafardan ortiq nomzod ko‘rsatilgan va ularning birortasi ham saylanish uchun talab qilinadigan ovozlar sonini ololmagan taqdirda, ko‘proq ovoz olgan ikki nomzod bo‘yicha takror ovoz berish o‘tkaziladi.
Basharti ikki nomzod ko‘rsatilgan va ulardan hech biri deputatlar umumiy soni yarmidan ko‘pining ovozini ololmagan bo‘lsa, yangidan nomzodlar ko‘rsatilib, qayta saylov o‘tkaziladi.
V BOB. OLIY MAJLISNING KENGAShI
48-modda.
Oliy Majlis ishini tashkil etish hamda “O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish uchun birinchi sessiyada Oliy Majlisning Kengashi tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
49-modda.
Oliy Majlis Kengashining tarkibiga Oliy Majlis Raisi, Oliy Majlis Raisining o‘rinbosarlari, qo‘mitalari, komissiyalarning (muvaqqatlaridan tashqari) raislari Oliy Majlis deputatlari fraksiyalari, bloklarining rahbarlari kiradi.
Oliy Majlis Kengashiga Oliy Majlis Raisi boshchilik qiladi.
(49-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qarori tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
50-modda.
Oliy Majlis Kengashining majlislari zaruratga qarab chaqiriladi va Kengash umumiy tarkibining yarmidan ortig‘i hozir bo‘lgan taqdirdagina vakolatli bo‘ladi. Oliy Majlis Kengashining majlislarini Oliy Majlisning Raisi, u bo‘lmagan paytda esa Oliy Majlis Raisining o‘rinbosarlaridan biri chaqiradi va olib boradi.
Oliy Majlis Kengashining qarorlari uning majlislarida hozir bo‘lganlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorlar shuningdek Oliy Majlis Kengashi tarkibining a’zolaridan bittama-bitta so‘rab chiqish yo‘li bilan ham qabul qilinishi mumkin.
Oliy Majlis Kengashining majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qatnashish huquqiga ega.
Oliy Majlis Raisining taklifiga muvofiq Kengash majlislarida Oliy Majlis deputatlari, shuningdek davlat organlari, jamoat birlashmalarining vakillari, olimlar va mutaxassislar ham qatnashishlari mumkin.
Oliy Majlisning Kengashi tarkibiga kiruvchi shaxslarga, shuningdek uning majlislarida qatnashuvchi boshqa shaxslarga majlisda ko‘rib chiqish mo‘ljallanayotgan masalalar to‘g‘risida oldindan xabar qilinadi va zarur materiallar beriladi.
Oliy Majlis Kengashi majlislarining bayonlari va stenogrammasi yuritiladi. Oliy Majlisning Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilgan masalalar va qabul qilgan qarorlar haqida ommaviy axborot vositalarida ma’lum qilinadi.
51-modda.
Oliy Majlis Kengashining vakolatlari “O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun bilan belgilanadi.
52-modda.
Oliy Majlisning Kengashi o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar tayyorlash uchun zarur hollarda o‘z safidan, Oliy Majlis deputatlari, mutaxassislar, shuningdek davlat organlari, jamoat birlashmalari va ilmiy muassasalar vakillari orasidan ishchi komissiyalari yoki guruhlarini tuzadi.
VI BOB. OLIY MAJLISNING QO‘MITALARI VA KOMISSIYALARI
53-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasiga muvofiq Oliy Majlis qonun loyihalari tayyorlash ishlarini olib borish, Oliy Majlis muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash, qonunlarning va Oliy Majlis boshqa qarorlarining ijrosini nazorat qilib turish uchun deputatlar orasidan qo‘mitalar va komissiyalar saylaydi.
Qo‘mitalar va komissiyalarning vakolatlari, ularni tuzish va faoliyat ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun, ushbu Reglament hamda boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
54-modda.
Qo‘mitalar va komissiyalar Oliy Majlis tomonidan uning vakolat muddati davriga tuziladi.
Qo‘mitalar va komissiyalarning ro‘yxati va miqdor tarkibi Oliy Majlis tomonidan belgilanadi. Ushbu masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilinadi.
Zarur hollarda Oliy Majlis yangi qo‘mitalar va komissiyalar tuzishi, ilgari tuzilganlarini tugatishi hamda qaytadan tashkil etishi, qo‘mitalar va komissiyalar tarkibiga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.
55-modda.
Qo‘mitalar va komissiyalar ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Ovoz berish qo‘mita, komissiya raisining nomzodi bo‘yicha alohida, so‘ngra esa Oliy Majlisning qaroriga muvofiq qo‘mitaning, komissiyaning butun tarkibi bo‘yicha yoki har bir nomzod bo‘yicha alohida-alohida o‘tkaziladi.
Oliy Majlis deputati, qoida tariqasida, faqat bitta qo‘mita yoki komissiyaning a’zosi etib saylanishi mumkin.
Qo‘mitalar va komissiyalarning barcha a’zolari teng huquqlardan foydalanadilar.
Qo‘mita, komissiya tarkibiga saylanmagan Oliy Majlis deputati ular ishida maslahat ovozi bilan ishtirok etishga haqlidir.
56-modda.
Qo‘mitalar yoki komissiyalar tarkibiga Oliy Majlisning Raisi va uning o‘rinbosarlari saylanishlari mumkin emas.
57-modda.
Qo‘mitalar va komissiyalar Oliy Majlis oldida mas’ul va unga hisobdordirlar.
58-modda.
Oliy Majlis va uning Kengashi muayyan topshiriqlarni bajarish uchun deputatlar orasidan muvaqqat komissiyalar tuzishi, ularning vazifalari va faoliyat yuritish tartibini belgilab berishi mumkin.
Muvaqqat komissiyalarning majlislari, agar komissiyalar boshqacha tartibni belgilab qo‘ymasa, ochiq o‘tkaziladi.
59-modda.
Davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar muvaqqat komissiyalarga ish uchun zarur hujjatlar va materiallarni taqdim etadilar.
Muvaqqat komissiyalarning faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
60-modda.
Muvaqqat komissiya faoliyat natijalari bo‘yicha o‘zining tuzilishiga sabab bo‘lgan masalaning mohiyati yuzasidan ma’ruza taqdim etadi. Oliy Majlis yoki uning Kengashi komissiyaning ma’ruzasi yuzasidan qaror qabul qilishi mumkin.
Muvaqqat komissiyalar o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarib bo‘lganlaridan keyin faoliyatni to‘xtatadi. Oliy Majlis yoki uning Kengashining qaroriga binoan muvaqqat komissiyalarning faoliyati muddatidan oldin to‘xtalishi mumkin.
VII BOB. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONLARINI TASDIQLASh. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYAVIY SUDINI, OLIY SUDINI, OLIY XO‘JALIK SUDINI SAYLASh. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING RAISINI, O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TABIATNI MUHOFAZA QILISh DAVLAT QO‘MITASINING RAISINI TAYINLASh
61-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Oliy Majlis O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Bosh vazir, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlarini, Vazirlar Mahkamasi a’zolarini, Bosh prokuror va uning o‘rinbosarlarini tayinlash va lavozimlaridan ozod etish, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining organlarini tuzish hamda ularni tugatish to‘g‘risidagi Farmonlarini tasdiqlaydi.
Oliy Majlis O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlarini tasdiqlash yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
62-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 10-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Oliy Majlisga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi va a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining raisi va a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisi, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisi lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi. Mazkur nomzodlar lavozimga tayinlanishi yoki saylanishidan avval Oliy Majlisning yoki Oliy Majlis Kengashining topshirig‘iga binoan tegishli qo‘mitalarda, komissiyalarda muhokama qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarni lavozimga tayinlash va saylash to‘g‘risida Oliy Majlis qaror qabul qiladi.
(62-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qarori tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
63-modda.
Taqdim etilgan nomzodlarni tegishli lavozimlarga tayinlash yoki saylash ochiq ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Qarorlar deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Basharti lavozimga ko‘rsatilgan nomzod Oliy Majlis tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining boshqa taklifi muhokama qilinadi.
64-modda.
Oliy Majlisning Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi tarkibiga ko‘rsatilayotgan nomzodlar haqidagi qarori har bir nomzod bo‘yicha alohida-alohida yoki barcha nomzodlar bo‘yicha bir yo‘la (Konstitutsiyaviy sud tarkibi bundan mustasno) yoxud Oliy Majlis belgilaydigan boshqacha tartibda qabul qilinadi.
VIII BOB. OLIY MAJLISNING HUJJATLARI. OLIY MAJLISDA VA UNING ORGANLARIDA QONUN LOYIHALARINI KO‘RIB ChIQISh TARTIBI
65-modda.
“O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 9-moddasiga muvofiq Oliy Majlis O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini, konstitutsiyaviy qonunlarni, qonunlarni, qarorlar va boshqa hujjatlarni qabul qiladi.
66-modda.
Qonunchilik tashabbusi huquqi yangi qonunlar loyihalarini, amaldagi qonunlarga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar loyihalarini, yangi qonunlarni qabul qilish yoki amaldagi qonunlarga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni (qonun chiqarish to‘g‘risidagi takliflarni) kiritish shaklida amalga oshiriladi.
67-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasiga muvofiq Oliy Majlisda qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Oliy Majlisning deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuror egadirlar.
68-modda.
Qonunlarning loyihalari va qonun chiqarish haqidagi takliflar ularni ishlab chiqish zarurligi asoslangan holda, bo‘lajak qonunlarning maqsadlari, vazifalari va asosiy qoidalari hamda ular amaldagi qonunlar tizimida tutadigan o‘rnining, shuningdek ularni qo‘llashdan kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarning batafsil ta’rifi bilan birga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. Shu bilan birga qonun loyihasini tayyorlashda ishtirok etgan jamoalar va shaxslar ko‘rsatiladi. Amalga oshirish uchun qo‘shimcha moddiy va boshqa xarajatlar talab qilinadigan loyiha taqdim etilayotganda unga moliyaviy-iqtisodiy dalillar ilova qilinadi.
Qonun loyihalarini va qonun chiqarish to‘g‘risidagi takliflarni rasmiylashtirish chog‘ida qonunlarning loyihalarini tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan boshqa talablar ham hisobga olinishi kerak.
69-modda.
Oliy Majlis qarab chiqishi kerak bo‘lgan qonunlarning loyihalari va qonun chiqarish to‘g‘risidagi takliflar Oliy Majlis Raisiga yoki Oliy Majlis Kengashiga taqdim etiladi va Oliy Majlisning Kotibiyatida ro‘yxatga olinadi.
70-modda.
Agar taqdim etilgan qonun loyihasi yoki qonun chiqarish to‘g‘risidagi taklif ushbu Reglamentning va qonun loyihalarini tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablariga javob bermasa, bunday loyiha yoki takliflar Oliy Majlis Raisi yoki Oliy Majlis Kengashi tomonidan qaytarilishi mumkin.
71-modda.
Ro‘yxatga olingan qonun loyihasi yoki qonun chiqarish to‘g‘risidagi takliflar dastlabki tarzda qarab chiqish va bundan buyon uning ustida ish olib borish tartibi xususida taklif tayyorlash uchun, qoida tariqasida, Oliy Majlis Raisi yoki Oliy Majlis Kengashi tomonidan Oliy Majlisning tegishli qo‘mitalari, komissiyalariga hamda ayni bir vaqtda Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasiga yuboriladi. Bunda xulosa tayyorlash uchun bosh qo‘mita (komissiya) belgilab qo‘yiladi.
Oliy Majlis yoki uning Kengashi qonunning loyihasini tayyorlash yoki dastlabki tarzda ko‘rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzishi mumkin.
Qonun loyihalari Oliy Majlis deputatlariga barvaqt tarqatiladi. Deputatlarning mulohazalari va takliflari qonun loyihasi ustida olib boriladigan keyingi ishda hisobga olinadi.
72-modda.
Qo‘mitalar va komissiyalarda qonun loyihalarini dastlabki tarzda ko‘rib chiqish hamda qonunlarning loyihalari bo‘yicha xulosalar tayyorlash qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
73-modda.
Oliy Majlis Kengashi qo‘mitalar, komissiyalarning xulosalarini hisobga olgan holda qonun loyihasini ushbu sessiya kun tartibiga kiritishni taklif qiladi yoki qonun loyihasi (qonun chiqarish to‘g‘risidagi taklif) ustida ishlashni davom ettirish yoxud uni rad etish to‘g‘risida qaror chiqaradi.
Basharti qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan subyektlar qonun loyihasi sessiya kun tartibiga kiritilishini qat’iy talab qilsalar, Oliy Majlis Kengashi bu taklifni rad etishga haqli emas. Oliy Majlis Kengashi mazkur masala yuzasidan o‘z xulosasini sessiya muhokamasiga kiritishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
74-modda.
Oliy Majlisga kiritilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bir necha o‘qishda amalga oshirilishi mumkin, ulardan alohida ahamiyatga moliklari esa, bir necha o‘qishda amalga oshirilishi shart, shuningdek ular fraksiya, blok va boshqa deputatlar guruhlarida dastlabki tarzda muhokama qilinadi.
(74-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qarori tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
75-modda.
Qonun loyihasining birinchi o‘qilishida Oliy Majlis, qoida tariqasida, qonun loyihasi tashabbuskorining ma’ruzasini va bosh qo‘mita yoki komissiyaning qo‘shimcha ma’ruzasini tinglaydi, qonun loyihasining asosiy qoidalarini muhokama qiladi hamda tuzatishlar shaklida taklif va mulohazalar bildiradi, qonun loyihasini keng muhokama etish uchun e’lon qilish zarurligi haqidagi masalani qarab chiqadi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis qonunni qabul qiladi yoki qonun loyihasining asosiy qoidalarini birinchi o‘qishda ma’qullaydi yoxud uni rad etadi. Qonun loyihasi ma’qullangan taqdirda Oliy Majlis uni ikkinchi o‘qishda taqdim etish muddatini belgilaydi.
Birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasiga doir to‘xtam, agar Oliy Majlis deputatlari umumiy sonining ko‘pchiligi uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan hisoblanadi. Bunday to‘xtam Oliy Majlisning qarori bilan rasmiylashtiriladi.
76-modda.
Qonun loyihasiga va uning ayrim moddalariga tuzatishlar, qoida tariqasida, deputatlar tomonidan yozma ravishda Oliy Majlis Kengashiga yoki bosh qo‘mitaga, komissiyaga yoxud qonun loyihasini maromiga yetkazish topshirilgan organga qonun loyihasining ikkinchi o‘qishdagi muhokamasi boshlanishidan kamida uch kun oldin topshiriladi.
77-modda.
Qonun loyihasini maromiga yetkazish topshirilgan bosh qo‘mita, komissiya yoki boshqa organlar qonun loyihasiga kiritilgan tuzatishlarni qarab chiqadi va uni ikkinchi o‘qishdagi muhokamaga tayyorlaydi.
78-modda.
Maromiga yetkazilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Kengashining qaroriga muvofiq ikkinchi o‘qishdagi muhokamaga kiritiladi.
79-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotganida moddama-modda, bo‘limlar bo‘yicha yoki to‘laligicha muhokama qilinadi. Muhokama chog‘ida qonun loyihasi kamchiliklarini to‘ldirish uchun tegishli qo‘mitalar, komissiyalar yoki uni kiritgan organlarga (mansabdor shaxslarga)qaytarilishi mumkin.
(79-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qarori tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
80-modda.
Ko‘rib chiqish natijasiga qarab, Oliy Majlis qonunni qabul qiladi yoki rad etadi yoxud maromiga yetkazish uchun qaytaradi.
Qonunning har bir moddasi, bo‘limi yoki bobi alohida-alohida, so‘ngra esa loyiha to‘laligicha ovozga qo‘yiladi. Oliy Majlis butun qonun loyihasini birato‘la ovozga qo‘yish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
81-modda.
Taklif etilgan har bir tuzatish alohida muhokama qilinadi. Bunda raislik qiluvchi tuzatishlar bo‘yicha tegishli qo‘mita, komissiya xulosalar tayyorlashi uchun tanaffus e’lon qilishi mumkin. Agar deputat qo‘mitaning, komissiyaning xulosasiga rozi bo‘lmasa, unga o‘z taklifini asoslash uchun so‘z beriladi. Bu holda tuzatishlar bo‘yicha muzokara ochilmaydi.
82-modda.
Oliy Majlisning qaroriga binoan eng muhim qonunlarning loyihalari xalq ovoziga (referendumga) qo‘yilishi mumkin. Referendum qonunda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
83-modda.
Oliy Majlis qonunlar, qarorlar va boshqa hujjatlarni jami deputatlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qiladi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Konstitutsiyani o‘zgartiruvchi va to‘ldiruvchi qonunlar, shuningdek boshqa konstitutsiyaviy qonunlar Oliy Majlis jami deputatlarining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilinadi.
Oliy Majlis Konstitutsiyaga o‘zgartishlar hamda tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni tegishli taklif kiritilganidan keyin olti oy davomida, keng muhokamani hisobga olgan holda qabul qilishi mumkin. Agar Oliy Majlis Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi taklifni rad etsa, taklif kamida bir yil o‘tgandan keyin qayta kiritilishi mumkin.
84-modda.
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzolaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 14-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunga o‘z e’tirozini ilova etib, uni takroran muhokama qilish va ovozga qo‘yish uchun Oliy Majlisga qaytarishga haqli. Agar Oliy Majlis ilgari o‘zi qabul qilgan qarorni ovozlarning uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi bilan tasdiqlasa, Prezident qonunni imzolaydi.
85-modda.
Qabul qilingan qonunning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzolagan matni Oliy Majlisga saqlash va e’lon qilish uchun yuboriladi. Qonun loyihalarini e’lon qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
86-modda.
Oliy Majlisning hamda Oliy Majlis Kengashining qarorlarini Oliy Majlisning Raisi imzolaydi, u bo‘lmagan hollarda esa bunday hujjatlarni Oliy Majlis Raisining o‘rinbosarlaridan biri imzolaydi.
IX BOB. OLIY MAJLIS VA UNING ORGANLARI TOMONIDAN BOShQA QARORLAR QABUL QILINIShI
87-modda.
Oliy Majlis, uning Kengashi murojaatnomalar, deklaratsiyalar, bayonotlar qabul qilishi mumkin.
Oliy Majlis tomonidan deklaratsiyalar, murojaatnomalar va bayonotlar qabul qilish tashabbusi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan subyektlardan chiqishi mumkin.
Zarur hollarda deklaratsiyalar, murojaatnomalar va bayonotlarning loyihalari Oliy Majlis yoki uning Kengashining qaroriga ko‘ra Oliy Majlisning qo‘mitalari va komissiyalariga dastlabki tarzda qarab chiqish uchun topshirilishi mumkin.
88-modda.
Oliy Majlisning ishlash tartibiga doir masalalar yuzasidan qarorlar majlisda hozir bo‘lgan deputatlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Bunday qaror rasmiylashtiriladi va majlislarning stenogrammasiga kiritiladi.
89-modda.
Oliy Majlisning Kengashi o‘z vakolatlarini amalga oshirish maqsadida qarorlar qabul qiladi.
90-modda.
Oliy Majlisning qo‘mitalari va komissiyalari o‘zlari muhokama qilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladilar hamda Oliy Majlis, uning Raisi yoki Oliy Majlis Kengashi ularga yuborgan qonunlarning loyihalari yuzasidan xulosalar beradilar. Qo‘mita, komissiyaning qarorlari va xulosalari qo‘mita, komissiyaning raisi tomonidan imzolanadi.
X BOB. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BUDJETINI VA DAVLAT STRATEGIK DASTURLARINI QABUL QILISh
91-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining, davlat strategik dasturlarining loyihalari, shuningdek ularni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonunlarning loyihalari Oliy Majlisga Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etiladi.
92-modda.
Davlat strategik dasturlarining loyihalari to‘g‘risidagi materiallar Oliy Majlis deputatlariga oldindan taqdim etiladi.
93-modda.
Basharti boshqacha qaror qabul qilinmasa, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun Oliy Majlis Davlat budjeti daromadlarining umumiy summasini va xarajatlarining umumiy summasini tasdiqlaganidan so‘ng ovozga qo‘yiladi.
Davlat strategik dasturlarini, Davlat budjetining ijrosi haqidagi va dasturlarning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni tasdiqlash xususida Oliy Majlis qarorlar qabul qiladi.
XI BOB. TAShQI SIYOSAT MASALALARINI QARAB ChIQISh
94-modda.
Oliy Majlisning xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish bilan bog‘liq faoliyati tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
95-modda.
Oliy Majlis, Oliy Majlis Raisi yoki Oliy Majlis Kengashi xorijiy mamlakatlarga yuboriladigan rasmiy parlament delegatsiyalarining tarkibini belgilaydi.
XII BOB. OLIY MAJLISNING NAZORAT QILISh SOHASIDAGI VAKOLATLARNI AMALGA OShIRIShI
96-modda.
Oliy Majlis davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va Oliy Majlis qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
97-modda.
Oliy Majlis o‘zi saylaydigan, tayinlaydigan va tasdiqlaydigan mansabdor shaxslarning umuman ishi to‘g‘risidagi yoki faoliyatining ayrim masalalari yuzasidan hisobotini yoki axborotini tinglashi mumkin. Hisobot, axborot bo‘yicha Oliy Majlisning sessiyasida muzokaralar o‘tkazilishi mumkin. Muhokama yakuni bo‘yicha Oliy Majlis qaror qabul qiladi.
98-modda.
Oliy Majlisning bitta yoki bir guruh deputati, qo‘mitasi, komissiyasi, fraksiyasi yoki bloki mansabdor shaxslarga, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlarning rahbarlariga respublikaning davlat, xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilishi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar yuzasidan rasmiy tushuntirishlar berish yoki o‘z munosabatini bayon etishni talab qilib so‘rov bilan murojaat etishga haqlidirlar.
So‘rov Oliy Majlisning sessiyasida og‘zaki yoki yozma ravishda kiritilishi mumkin.
Majlisda raislik qiluvchi so‘rovni, u qaysi organ yoki mansabdor shaxsga qaratilgan bo‘lsa, ana shu organ yoki mansabdor shaxs e’tiboriga yetkazadi. So‘rov qaratilgan organ yoki mansabdor shaxs so‘rovga Oliy Majlis belgilagan muddat va tartibda javob berishi shart.
So‘rov kiritgan bitta yoki bir guruh deputat, qo‘mita, komissiya, fraksiya, blok so‘rovga javob bergan organ yoki mansabdor shaxsga qo‘shimcha tushuntirishlar berishni so‘rab murojaat qilishlari, so‘z qo‘shishlari, bayonot bilan so‘zga chiqishlari mumkin.
So‘rovning javobi tinglab bo‘lingach, muhokamaga qo‘yilishi mumkin. So‘rovga berilgan javob yuzasidan qaror qabul qilinadi.
Oliy sudning raisi, Oliy xo‘jalik sudining raisi, Bosh prokuror, surishtiruv va tergov organlarining rahbarlari nomiga kiritilgan deputat so‘rovi ular yuritayotgan aniq ishlar va materiallarga oid bo‘lishi mumkin emas.
99-modda.
Oliy Majlisning sessiyasida bildirilgan yoki majlisda raislik qiluvchiga yozma ravishda taqdim etilgan taklif va mulohazalar Oliy Majlis tomonidan qarab chiqiladi yoki qarab chiqish uchun tegishli davlat organlari yoxud jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslarga yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
100-modda.
Davlat organlari va jamoat birlashmalarining rahbarlari, boshqa mansabdor shaxslar Oliy Majlisga va uning organlariga berilgan ma’lumotlarning to‘g‘ri-noto‘g‘riligi uchun yoki ularni atayin yashirganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tarzda javobgar bo‘ladilar.
(100-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qarori tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
101-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi birinchi sessiyasida o‘z vakolati muddatiga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilini saylaydi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Oliy Majlis deputatlari orasidan saylanadi.
(101-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qaroriga muvofiq kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
XIII BOB. YAKUNLOVChI QOIDALAR
Oldingi tahrirga qarang.
102-modda.
Oliy Majlis, uning organlari va deputatlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar smetasi Oliy Majlisning Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
103-modda.
Oliy Majlis, uning organlari va deputatlarining faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqacha xizmat ko‘rsatish Oliy Majlisning Kotibiyati tomonidan ta’minlanadi.
104-modda.
Oliy Majlisning Kotibiyati to‘g‘risidagi Nizom, Kotibiyatning tuzilishi va shtatlari Oliy Majlisning Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
105-modda.
Deputatlarni ro‘yxatga olish, so‘zga chiqishga yozilish, so‘rovlar, takliflar va tuzatishlar kiritish, ovozlarni sanash va ovoz berish natijalarini aniqlash, shuningdek majlislarning borishi haqida ma’lumotnoma va statistika axborotlarini jamlash hamda tezkorlik bilan berish, ro‘yxatlar va boshqa hujjatlarni tuzish, bosib chiqarish, Oliy Majlis ishidan voqif qilib turish uchun elektron tarmoqdan foydalanish mumkin.
Elektron tarmoq ishini nazorat qiluvchi guruh tarkibiga kirgan deputatlar bu tarmoqni nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan barcha axborotlarni moneliksiz olish huquqiga egadirlar. Ushbu guruhning o‘z tasarrufidagi masalalarga oid qarorlari elektron tarmoqning ishlashini ta’minlab turgan barcha mutaxassislar va xizmatlar uchun majburiydir.
Nazorat qiluvchi guruh yashirin ovoz berish boshlanishidan avval elektron tarmoqning ishlashini tekshirib ko‘rishga haqlidir, bu xususda maxsus bayonnoma tuziladi.
Nazorat qiluvchi guruh deputatlarning nomma-nom ovoz berish natijalari ko‘rsatilgan ro‘yxatlardagi xatoliklarga doir arzlarini qarab chiqadi va ularning qanchalik asosliligini tekshiradi, o‘z ishiga mutaxassis-ekspertlarni jalb etadi.
Ro‘yxatga olish natijalari, so‘zga chiqishga yozilish, deputatlarning so‘rovlari, ovoz berish natijalari hamda majlisning borishiga oid boshqa ma’lumotlar elektron tarmoq kompyuterining xotirasida, shuningdek Oliy Majlisning arxivida magnit tasmasi yozuvlarida saqlanadi.
(101, 102, 103 va 104-moddalarning raqamlanishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 26-maydagi 83-II-sonli Qaroriga muvofiq o‘zgartirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 154-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 97-modda; 2000-y., 5-6-son, 154-modda)