1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.09.00.00 Soliq qonunchiligi / 07.09.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Moliya / Soliqlar (yig‘imlar, bojlar)]
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
“KORXONALAR, BIRLAShMALAR VA TAShKILOTLARDAN OLINADIGAN SOLIQLAR TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNIGA O‘ZGARTIShLAR VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 24-apreldagi 397-I-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksini amalga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga binoan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida soliq tizimini takomillashtirish zarurligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
I. “Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilsin:
1. Muqaddimaning yettinchi va sakkizinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Qonunga muvofiq daromad keltiradigan tadbirkorlik faoliyati va o‘zga faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasining hududida quyidagi soliqlarni to‘laydilar:
korxonalar daromadiga solinadigan soliq;
qo‘shilgan qiymat uchun soliq;
aksiz solig‘i;
korxonalarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
respublikadan tashqariga olib chiqib ketilayotgan xomashyo resurslari va mahsulotlarga solinadigan soliq;
eksport-import solig‘i
jamoa xo‘jaligi a’zolarining mehnatiga haq to‘lash fondiga solinadigan soliq;
Soliq to‘lovlarining summasi O‘zbekiston Respublikasi budjetiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar, Toshkent shahri budjetlariga va boshqa mahalliy budjetlarga har yili kelasi moliyaviy yil uchun budjet tasdiqlanayotganida belgilanadigan normativlar bo‘yicha o‘tkaziladi”.
yuridik shaxs bo‘lgan (2-moddada sanab o‘tilganlardan tashqari) mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar, shuningdek yuridik shaxs bo‘lmagan, lekin mustaqil balansiga hamda bank muassasalarida hisob-kitob schyotiga ega bo‘lgan korxonalar, birlashmalar, tashkilotlarning filiallari, vakolatxonalari va boshqa mustaqil bo‘linmalari;
xo‘jalik hisobida bo‘lmagan, lekin xo‘jalik (tijorat) faoliyatidan daromad oladigan tashkilotlar;
O‘zbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan chet el investitsiyasi ishtirokidagi hamda xo‘jalik hisobi asosida xo‘jalik (tijorat) faoliyatini amalga oshirayotgan korxonalar, ularning shu’balari va filiallari, xalqaro birlashmalar, o‘zga davlatlar hududida joylashgan korxonalarning O‘zbekiston Respublikasi hududidagi filiallari va shu’balari;
xo‘jalik (tijorat) faoliyatini amalga oshirayotgan hukumat tasarrufida bo‘lmagan xalqaro tashkilotlar (birlashmalar);
banklar, sug‘urta idoralari.
Ushbu moddada ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilar bundan buyon “korxonalar” deb ataladi.
2-modda. To‘lovchilarning alohida toifalari
Jamoa xo‘jaliklari, sho‘ro xo‘jaliklari, dehqon (fermer) xo‘jaliklari va o‘zga qishloq xo‘jaligi korxonalari faqat qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan faoliyatdan kelgan daromadlari bo‘yicha, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lgan faoliyatning esa to‘lovchining o‘z tasarrufidagi yer bilan ta’minlanmagan qismi bo‘yicha olingan daromadlar yuzasidan daromad solig‘i to‘lovchi hisoblanadilar. To‘lovchilarning alohida toifalari har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan budjetni tasdiqlash chog‘ida qayta ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
3-modda. Soliq solish obyekti
1. Korxonaning hisobot davridagi yalpi daromadi soliq solish obyekti bo‘ladi.
Soliq solish maqsadlarida korxonaning hisoblab chiqilgan yalpi daromadi mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ni o‘zga moddiy boyliklarni realizatsiya qilishdan kelgan tushum summasidan hamda realizatsiya qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan operatsiyalarning natijasidan iborat bo‘ladi.
2. Ushbu Qonunda mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan kelgan tushum deganda ortib jo‘natilgan mahsulot va bajarilgan ish hamda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘langan schyotlar bo‘yicha summa, shuningdek realizatsiya qilingan mahsulot uchun haq sifatida soliq solinadigan davr tugagunga qadar korxonalarning bankdagi schyotlariga, kassalariga amalda tushgan pul mablag‘lari va boshqa tushumlar tushuniladi, basharti maxsus normativ hujjatlarda o‘zgacha tartib ko‘zda tutilmagan bo‘lsa.
3. Xarid mollari bilan savdo qiluvchi korxonalar uchun soliq solish maqsadlarida realizatsiya (tushum)dan olinadigan daromadlar deganda realizatsiya qilingan tovarlarning sotib olingan va sotilgan qiymati o‘rtasidagi farq tushuniladi.
4. Vositachilik faoliyatidan (komission mukofot sifatida) daromad olayotgan korxonalar uchun soliq undirish maqsadlarida realizatsiyadan olinadigan daromadlar deganda soliq olinadigan davrda amalga oshirilgan barcha bitimlar yuzasidan olingan komission mukofotlar (foizlar) summasi tushuniladi.
5. Realizatsiyaga oid bo‘lmagan operatsiyalarning natijalari deganda mulkni ijaraga topshirishdan kelgan tushumlar, olingan jarimalar va neustoykalar, obligatsiyalardan olingan daromadlar, berilgan ssudalar bo‘yicha olingan foizlar va daromadlarga kiruvchi boshqa tushumlar tushuniladi.
Soliq solish maqsadlarida hisoblab chiqiladigan realizatsiyaga oid bo‘lmagan operatsiyalarning natijalariga aksiyalardan olingan dividendlar va o‘zga korxonalarning ustav fondlariga kiritilgan kapitaldan olingan daromadlar kirmaydi.
6. Ham bevosita ayirboshlash orqali, ham mahsulotni tannarxidan arzonroq bahoda berish orqali tovar ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshiruvchi korxonalar uchun realizatsiya qilishdan olingan daromad deganda bitimning summasi tushuniladi, bu summa xuddi shunday mahsulotni realizatsiya qilishda bitimni amalga oshirish tariqasida qo‘llanilgan bahodan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Bunda qat’iy belgilangan narxlar va tariflar bo‘yicha ishlayotgan korxonalar uchun hisob-kitob bahosi deganda qat’iy belgilangan narx tushuniladi, boshqa har qanday narxlar va tariflar bo‘yicha ishlayotgan korxonalar uchun esa — davlat statistika idoralari tomonidan birjalardagi bitimlar hajmi bo‘yicha taxminan hisoblab chiqilgan o‘rtacha birja narxi tushuniladi.
7. Umumiy vazifalarni hal etish uchun jamlangan badallar, ulushlar va o‘zga aniq maqsadga qaratilgan moliyaviy mablag‘lar ana shu umumiy vazifalarni hal etish uchun maxsus tuzilgan yuridik shaxslarning daromadlariga kirmaydi va ular soliq solish obyekti bo‘lishi mumkin emas. Ushbu yuridik shaxs tijoratdan yoki jamlangan mablag‘ni o‘zgacha tarzda ishlatishdan olgan daromad soliq solish obyekti hisoblanadi.
4-modda. Soliq solish bazasini hisoblab chiqish
Ushbu Qonunga muvofiq soliq to‘lovchi deb hisoblangan korxonalarga soliq solish maqsadlarida moddiy va unga tenglashtirilgan o‘zga harajatlar, shuningdek majburiy to‘lovlar, chunonchi:
qo‘shilgan qiymatga solinadigan soliq, aksizlar, respublikadan tashqariga olib chiqib ketiladigan xomashyo resurslari va mahsulotlarga solinadigan soliqlar, jamoa xo‘jaligi a’zolarining mehnatiga haq to‘lash fondiga solinadigan soliq, yer solig‘i tarzida budjet to‘loviga qo‘shiladigan summalar, umumiy foydalanishdagi yo‘llarni saqlab turish, ta’mirlash va qurish uchun ajratmalar;
O‘zbekiston Respublikasi Pensiya fondiga, O‘zbekiston Respublikasi Aholini ish bilan ta’minlash fondiga, O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy sug‘urta fondiga ajratiladigan summalar, majburiy sug‘urta to‘lovlari summalari, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadigan boshqa majburiy to‘lovlar;
muddati uzaytirilgan va muddati kechiktirilgan ssudalar bo‘yicha foizlar summasidan tashqari bank kreditlari uchun to‘lanadigan foizlar summasi;
belgilangan tartibdagi renta to‘lovlari summasi;
soliq to‘lash davrida hisoblab chiqilgan va realizatsiya qilingan mahsulot tannarxining kalkulyatsiyasida hisobga olingan asosiy ishlab chiqarish fondlarini to‘liq tiklash uchun sarflanadigan amortizatsiya ajratmalarining summasi. Bunda ishlab chiqarishni to‘liq tiklash uchun amortizatsiya ajratmalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan normalarga muvofiq amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan korxonalar, bunday korxonalarning boshqa mamlakatlar yoki respublikalarning hududida O‘zbekiston Respublikasi korxonalari ishtirokida tashkil etilgan shu’ba korxonalari va filiallari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan chet el korxonalari, basharti, xalqaro va respublikalararo shartnomalar hamda amaldagi qonunlarda o‘zga qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, asosiy ishlab chiqarish fondlarini to‘liq tiklash uchun amortizatsiya ajratmalarini respublika korxonalari uchun belgilangan normalar bo‘yicha va tartibda ajratadilar;
ijara to‘lovi (moliya lizingi bo‘yicha hisob-kitob). Bunda asosiy fondlarning hammasini yoki muayyan qismini ijaraga olgan, shu jumladan bu fondlarni mulkdordan sotib olish huquqi bilan ijaraga olgan yoki moliya lizingidan foydalanadigan korxonalar ijaraga olingan asosiy fondlarni to‘la tiklash uchun amortizatsiya ajratmalarini ijara haqiga (moliyaviy lizing bo‘yicha hisob-kitoblarga) qo‘shadilar;
buyum-natura shaklida bo‘lmay, ammo korxonaga daromad keltiruvchi yoki daromad olish uchun sharoit yaratuvchi sotib olinadigan nomoddiy aktivlarning summasi. Nomoddiy aktivlarning tarkibiga: sotib olinadigan patentlar, mualliflik huquqlari, litsenziyalar, “nou-xau”, dasturlarni ta’minlash, o‘z patentlari va savdo markasidan foydalanish qiymati qo‘shiladi. “Nomoddiy aktivlar” moddasi bo‘yicha qilinadigan xarajatlarni amortizatsiya ajratmalari singari yalpi daromaddan chiqarib tashlashga ruxsat etiladi. Chiqarib tashlash tartibi to‘lovchi tomonidan belgilanadi. Bunda amortizatsiya muddati besh yildan oshmasligi kerak;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq nomoddiy aktivlarga bo‘lgan huquqlardan foydalanish bilan bog‘liq barcha turdagi to‘lovlar;
mahsulotlar sertifikatsiyasi, maslahatlar berish, axborot va auditor xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ishlarga haq to‘lashga ketadigan xarajatlar summasi;
yong‘indan saqlash va qorovullik xizmati uchun chet korxonalarga to‘lanadigan haq;
aloqa xizmati va hisoblash markazlari xizmatlari uchun haq to‘lashga ketgan xarajatlar summasi;
amaldagi qonunlarga muvofiq xizmat safarlariga ketgan xarajatlar summasi;
amaldagi normalarga muvofiq vakillik qilish maqsadlariga sarflangan summalar;
reklama uchun ketgan xarajatlar summasi;
korxona soliq solish davri tugashi kuniga qadar amalga oshirgan bo‘lib, realizatsiya qilingan mahsulotlar (xizmatlar) qiymatiga kiritilgan moddiy xarajatlar chiqarib tashlangan holda korxonaning yalpi daromadi soliq solish bazasi sifatida belgilanadi.
Ushbu moddaning 9, 10, 11 va 14-qismlarida ko‘rsatib o‘tilgan xarajatlar xizmatlar uchun belgilangan amaldagi norma va tariflardan oshmaydigan miqdorda soliq solish bazasini (yalpi daromaddan) chiqarib tashlanadi.
Banklarning soliq solish bazasi yuqorida sanab o‘tilgan xarajatlar va majburiy to‘lovlardan tashqari xarajatlar hamda ajratmalarning quyidagi summalariga, chunonchi:
Respublika Davlat bankidan vaqtincha foydalanish uchun olingan kredit resurslari uchun to‘lovlar summasiga;
korxonalarning depozitlari va aholining omonatlari bo‘yicha to‘lanadigan foizlarga;
banklarning rezerv va sug‘urta fondlariga bank ustav fondining 25 foiziga etguncha qilinadigan banklar daromadlarining 20 foizidan iborat bo‘lgan ajratmalar miqdoriga kamaytiriladi. Omonat banki uchun rezerv fondiga ajratma normativi O‘zbekiston Respublikasi Davlat banki tomonidan belgilanadi.
Sug‘urta tashkilotlarining soliq solish bazasi ushbu moddada sanab o‘tilgan xarajatlar va majburiy to‘lovlardan tashqari xarajatlar va ajratmalarning kuyidagi summalariga, chunonchi:
1) qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha berilgan to‘lovlar summasiga;
hisobot yilining oxiriga kelib amal qilishi to‘xtamagan sug‘urta va qayta sug‘urta shartnomalari bo‘yicha to‘lovlar summasiga;
sug‘urta va qayta sug‘urta qilish majburiyatlari bo‘yicha amalga oshirilgan va ustama qo‘yib hisoblab chiqilgan summalarga;
o‘tgan yillarda yuz bergan hodisalar yuzasidan oxiriga yetkazilmagan sug‘urta to‘lovlarining summalarini, shu jumladan da’vo muddati doirasidagi majburiyatlarga;
sug‘urta to‘lash hollari ro‘y berganu, biroq ko‘rilgan ziyon miqdorlari taqdim etilmagan shartnomalar bo‘yicha sug‘urta summasini o‘z ichiga oladigan sug‘urta va qayta sug‘urta qilish operatsiyalari bo‘yicha xarajatlar summalariga;
2) sug‘urta va rezerv fondlariga ajratmalar summasiga;
Sug‘urta va rezerv fondlariga ajratmalar daromad summasidan foizlar tarzida amalga oshiriladi. Ajratmalar foizi sug‘urta tashkiloti tomonidan sug‘urtaning har bir turi uchun tuzilgan sug‘urta shartnomalarining miqdori va amal qilish muddatiga, sug‘urta majburiyatlarining hajmiga sug‘urta ishlaridagi tavakkalchilikning xarakteriga, avval amal qilgan shartnomalar bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lovlarning miqdoriga hamda sug‘urtaning muayyan turidagi va umuman sug‘urta tashkiloti faoliyatida yuzaga keladigan o‘zga alohidaliklarga asoslanib, mavjud litsenziyalarga muvofiq holda belgilanadigan normativlarning jamlamasi bo‘yicha aniqlanadi.
Bunda sug‘urta tashkilotining sug‘urta va rezerv fondlariga ajratmalar miqdori sug‘urta tashkiloti ustav fondining 25 foiziga etgunicha sug‘urta tashkilotlari daromadlarining 20 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak;
3) sug‘urta tashkiloti sug‘urta to‘lashga sabab bo‘ladigan hodisalar yuz berishining oldini olish va bu to‘g‘rida ogohlantirish chora-tadbirlariga (ehtiyot choralariga) sarflaydigan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi.
5-modda. Moddiy xarajatlar
1. Soliq solish bazasini hisoblab chiqish chog‘ida korxonaning moddiy xarajatlariga (ishlab chiqarishning qaysi bosqichida qilinishidan qat’i nazar) to‘langan va realizatsiya qilingan mahsulot tannarxining kalkulyatsiyasida hisobga olingan quyidagi xarajatlar kiradi, chunonchi:
chetdan sotib olinadigan hamda mazkur korxonada ishlov beriladigan, qayta ishlanadigan xomashyo va materiallarga qayta sotish maqsadida sotib olinadigan xomashyo va materiallardan tashqari ketadigan xarajatlar;
korxonaning ishlab chiqarish va xo‘jalik extiyojlari uchun foydalaniladigan materiallar sotib olishga ketadigan xarajatlar;
asosiy fondlarga kirmaydigan asboblar, moslamalar, inventarlar, uskunalar, korjomalar hamda realizatsiya qilingan mahsulot tannarxiga kiritiladigan narxi past hamda tez eyiladigan boshqa ashyolarning eskirishiga ketadigan xarajatlar;
sotib olinib korxonada montaj qilinishi va qo‘shimcha ravishda ishlov berilishi lozim bo‘lgan komplektlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlarga qilinadigan xarajatlar;
chet korxonalar yoki korxonaning o‘z mustaqil balansiga ega bo‘lgan bo‘linmasi tomonidan bajariladigan ishlab chiqarish xarakteridagi ishlar va xizmatlarga ketadigan xarajatlar. O‘z mustaqil balansiga ega bo‘lgan bo‘linma bajaradigan ishlar va ko‘rsatadigan xizmatlar uchun to‘lanadigan haq ana shunday bo‘linmaning daromadlari tarkibiga qo‘shiladi;
texnologiya maqsadlariga, boshqa turdagi energiya hosil qilish, isitish, o‘z transporti uchun foydalanish maqsadida sarflanadigan barcha turdagi yoqilg‘ini chetdan sotib olishga ketadigan harajatlar;
korxonaning ishlab chiqarish va xo‘jalik extiyojlariga sarflanadigan barcha turdagi energiyani sotib olishga, shu jumladan bu energiyani xo‘jalik ichida transformatsiyalash va uzatishga ketadigan harajatlar;
geologiya-razvedka va geologiya qidiruv ishlari;
asosiy ishlab chiqarish fondlarini ta’mirlashning barcha turlarini (joriy, o‘rtacha, tubdan ta’mirlash) o‘tkazish xarajatlari;
erlarni rekultivatsiyalash, shu jumladan chet tashkilotlar tomonidan bajariladigan rekultivatsiya ishlari;
tabiiy xomashyodan foydalanish, ildizi bilan sotiladigan daraxtlar uchun belgilangan limitlar doirasida suv xo‘jaligi tizimidan olinadigan suv uchun to‘lanadigan haq. Bunda tabiiy resurslar uchun boshqa turdagi to‘lovlar, shu jumladan ijara shaklidagi to‘lovlar va jarimalar korxonalarda qoladigan daromad hisobidan amalga oshiriladi;
sotib olinayotgan resurslarning narxiga kiritilmagan idishlar va o‘rash materiallarining qiymati;
mol yetkazib beruvchining kuchi bilan mollarni tashish, yetkazib berish va saqlashga qilinadigan xarajatlar. (Basharti, mollarni tashish, yetkazib berish, shu jumladan ortish-tushirish ishlari, saqlash uchinchi tashkilotlar yoxud pul to‘lovchining o‘z kuchi bilan amalga oshirilsa, molning narxiga qo‘shilmaydi, biroq ishlab chiqarish xarajatlarining tegishli moddalariga kiritiladi).
2. Moddiy resurslarga qilinadigan, mahsulotlarning tannarxiga qo‘shiladigan xarajatlardan qayta tiklanadigan chiqitlarning qiymati chiqarib tashlanadi.
3. Moddiy xarajatlarning kalkulyatsiya qilish paytida tannarxga qo‘shiladigan barcha qolgan moddalari soliq solish bazasini hisoblab chiqish chog‘ida korxona yalpi daromadidan chiqarib tashlanmasligi kerak.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi moddiy xarajatlar va ularga tenglashtirilgan xarajatlar ro‘yxatiga aholini ijtimoiy muhofaza qilish bilan bog‘liq aniqliklarni kiritishga haqli.
6-modda. Soliq stavkalari
4-moddaga muvofiq hisoblab chiqilgan soliq solish bazasiga quyidagi tarzda soliq solinadi:
1) mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalarning daromadlariga, ushbu moddaning 2, 3, 4 va 5-bandlarida sanab o‘tilganlaridan tashqari, 18 foiz stavka bo‘yicha soliq solinadi.
Xalq xo‘jaligining ayrim tarmoqlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan eng kamida 12 foizgacha pasaytirilgan stavkalar va ko‘pi bilan 30 foizgacha oshirilgan stavkalar belgilanishi mumkin;
2) banklar, ularning filiallari va vakolatxonalari, davlat tasarrufida bo‘lmagan tijorat sug‘urta tashkilotlarining daromadlariga 30 foizgacha stavka bo‘yicha soliq belgilanadi. Bank va sug‘urta idoralariga soliq solishning o‘ziga xos jihatlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
3) videosalonlar (video ko‘rsatuvlar), kim oshdi savdolari, kazinolar, pul yutug‘i chiqadigan o‘yin avtomatlari, davlatga qarashli bo‘lmagan idoralar o‘tkazadigan lotereya o‘yinlaridan va ommaviy konsert-tomosha tadbirlari o‘tkazishdan olinadigan daromadlarga 60 foiz stavka bo‘yicha soliq solinadi;
4) chet el kapitalining ulushi ustav fondining 30 foizidan kamni tashkil etgan qo‘shma korxonalarning daromadlariga ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq ustav fondida chet el kapitalining ulushi 30 foizdan ko‘p bo‘lgan korxonalarning, shuningdek chet el korxonalarining, ular filiallarining, vakolatxonalarining va shu’ba korxonalarining daromadlariga esa 10 foiz stavka bo‘yicha soliq solinadi;
Ustav fondida chet el kapitali bo‘lgan qo‘shma korxonalar xorijiy qatnashchilarining daromadlari chet elga o‘tkazilayotganda, basharti, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida o‘zga tartib belgilanmagan bo‘lsa, ularga 15 foiz hajmda soliq solinishi kerak.
Daromadlar chet elga o‘tkazilayotganda soliq to‘lovining summasi o‘tkazilayotgan daromad valyutasida to‘lanadi;
5) ajnabiy yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyatga bog‘liq bo‘lmagan daromadlar olganlarida dividendlardan, foizlardan, mualliflik huquqlari va litsenziyalardan, fraxtdan, ijara to‘lovlaridan hamda manbai O‘zbekiston Respublikasida bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan o‘zga daromadlardan, basharti, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida o‘zga tartib belgilanmagan bo‘lsa, doimiy vakolatxonalar orqali daromadning 20 foizi (fraxtdan olingan daromaddan tashqari) miqdoridagi stavka bo‘yicha soliq to‘laydilar;
6) xalqaro tashish ishlarini amalga oshirganligi uchun ajnabiy yuridik shaxslarga to‘lanadigan fraxt daromadi summasiga 6 foiz stavka bo‘yicha soliq solinadi;
7) korxonaning aksiyalar bo‘yicha olingan dividendlardan tushadigan daromadiga xamda o‘zga korxonalarning ustav fondiga kiritgan kapitaldan olgan boshqa daromadlariga 15 foiz stavka bo‘yicha soliq solinadi.
7-modda. Soliq stavkalarini o‘zgartirish
Soliq stavkalarining miqdori, shuningdek soliq imtiyozlarining tarkibi va bu imtiyozlarni berish tartibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi kelgusi moliyaviy yil uchun budjet tasdiqlanayotganida aniqlik kiritishi mumkin.
8-modda. Soliq to‘lovlarini budjetga o‘tkazish
Soliq to‘lovlarining summasi har yili qonuniy tartibda belgilanadigan normativlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining budjetiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasining budjetiga, viloyatlar, Toshkent shahri va boshqa mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi.
3. Qonunning II bobi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“II BOB. KORXONALAR DAROMADLARIGA SOLINADIGAN SOLIQLAR BO‘YIChA IMTIYoZLAR
9-modda. Soliqdan ozod etish
Quyidagi korxonalar daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladilar:
a) asosiy xodimlarining umumiy sonida:
— nogironlar kamida 50 foiz bo‘lgan;
— o‘rta maktab o‘quvchilari va hunar-texnika bilim yurtining talabalari kamida 75 foiz bo‘lgan korxonalar;
b) protez-ortopediya buyumlari ishlab chiqarishga, nogironlarga protez tayyorlab berishga ixtisoslashgan korxonalar;
v) tarix va madaniyat yodgorliklarini ta’mirlash va tiklash ishlarini amalga oshirishdan daromad oladigan korxonalar;
g) davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalari;
d) belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan nogironlarning jamoat tashkilotlari, ularga qarashli muassasalar, o‘quv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari;
e) Qizil Yarim oy jamiyati, Urush va mehnat faxriylari jamiyati, Afg‘oniston faxriylarining ittifoqi, “Orol”, Ulug‘bek, Navoiy, Oybek, Qodiriy nomidagi jamg‘armalar, rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalarga yordam jamg‘armasi, Xalq diplomatiyasi bosh missiyasi jamg‘armasi, O‘zbekiston madaniyati uyushmasi, Baynalmilalchi jangchilar uyushmasi hamda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan boshqa hayriya jamg‘armalari va uyushmalari va ularning bo‘linmalari hamda yoshlar jamg‘armalari o‘z ustav faoliyatlarini amalga oshirishga qaratiladigan daromadlari bo‘yicha;
j) oliy, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, o‘rta va hunar-texnika bilim yurtlari huzurida yoshlar, kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan tuzilgan korxonalarning talabalar va o‘quvchilar ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilashga qaratiladigan daromadlari;
z) dehqon bozorlarining qurilishga va o‘z moddiy-texnika bazasini kengaytirishga, o‘ziga qarashli mehmonxonalarni rivojlantirishga, obodonlashtirishga, bozorlarni ishlatish xarajatlarini qoplashga qaratiladigan daromadlari;
i) shahar passajir transportining daromadlari (taksidan tashqari);
k) matbuot tarqatish bo‘yicha aholiga xizmat ko‘rsatishdan keladigan daromadlar;
l) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlaridan olingan daromadlar;
m) urush va mehnat veteranlari kengashlari huzurida tuzilgan urush va mehnat veteranlarining korxonalari, birlashmalari va tashkilotlari, basharti, ularda ishlayotganlarning kamida 50 foizini pensiya yoshiga etganlar (pensionerlar) tashkil etsa.
10-modda. Yangi tuzilgan korxonalar uchun imtiyozlar
Yangi tuzilgan korxonalar ishga tushgan (ro‘yxatdan o‘tgan) paytdan boshlab birinchi yili belgilangan stavkaning 25 foizi va ikkinchi yili 50 foizi miqdorida soliq to‘laydilar.
Ushbu imtiyoz avval amal qilib turgan korxonalar, ularning filiallari va tarmoq bo‘linmalari asosida tuzilgan korxonalar uchun, shuningdek korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar huzurida tuzilgan bo‘lib, ulardan ijaraga olingan uskunalar yordamida ishlayotgan korxonalarga taalluqli emas.
Korxona faoliyati uch yillik muddat o‘tmay turib to‘xtatilgan taqdirda soliq summasi uning butun faoliyat davri uchun to‘la miqdorda hisoblanadi.
11-modda. Soliqdan vaqtincha ozod etish
Quyidagilar:
1) patent egasi bo‘lgan korxona shu korxonadagi ixtironi qo‘llashdan oladigan daromadlariga va valyuta tushumlariga — patent amalda bo‘lgan davrda ixtiro qo‘llana boshlagan kundan e’tiboran ikki yil davomida;
2) xorijiy qatnashchining ustav fondidagi ulushi 30 foizdan ortiq bo‘lgan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish va qayta ishlab chiqarishga (uzum vinolari va meva-rezavor vinolar, mast qiluvchi ichimliklar tayyorlashdan tashqari); Xalq iste’moli mollari va binokorlik materiallari ishlab chiqarishga; tibbiyot uskunalar, qishloq xo‘jaligi, yengil va oziq-ovqat sanoati uchun mashinalar va uskunalar ishlab chiqarishga; ikkilamchi xomashyoni va ro‘zg‘or chiqindilarini tayyorlash, qayta ishlashga ixtisoslashgan qo‘shma korxonalar, ularning filiallari va shu’balari ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab ikki yil davomida soliq solishdan ozod etiladilar.
Soliq to‘lashdan ozod etilgan qo‘shma korxona uch yillik muddat o‘tmay turib tugatilgan taqdirda soliq summasi uning butun faoliyat davri uchun to‘la miqdorda undiriladi;
3) dehqon (fermer) xo‘jaliklari va xususiy korxonalar qishloq xo‘jalik mahsulotlarini etishtirish hamda qayta ishlash, Xalq iste’moli mollari chiqarish va binokorlik materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha — ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab dastlabki ikki yil davomida soliq solishdan ozod qilinadi.
12-modda. Soliq solish bazasining kamaytirilishi
Soliq solish bazasi kuyidagi summaga kamaytiriladi:
korxonalar balansida turuvchi sog‘liqni saqlash obyektlari, qariyalar va nogironlar uylari, maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari, bolalarning dam olish lagerlari, madaniyat va sport obyektlari, Xalq ta’limi muassasalari va uy-joy fondini saqlash bo‘yicha mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari tomonidan tasdiqlangan normativlarga muvofiq qilingan xarajatlar summasiga, shuningdek korxonalarning sanab o‘tilgan muassasalarni saqlashda ulushbay asosida ishtirok etganida qilgan xarajatlari summasiga;
oziq-ovqat, binokorlik materiallari, Xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish uchun investitsiyaga, shuningdek investitsiyani amalga oshirish maqsadida olingan kreditlarni to‘lash uchun qilingan xarajatlarning 30 foiziga.
qayd etib o‘tilgan imtiyoz investitsiyani amalga oshirish uchun o‘zlaridagi mavjud amortizatsiya ajratmalarini butunlay ishlatib bo‘lgan korxonalarga beriladi;
aloqa korxonalariga kapital mablag‘ sarflarining korxonalar tasarrufida qoldiriladigan daromadlar qoplamaydigan miqdorini pul bilan ta’minlash uchun berilgan kreditni to‘lash maqsadida foydalanilgan daromad summasiga;
tabiatni qo‘riqlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarishga, yangi texnologiyalar va mahsulot turlarini o‘zlashtirishga qilinayotgan xarajatlarning 30 foiziga;
korxonalar avvalgi yilning tegishli davriga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari, xalq iste’moli buyumlari, bolalar buyumlari, bolalar uchun oziq-ovqat va dori-darmonlar ishlab chiqarish fizik hajmlarini oshirganligi hisobiga olgan daromadning 20 foiziga;
madaniyat, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, jismoniy tarbiya va sport korxonalari, muassasalari va tashkilotlari uchun ekologiya, sog‘lomlashtirish va o‘zga hayriya jamg‘armalariga (basharti, ular ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar bo‘lsa) kiritgan badallar summasiga, lekin soliq solinadigan daromadning ko‘pi bilan 1 foiziga;
belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan diniy va jamoat tashkilotlari hamda birlashmalarining (kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va harakatlardan tashqari), ijodiy uyushmalar, hayriya jamg‘armalarining ana shu tashkilotlar, jamiyatlar, birlashmalar, uyushmalar va jamg‘armalar ustav faoliyatini amalga oshirishga qaratiladigan daromadlaridan qilinadigan ajratmalar summasiga;
O‘zbekiston Respublikasi Grajdan mudofaasining avariyalar, falokatlar va tabiiy ofatlar chog‘ida qutqarish ishlarini olib borish bilan bog‘liq bo‘lgan ixtisoslashgan avariya-qutqaruv bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasini tayyorlashga, jihozlashga qaratiladigan xarajatlarning 30 foiziga;
xodimlarga kasb o‘rgatishga, ularning malakasini oshirishga, stajirovkasiga va o‘smirlar orasida maktabdan tashqari ishlar olib borishga sarflanadigan xarajatlar summasiga;
vaqtli matbuot nashrlari, bolalar nashrlari, o‘quv, kam tirajli (2000 nusxagacha), ilmiy va texnika adabiyoti, kam sonli xalqlar tilida chiqarilgan adabiyotlar va sensor nuqsonlari bor shaxslar uchun nashrlar chiqarishdan keladigan daromadlarning 20 foiziga;
ijtimoiy sohaga mo‘ljallangan obyektlar barpo etuvchi qurilish tashkilotlari daromadining 15 foiziga kamaytiriladi.
13-modda. Ajnabiy sheriklarga imtiyozlar berish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan, ustav fondida chet el kapitali bo‘lgan qo‘shma korxonaning O‘zbekiston Respublikasi tuzgan xalqaro shartnomaga muvofiq taqsimot tartibiga ko‘ra o‘ziga tegishli daromaddan soliq to‘lashdan butunlay yoki qisman ozod bo‘lish huquqiga ega bo‘lgan xorijiy qatnashchisi soliqni kamaytirish yoki bekor qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ariza taqdim etadi. Agar ariza daromad chet elga o‘tkazilganidan keyin berilsa, u daromad o‘tkazilgan kundan boshlab kalendar yili ichida taqdim etilishi lozim. Bir yil muddat o‘tib ketgach berilgan arizalar qarab chiqilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan oladigan daromadidan soliq to‘lashdan butunlay yoki qisman ozod etilish huquqiga ega bo‘lgan ajnabiy yuridik shaxslar ushbu huquqdan mazkur moddaning 1-bandida bayon etilgan tartibda foydalanadilar.
14-modda. Mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralarining imtiyozlar berishi tartibi
Mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari daromadlardan olinadigan soliqlar yuzasidan o‘z hududlaridagi to‘lovchilardan olinadigan va mahalliy budjetlarga o‘tkaziladigan soliq summalari doirasida qo‘shimcha imtiyozlar berishlari mumkin.
15-modda. Davlatning qimmatli qog‘ozlaridan keladigan daromadlarga soliq solish
Davlat obligatsiyalari va davlatning boshqa qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha olinadigan foizlar va dividendlar soliq solishdan ozod qilinadi.
4. Qonunning III bobi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“III BOB. QO‘ShILGAN QIYMATGA SOLINADIGAN SOLIQ
Qo‘shilgan qiymatga solinadigan soliq tovarlarni sotish, ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatish jarayonida yangi hosil qilingan qiymatga asoslangan holda sof daromadning bir qismini budjet daromadiga olib qo‘yishning bir shaklidir.
16-modda. Soliq to‘lovchilar
Mulkchilikning barcha shakllariga kiruvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar, ushbu Qonunning 1-moddasida sanab o‘tilgan ularning mustaqil bo‘linmalari va filiallari soliq to‘lovchilardir, banklar va sug‘urta tashkilotlari bundan istisno.
Tadbirkorlik faoliyatining hamma turlari bilan shug‘ullanadigan va yuridik shaxs bo‘lmagan holda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxslar ham qo‘shilgan qiymatdan soliq to‘lovchilar bo‘ladilar.
17-modda. Soliq solish obyekti
Mahsulot, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlarni realizatsiya qilish oborotlari soliq solish obyektlaridir.
O‘zi ishlab chiqargan tovarlarni ham, chetdan sotib olingan va chetda tayyorlangan tovarlarni ham sotish oborotlariga soliq solinishi kerak.
Quyidagilar ham soliq solish obyektlari bo‘ladi:
korxonaning ichida o‘z iste’moli uchun amalga oshirilib, xarajatlarini mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritmaydigan holda, shu jumladan o‘z xodimlariga tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish oborotlari;
tovarlarni bevosita pul to‘lamasdan boshqa tovarlar (xizmatlar)ga ayirboshlash yo‘li bilan sotish oborotlari;
tovarlarni boshqa korxonalar yoki shaxslarga tekinga berish yoki qisman haq olib berish bo‘yicha oborotlar, budjetda turadigan muassasalarga va boshqa tashkilotlarga hayriya maqsadlarida berish hollari bundan mustasno;
O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni chet el valyutasida realizatsiya qilish oborotlari.
18-modda. Soliq stavkalari
Qo‘shilgan qiymatga soliq 30 foiz stavka bo‘yicha to‘lanadi.
19-modda. Soliq imtiyozlari
Quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadilar:
1) eksport qilinadigan mollar (ishlar, xizmatlar);
2) eksport qilinadigan mollarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali olib o‘tiladigan chet el yuklarini (tranzit yuk tashish) tashish, ortish, tushirish, qayta yuklash yuzasidan ko‘rsatilgan xizmatlar;
3) shahar passajir transporti (taksidan tashqari) ko‘rsatadigan xizmatlar, shuningdek temir yo‘l, avtomobil va daryo transportida shahar atrofi qatnovida yo‘lovchilar tashish yuzasidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
4) chakana savdo umumiy ovqatlanish xizmatlari, tayyorlov, ulgurji hamda ta’minot-sotish korxonalarining xizmatlari;
5) aholiga ko‘rsatiladigan uy-joy kommunal xizmati va uy-joydan foydalanish xizmati (bunga ijara haqi va yotoqxonalarda yashaganlik uchun to‘lanadigan haq ham kiradi);
6) xususiylashtirish tarzida sotib olinadigan mol-mulk qiymati, shuningdek davlat korxonalari negizida tashkil etilgan ijara korxonalari bo‘yicha to‘langan ijara haqi;
7) sug‘urta va qayta sug‘urta yumushlari, shu jumladan sug‘urta bo‘yicha vositachilar va agentlar amalga oshirgan ana shunday yumushlar bilan bog‘liq xizmatlar;
8) ssuda berish va ssuda o‘tkazish;
9) pul jamg‘armalari, joriy schyotlar, pul to‘lovlari, pul o‘tkazish, cheklar va boshqa qimmatli qog‘ozlarga taalluqli yumushlar;
10) qonunga ko‘ra to‘lov vositalari hisoblanmish valyutalar, pullar va banknotlar muomalasiga taalluqli yumushlar, numizmatika maqsadlarida foydalaniladigan valyutalar, pullar va banknotlar bundan mustasno;
11) qimmatli qog‘ozlar: aksiyalar, obligatsiyalar, sertifikatlar, veksellar, cheklar, lotereya biletlari muomalasiga taalluqli yumushlar, qimmatli qog‘ozlar tayyorlash va saqlashga doir yumushlar bundan mustasno;
12) pochta markalari (kolleksiya uchun mo‘ljallanganlaridan tashqari), markasi bor otkritkalar, konvertlar sotish;
13) maxsus vakil qilingan idoralarning ko‘rsatgan xizmati uchun davlat poshlinasi undirib olinadigan ishlari;
14) kazino, o‘yin avtomatlarining oborotlari, otchoparlarda o‘rtaga tikilgan summa yuzasidan yutuqlar;
15) maktabgacha tarbiya muassasalarida bolalar ta’minoti yuzasidan, bemorlar va keksalarni boqish hamda parvarishlash yuzasidan ko‘rsatilgan xizmatlar;
16) dafn byurolari, qabriston va krematoriylarda ko‘rsatiladigan marosim xizmatlari;
17) xalq ta’limi sohasida o‘quv-ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq xizmatlar;
18) haqini bevosita aholining o‘zi to‘laydigan kurslar, to‘garaklar, seksiyalar, studiya yoki darslar;
19) kashfiyot uchun patentlar, mualliflik huquqlari, litsenziyalar berish, berib turish va olish;
20) advokatlar hay’atlari a’zolarining odil sudlov sohasida ko‘rsatadigan xizmatlari;
21) diniy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan rasm-rusm va marosimlar;
22) pensiya va nafaqalar to‘lashga doir aloqa xizmatlari;
23) gidrometerologiya va aerologiya ishlari;
24) geologiya va topografiya ishlari;
25) umumiy foydalanishdagi yo‘llarni ishlatish va ularni ta’mir etish yuzasidan bajarilgan ishlar hajmidan tushgan pul;
26) yakka tartibda kiyim-kechak va poyabzal tikish, ta’mirlash hamda bolalar trikotaj buyumlari tayyorlash va ularni ta’mirlash, kiyim-kechaklarni kimyoviy usulda tozalash bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar, sartaroshlik xizmatlari va hammomlar xizmati;
27) sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish, turistik-ekskursiya xizmatlari, jismoniy-tarbiya va sport muassasalari, pioner lagerlari xizmatlari;
28) protez-ortopediya buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarning mahsuloti va nogironlarga ortopedik protezlash xizmati ko‘rsatish.
Soliq stavkalarining miqdori va soliq imtiyozlari tarkibi har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan kelgusi moliyaviy yil uchun budjetni tasdiqlash vaqtida aniqlashtirilishi mumkin”.
5. Qonunning IV bobi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
IV BOB. AKSIZ SOLIG‘I
20-modda. Soliq solish obyekti
Sotiladigan tovarlarning natura yoki qiymat ifodasidagi hajmi soliq solish obyekti bo‘ladi.
21-modda. Soliq to‘lovchilar
Mulkchilikning barcha shakllariga mansub bo‘lib, aksiz solig‘i solinadigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va sotuvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar soliq to‘lovchilardir.
22-modda. Soliq stavkalari
Aksiz solig‘i solinadigan tovarlar ro‘yxatini, aksiz solig‘i stavkalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
23-modda. Soliq bo‘yicha imtiyozlar
O‘zi ishlab chiqargan mollarni chet ellarga yetkazib berilganda aksiz olinmaydi.
24-modda. Soliq summasini aniqlash va uni to‘lash tartibi
Aksizlarning summasini soliq to‘lovchi sotilgan tovarlar ro‘yxati va hajmi hamda ana shu tovarlar yuzasidan belgilangan aksiz stavkalariga qarab mustaqil belgilaydi”.
6. V bobning 20, 21, 22-moddalari tegishli ravishda 25, 26, 27-moddalar deb hisoblansin.
7. Qonunning VI bobiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
“VI bob. Respublika hududidan tashqariga olib chiqib ketilayotgan xomashyo resurslari va mahsulotga solinadigan soliq”;
2) 23-modda 28-modda deb hisoblansin. Bu modda “resurslarni” so‘zidan keyin “va mahsulotni” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
3) 24-modda 29-modda deb hisoblanib, u quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Respublika hududidan tashqariga olib chiqib ketilayotgan xomashyo resurslari va mahsulotlarga solinadigan soliq mollar ayrim turlari bahosiga qo‘shiladigan hamda sotish chog‘ida qo‘shilgan qiymat solig‘iga qo‘shimcha tarzda iste’molchilardan olinadigan sof daromadning bir qismini olib qo‘yishdan iboratdir”;
4) 25-modda 30-modda deb hisoblansin. Bu modda “resurslarining” degan so‘zdan keyin “va mahsulotlarning” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
8. Qonunning VII bobiga quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
1) 26, 27, 28-moddalar tegishli ravishda 31, 32, 33-moddalar deb hisoblansin. 27-moddadan “jamoa xo‘jaligida ishlaydigan har bir a’zoga bir oyda 160 so‘m hisobidagi” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
2) 29-modda 34-modda deb hisoblansin, shu moddaning ikkinchi qismidan “jamoa xo‘jaligida ishlovchi xar bir a’zo hisobiga 160 so‘m miqdorda” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
9. Qonunning VIII bobi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“VIII BOB. KORXONALARNING MOL-MULKIGA SOLINADIGAN SOLIQ
35-modda. Soliq to‘lovchilar
Mustaqil balansga ega bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan mulkchilikning barcha shakliga mansub yuridik shaxslar korxona mulki uchun soliq to‘lovchilar hisoblanadi.
36-modda. Soliq solish obyekti va soliqni hisoblab chiqarish tartibi
Soliq to‘lovchining qiymatda ifodalangan mol-mulki soliq solish obyekti hisoblanadi. Bu qiymat soliq to‘lovchi buxgalteriya balansi aktivining yakuni sifatida aniqlanib, undan:
asosiy vositalarning eyilishi;
arzon va tez yoyiladigan vositalarning eyilishi;
kapital mablag‘ sarflari va avanslari;
kreditlar va boshqa qarz mablag‘lari;
hisoblar va boshqa passivlar chiqarib tashlanadi.
Soliq solinadigan baza:
soliq to‘lovchining balansida butunlay yoki qisman turadigan uy-joy, kommunal va ijtimoiy-madaniy soha obyektlarining;
tabiatni muhofaza qilish, sanitariya-tozalash va yong‘inga qarshi maqsadlarda foydalaniladigan obyektlarning;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirish, saqlash va seleksiyasi uchun, baliq boqish, ovlash va qayta ishlash uchun foydalaniladigan mol-mulkning;
oziq-ovqat uzatkichlar, yo‘llar (shu jumladan avtomobil yo‘llari), aloqa va elektr uzatish liniyalari, shuningdek ularga tutash yerlarning, ushbu obyektlarni foydalanishga yaroqli holda saqlab turish maqsadlarida ishga tushiriladigan inshootlarning;
korxonalar avtotransport vositalarining;
aloqa yo‘ldoshlarining;
respublika Hukumatining qarorlariga binoan to‘xtatib qo‘yilgan asosiy ishlab chiqarish fondlarining balans qiymatiga kamaytiriladi.
37-modda. Soliq stavkalari
Korxonalarning mol-mulkiga 0,5 foiz stavka bo‘yicha soliq solinadi.
Soliq to‘lovining hisoblab chiqilgan summasi soliq to‘lovchining tasarrufida qolgan daromaddan birinchi navbatda to‘lanadi.
38-modda. Soliq imtiyozlari
1. Korxonalar mol-mulkiga solinadigan soliq quyidagi mol-mulklarga solinmaydi:
a) budjet tashkilotlari va muassasalarining davlat boshqaruvi idoralarining mol-mulkiga;
b) qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini va chorvachilik mahsulotlarini etishtirish, seleksiyalash va saqlash, baliq etishtirish, ovlash va qayta ishlash sohasidagi korxonalarning mol-mulkiga;
v) xalq ta’limi va madaniyat muassasalarining ehtiyojlari uchun ishlatiladigan mol-mulkka;
g) diniy birlashmalar va tashkilotlar, milliy-madaniy markazlarning mol-mulkiga;
d) umuman fuqarolarga mo‘ljallangan uy-joy, kommunal va shahar xo‘jaligidagi o‘zga mol-mulkka;
e) yangi ochilgan korxonalarning mol-mulkiga ro‘yxatga olingan kundan boshlab dastlabki ikki yil davomida;
“e” kichik bandida ko‘rsatilgan soliq imtiyozi tugatilgan (qayta tashkil etilgan korxonalarning, ular filiallari va tarmoq bo‘linmalari asosida tuzilgan korxonalarga, shuningdek korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar huzurida tuzilgan korxonalarga (basharti, ular ana shu korxonalardan ijaraga olingan uskunalar bilan ishlasa) taalluqli emas.
Mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari mol-mulki o‘z hududlarida joylashgan soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha imtiyozlar berishlari mumkin.
39-modda. To‘lovlarni budjetga kiritish
Mol-mulkka solingan soliq mahalliy budjetga kiritiladi”.
10. Qonunning IX bobi chiqarib tashlansin, X va XI boblari esa IX va X boblar deb hisoblansin. Bu moddalardan “oborot solig‘i” degan so‘zlar chiqarib tashlansin, “foyda” degan so‘z esa “daromad” degan so‘z bilan almashtirilsin.
11. Muqaddimaning birinchi va to‘qqizinchi qismlaridagi hamda 43-moddaning 6-bandidagi “Qoraqalpog‘iston ASSR” degan so‘zlar “Qoraqalpog‘iston Respublikasi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 14-yanvar,
521-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 4-son, 177-modda)