1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.05.00 Bank omonati va boshqa depozit operatsiyalari;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.20.00 Jamgʻarma ishi. Bank tomonidan naqd pul berilishi]
[TSZ:
1.Moliya / Pul tizimi. Hisob-kitoblar]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
NAQD PUL MABLAGʻLARINI JALB QILISh VA UNGA BOʻLGAN EHTIYOJNI TAʼMINLASh BORASIDAGI QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qayd etib oʻtilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Banklardagi depozit hisobvaraqlaridan naqd pul mablagʻlarining uzluksiz berilishini taʼminlash kafolatlari toʻgʻrisida” 2005-yil 5-avgustdagi PQ-147-sonli qarorini ijro etish borasida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi hamda tijorat banklarida va ularning filiallarida mijozlarning birinchi talabiga binoan naqd pullarning kafolatlangan va uzluksiz berilishini taʼminlovchi naqd pul mablagʻlari zaxiralarini shakllantirishga oid normativlar belgilandi.
Axborotlarni yigʻish va ularga ishlov berishning elektron tizimini joriy etish asosida tijorat banklari tomonidan naqd pul zaxiralari boʻyicha belgilangan normativlarga rioya qilinishi ustidan kundalik monitoring taʼminlanmoqda. Tijorat banklarining naqd pullarni yetarli miqdorda saqlab turishga oid faoliyatlarini ragʻbatlantirishning iqtisodiy vositalari joriy etildi.
2008-yil 1-mart holatiga koʻra tijorat banklarida shakllantirilgan naqd pul zaxiralari hajmi tasdiqlangan eng kam zaxira miqdoridan 2-martaga koʻpdir, bu esa aholiga va xoʻjalik subyektlariga ularning talabiga binoan naqd pul mablagʻlarini uzluksiz berib borish hamda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash imkonini beradi.
Shu bilan birga joylarda naqd pullarning bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish, chakana savdo va aholiga pulli xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish, belgilangan savdo va naqd pul tushumlarini inkassatsiya qilish qoidalariga qatʼiy rioya etilishi, naqd pul tushumlarining oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda banklar kassalariga kirim qilinishini taʼminlash borasidagi ishlar hali yetarli darajada tashkil etilmagan. Natijada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida, respublikaning qator shahar va tumanlarida banklar kassalariga kelib tushayotgan naqd pullar hajmi ulardagi ish haqi, pensiya va nafaqalar toʻlovi uchun yetarli emas, bu esa naqd pul mablagʻlarini, ularni qayta taqsimlash hisobiga toʻldirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Mijozlarga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatish uchun tijorat banklarining naqd pul mablagʻlariga boʻlgan ehtiyojlarini toʻlaroq qondirish, shuningdek, 2008-yilda pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oʻrtacha 1,5 baravarga oshirish tadbirlari amalga oshirilishi munosabati bilan naqd pul mablagʻlarini bank aylanmasiga qoʻshimcha ravishda jalb qilish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
mijozlarning naqd pulga boʻlgan talablarini taʼminlash uchun tijorat banklari kassalarida naqd pullar yetarliligi boʻyicha doimiy monitoring oʻrnatsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy bosh boshqarmalari orqali tumanlar (shaharlar) oʻrtasida naqd pullarni qayta taqsimlash ishlarini amalga oshirsin;
tijorat banklarini ularning filiallari buyurtmalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi vakillik hisobvaraqlaridagi mablagʻlari doirasida, shu jumladan hisob-kitob-kassa markazlaridagi zaxira jamgʻarmalari va aylanma kassa mablagʻlari hisobidan naqd pul mablagʻlari bilan cheklanmagan miqdorda taʼminlasin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi PF-5684-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Markaziy bank, tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilar boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va ularning amalga oshirilishini taʼminlasin:
naqd pul mablagʻlarining toʻliq tushishi ustidan doimiy monitoringni amalga oshirish, chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida haqiqiy tovar aylanish hajmlarini aniqlagan holda muntazam nazorat tekshiruvlarini oʻtkazish;
naqd tushumlarning, shu jumladan, yuqori likvidli tovarlar, alkogolli va tamaki mahsulotlari savdosidan, aloqa va yoʻlovchi transportida xizmat koʻrsatishdan, kvartira haqi va kommunal toʻlovlardan, berilgan kreditlarning naqd pulda qaytarilishidan tushgan mablagʻlarning oʻz vaqtida va toʻla hajmda banklar kassalariga kelib tushishini taʼminlash;
yuridik shaxslar va yuridik shaxs boʻlmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni naqd pulga ulgurji sotish va plastik kartochkalardan foydalangan holda toʻlovlarni qabul qilishdan qonunga xilof ravishda boʻyin tovlash hollariga yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor bergan holda ularning belgilangan savdo qoidalariga soʻzsiz rioya qilishlarini, nazorat-kassa mashinalaridan va hisob-kitob terminallaridan foydalanishlarini taʼminlash ustidan nazoratni kuchaytirish.
Savdo va naqd pul tushumini banklar kassalariga topshirish, nazorat-kassa mashinalaridan va hisob-kitob terminallaridan foydalanish qoidalarini buzish holatlari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralari koʻrilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda quyidagilar boʻyicha kompleks qoʻshimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirilishini taʼminlasin:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi PF-5684-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)
pul muomalasi holatini chuqur tahlil etish asosida naqd pul mablagʻlarini banklar kassalariga jalb etishning mavjud zaxiralarini aniqlash, viloyatlar, shaharlar va tumanlar boʻyicha kassa aylanmalarining choraklik va oylik prognozlarini sifatli tayyorlash;
inkassatsiya xizmati faoliyatini takomillashtirish;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi PF-5684-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)
aholidan kommunal va boshqa xizmatlar uchun toʻlovlarni qabul qiluvchi oʻz oʻziga xizmat koʻrsatuvchi bank uskunalari (infokioskalar, bankomatlar) tarmogʻini kengaytirish, bank xizmatlariga boʻlgan talab va oʻzini qoplashini hisobga olgan holda maxsus kassalarni tashkil etish.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi PF-5684-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PF-5296-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 06/18/5296/0534-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 27-mart,
PQ-822-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 14-15-son, 97-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 06/18/5296/0534-son; 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)