Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Buxoro shahrining shakllangan tarixiy qismidagi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish va tartibga solish, tarix, madaniyat va meʼmorchilik yodgorliklarini har tomonlama oʻrganish, ommalashtirish va targʻib qilish, oʻzbek xalqining bebaho milliy qadriyatlarini kelgusi avlodlar uchun saqlab qolish, Buxoro shahrining tarixiy qismi yagona kompleks sifatida toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Buxoro shahrining tarixiy qismidagi koʻchmas madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish ilmiy asoslangan tadqiqotlarni, tarixiy hujjatlar va arxiv hujjatlaridan foydalanishni, shahar muhitining tarixiy qadriyatlarini, jamiyatning zamonaviy ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tarixiy markazni rekonstruksiya qilish yuzasidan ishlab chiqilgan maxsus normalar va qoidalarga muvofiq, Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo komissiya bilan kelishgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2. Buxoro viloyati hokimligi (Xusenov) Buxoro shahrining
bosh rejasini roʻyobga chiqarishda:
Buxoro shahrida qurilishlarni shaharni rivojlantirish yuzasidan tasdiqlangan
bosh reja talablariga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirsin;
Buxoro shahrining tarixiy qismida yangi qurilishlarni taqiqlasin;
shakllangan tarixiy muhitni saqlab qolishni hisobga olgan holda shaharning qismini mukammal rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilishini taʼminlasin;
konservatsiya qilish, taʼmirlash, restavratsiya qilish, zamonaviy foydalanish uchun moslashtirish, shuningdek ular bilan bogʻliq ilmiy-tadqiqot, loyihalashtirish va ishlab chiqarish ishlarini oʻz ichiga olgan madaniy meros obyektlarini saqlab qolish chora-tadbirlarini koʻrsin, bunda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuniga hamda Vazirlar Mahkamasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 29-iyuldagi 269-son
qaroriga qatʼiy amal qilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Buxoro shahrining madaniy meros obyektlarini tadqiq etish, konservatsiya qilish, restavratsiya qilish va zamonaviy foydalanish uchun moslashtirish hamda 2020-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirish davlat dasturini 2008-yil 1-noyabrgacha ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda 2008-yil 1-iyulgacha ShNK 2.07.01—03 “Shaharsozlik. Shahar va qishloq aholi yashash punktlari hududlarida qurilishni rivojlantirishni rejalashtirish” qoidalarining aholi yashash punktlarini qurishda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishga oid qismiga belgilangan tartibda qoʻshimchalar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari N. M. Xanov va R. S. Qosimov zimmasiga yuklansin.